Akmal Murod. Badal

0
2552
marta koʻrilgan.

1

– Jamshid, akangni oti kim?

– Anvar (biz tomonlarda otani “aka” ham deyishadi).

– Nerda yashiysan?

– Xorazmda! 

– Inoshu suratda qaysi fasl chizilgʻon? – muallima stol ustida yoyilib yotgan suratlar orasidan “Yoz” tasvirini tanlab koʻrsatdi. Savollarga burro-biyron javob berayotgan bolakay jovdiragan koʻyi enasiga qaradi:

– Javobini bilaman… Hozir… Bilaman javobini. Yodimo tushmiy turipti, – xuddi biron nima esiga keladigandek, koʻzlarini yumdi. Esiga kelmadi, chogʻi, bunday dedi:

– Birinchi harfini oytvaring!

Xonada gur etib kulgi qoʻzgʻaldi.

– Yo…

– Ha-a-a, yodima tushdi. Yoz!

Muallima oʻzini kulgidan arang toʻxtatgach, navbatdagi savolga oʻtdi:

– Gulchiyra opa bor-ku, Jamshid… Qoʻshning ne?

– Hovo. 

– Agar inoshu Gulchiyra opadan bir dona bonka osang va yoʻlda uni sindirib qoʻysang, novi qilish karak? – u javobni intiq kutayotgan kishidek roʻmolini toʻgʻrilab, tutam sochlarini qulogʻi ustidan oshirib, oz-moz koʻmaklashmoqchi boʻldi. Qoʻllarini qovushtirib “uzr… uzr soʻrash…” deb bir-ikki pichirladi ham, Jamshid “ilib” olmadi. “Hov, songo novi boʻldi, uzr soʻrash karak demiysanmi?” qabilida onam ich-ichiga sigʻmay ishoralar qildiyam, ilgʻamadi. Ammo uning dabdurustdan bergan javobi na muallim, na onam kutayotgan javobga oʻxshar, aqalli yonidan oʻtib ham ketmasdi: 

– Gulchiyra opaga singan bonkasini toʻlab berish karak!  

Xoh ishoning, xoh ishonmang – oʻsha kun onamni kulgidan toʻxtatib boʻlmadi. Jamshid daladan pomidor uzib nonga surkayotganda, novvot solib choy ichayotganda, ukalari bilan ayvonda “Laylak uchdi” oʻynayotganda, yonboshlab televizor koʻrayotganda, xullas, nogoh koʻrinib ketsa bas, boyagi holat onamning yodiga tushaverdi. Yodiga tushgani sayin kulgisi kelaverdi. Garchi akalarim, opamlar va singlim voqeani oʻz koʻzi bilan koʻrmagan, bevosita guvohi boʻlmagan boʻlsalar-da, onamizning kulgisi “yuqib”, bu holat borgan sari hammamizga yoqimli tuyuldi. Biroq…

Bu paytda meni koʻproq oʻylantirayotgan narsa oʻsha javob edi – “singan bonkani toʻlab berish kerak”. Bunday fikr yetti yashar bolaning xayoliga qaydan kelib ulgurdi? Axloqiy jihatdan olib qaralsa, uzr soʻramoq oʻrinli, albatta. Odobiy mezon ham shu, aslida. Faqat…

Jamshidning gapida qisman jon borday. Uzr-maʼzurni soatlab kanda qilmang, singan bonkani oʻz shakliga qaytarib boʻlmasligi ravshan. Bitta bonka ekan-ku, shunga shunchami, deyayotgandirsiz balki. Shuginaning narxi ming soʻm, ikki ming, ana boring uch ming turar. Qolaversa, qoʻshni oʻzimizniki. Uzr soʻrasang ham koʻnadi. Ikki ming yoki uch minglik shishavand buyum yon qoʻshni – jon qoʻshnilarning uzoq yillik munosabatlariga putur yetkazmas, har holda.

Bordiyu oʻrtadagi buyumning bahosi biroz qimmatroq boʻlsa (keling, narxini shartli ravishda yuz ming soʻm deylik), uning ham toʻlov-badali shu taxlit kecharmidi? Tasavvur qiling-a, “uzr qoʻshni, bexosdan”, deya vazmin oʻtib borayapmiz?  

Toʻgʻri, bunday holatda uzr soʻramoq aqlli va tadbirli ish. Lekin u ziyon yetgan buyumning oʻrnini qoplamasligi ham yolgʻon emas-ku. Demak, uzr – badal boʻlolmaydi! 

 

2

Tunov kun olgan bir juft etigi mavsumga chidab bersa yuragi yengil tortguvchilar bor. Yoʻqsa, hadeganda yamatib, tiktirib, hali mix qoqtirish uchun etikdoʻz oshnasini bezovta qilguvchilar ham keragicha topiladi.

– Ishingni shu bugun qoʻyatur, – Itolmas eshikdan kira solib doʻstini choʻchitib yubordi. – Etik olmasam boʻlmaydi, joʻra. Qara, tagining yeyilib ketganini. Bilasan-ku, yaxshisini tanlashga qiynalaman. Yuraqol endi!

Ularning birgalikda bozorga borishgani, Itolmas mundayroq etikni tutganida doʻsti “chidamaydi” degandek bosh irgʻagani, yaxshirogʻiga puli yetmayroq turgani, shunda doʻsti pul berib biroz qimmatroq, lekin chidamli etik olishgani haqida uzoq bayon etishning hojati yoʻq. Muhimi, etik olindi.

Olinganda olindi-yu…

Oradan bir oy oʻtar-oʻtmas Itolmas ustaxonaga hovliqib keldi:

– Yodingdami, sen bilan oluvdik? – Itolmas tagi noʻxotdek teshik, suv shimib shalpaygan etikka qoʻlini bigiz qildi. – Qaragin, joʻra. Chidamli devding!

Usta oʻzini oqlay desa, etik bu ahvol. Uzr soʻray desa, roʻparasida yuz-koʻzini bujmaytirib turgan kimsa notanish emas. Qolaversa, uni bugun koʻrayotgani yoʻq, gap talashib oʻsgan doʻsti axir. Yaxshisi, etikni tuzatib bergani durust. Xizmat haqini olmaydi. Shunisi maʼqul. Oʻshanda aybdorlik hissidan ham qutuladi.

Etik yangiday boʻldi. Itolmas ustaxonani tark etdi. Oʻshanda qish tugashiga hali yana ikki oy bor ekani, boz ustiga mart oyida ham izgʻirin tarqamasligi ustaning xayoliga ham kelmadi.  

– Yodingdami, sen bilan oluvdik? – Itolmas charm qismidan qiyilgan etikka koʻrsatkich barmogʻini niqtagancha kirib keldi. Kamiga koʻzlari bilan imlab ham qoʻydi. – Chidamli devding! Bitta baliq oviga ham yaramadi-ku buning!

Muz yorib baliq ovlash. Bitta muz yorish uchun Itolmas necha marta engashadi, bilasizmi? Vey, etiging temirdan boʻlsayam qiyiladi. Birinchi, ikkinchi, uchinchi… engashganida etik yuzasida paydo boʻlgan chiziqlar keyingi choʻkkalashlarda qiyilishgacha yetib borgandi.

Itolmas unutmabdi. Etikni kim bilan olgani (yoʻq, kim tanlab bergani!) yodida ekan. Usta lom-mim demadi. Ming qilsayam, etikni oʻz qoʻllari bilan tanlab bergan-da! Usta bu gal ham hojatbarorlik qildi. Xizmat haqini olmadi.

“Yodingdami, sen bilan oluvdik?” deya Itolmasning ustaxonaga yana ikki-uch marta kelib-ketganini hisobga olmaganda, qish yaxshi oʻtdi. Shunday kunlarning birida…

Itolmas qorasini koʻrsatdi:

– Ishingni qoʻyatur, – yutunib gapirardi u. – Onam “oʻsha qizga uylanasan” deb oyoq tirab olgan, joʻra. Anavi Gulposh-chi, e-ey jin ursin, uni tanimaysan-ku axir. Qisqasi, bir soatdan keyin uchrashuv. Bilasan-ku, joʻra, “tanlash”ga qiynalaman.

Onasi “oʻsha qizga uylanasan” deyotgan boʻlsa, Gulposh yomon qiz emas. Qaytanga, doʻsti bilan borgani yomon! Bordi-yu doʻsti Gulposhga uylanib, er-xotin ikkov gap talashib qolishsa bormi. E yoʻq, shundogʻam bir marta etik tanlashib ogʻzi kuygan. Etikni-ku tikib, yamab, yangilab epaqaga keltirib beruvdi (badal!). Ammo xotin masalasi…

Ustaning yuragi orqaga tortib ketdi. Sochlari toʻzgʻib, yigʻlamsirab turgan Gulposhni bilagidan tutib, sudrab, gʻazabnok holatda soʻkinib borayotgan Itolmas koʻz oliga keldi-yu, doʻstining aynan nima deyishi ustani sovuq terga botirdi:  

– Yodingdami, sen bilan boruvdik?

 

3

– Jaaa-sur, Jaaa-hoon-gir, Yuyul-duz, Diii-loo-bar… Boshlangʻich taʼlim oʻqituvchimiz partalarni oralab, ismlarimizni choʻziq boʻgʻinlab borarkan, har bitta boʻgʻinda yengilroq qarsak chalar, “endi birgalikda” degandek bizni ham undardi.

Oʻshanda hammasi naqadar oddiy edi. Sodda va ravon.

Yoshimiz, sinfimiz oshdi. Mavzular koʻlami ham kengaygandan kengaydi. Fonetika. Unli va undosh tovushlar. Soʻz yasovchi qoʻshimchalar. Mustaqil soʻz turkumlari. Ot. Sifat. Son. Ravish. Feʼl… Tinish belgilari: nuqta, vergul, tire, ikki nuqta, qoʻshtirnoq, eh-he… Darsning shiddati oshgani sayin soʻzlarni boʻgʻinlab oʻqish shunchalar oson koʻrinib ketdi.

– Bugun punktuatsiyaning davomini oʻtamiz, – shunday dedi-yu, ona tili oʻqituvchimiz doskaga mavzuni yozdi: “Koʻp nuqta”.

Soʻngra ustozimiz koʻp nuqtaning gap tarkibida qay oʻrinlarda qoʻllanilishi, deylik, uning mazmunan tugallanmay qolgan gaplar oxirida kelishi, soʻzlovchining cheksiz his-hayajoni, beqiyos tabiat manzaralarini ifodalashi, ogʻzaki nutqda boʻlib-boʻlib yoki duduqlanib aytilgan fikr yozma nutqda koʻp nuqta shaklida aks etishi haqida mulohazalarini bayon etgach, nooʻrin qoʻllanilgan tinish belgilarining badiiy asar mohiyatiga salbiy taʼsiri haqida kuyinib gapirar ekan, taʼkidladi:

– Koʻp nuqta – adabiyotning iffati!

Ochigʻi, bunday fikr (aynan shu shaklda) hech bir darslikda uchramaydi. Ammo ushbu fikrni izohlovchi, uning mohiyati aslida nima ekaniga ishora qiluvchi misollar adabiy xazinamizda juda koʻp.

– Alohida ajratib yozinglar, toki ertaga soʻrasam, nima ekan bu deb lallayib-anqovsirab oʻtirmanglar! – ustozimiz misolni “Alpomish” dostonidan keltirdi:  

“Biylar har kaysilari oʻz toʻshagida, oʻz uylarida xotinlariga qarab: – Kel-chi, – deyapti, boybichalar: – Kun sovuq, qoʻy-chi, – deyapti… Shunda biylar qoʻlini uzatdi, boybichalarning qoʻlidan ushlab, shunday bagʻriga tortdi. Koʻring darveshdi, yoydi qulochdi, biylar bilan boybichalar topishdi…” 

Oʻzbek adabiyotida odob saqlanib, yuksak tavoze bilan yozilgan bu singari xokisor va kamtarin ifodalar bisyor. Bunday oʻrinlarda koʻp nuqta asov koʻngilning jilovi, yurakdan toshib kelayotgan hislarning tarjimoni boʻlishi bilan birga ibo va hayo, or-nomus va iffat misoli.

Desangiz, kitobxonligim tutdi. Doʻkon rastalarini koʻzdan kechirar ekanman, sotuvchi qizga “kutilmagan voqealarga boy asar oʻqigim kelayotgani” haqida aytdim.

– “Sarguzasht adabiyotlar” boʻlimimizga oʻting!

Oʻtdim. Koʻrdim. Kuzatdim. Haqiqatan ham, “kutilmagan” voqealarga boy tuyuldi: “Xazon boʻlgan kelinchak”, “Men va qotil”, “Jahannam poyezdi”…

Ochigʻi, sarguzasht adabiyot deyilganda ustozlar hazrat Navoiyning “Farhod va Shirin” dostoni yoki zamonaviy adabiyotdan “Oʻn besh yoshli kapitan” (Jyul Vern), “Gulliverning sayohatlari” (Jonatan Svift), “Robinzon Kruzo” (Daniel Defo), “Sariq devni minib” (Xudoyberdi Toʻxtaboyev) singari asarlarni oʻqishni tavsiya etishardi. Hay mayli, shunchaki chiqib ketishni oʻzimga ep koʻrmadim. Aqalli bitta kitob sotib olay. Bu rastani toʻldirib turgan kitoblar ham oʻz-oʻzidan paydo boʻlib qolmagan axir. Ularni qoralaguncha mualliflar ozmuncha ter toʻkishganmi?! Mutolaaga oʻtirdim. Oʻqidim-u…

– Mana, Gavharni ham oʻzimniki qilib oldim, bundan buyon u meniki. Lekin ajoyib narsa ekan-da oʻziyam.

…Gavhar tong otib, derazadan xobgohga yorugʻ tushganda oʻziga kelib uygʻondi. Uygʻondi-yu, sapchip turib, deraza oldiga keldi. Keyin qaytib oʻrniga qaradi, oppoq choyshabdagi qizil dogʻlarga koʻzi tushib qoʻrquvdan tosh qotdi… (Nosir Zohid, “Shahar koʻrgan qiz”, 60-bet);

– Sizga haqiqat kerakmi? Rostini aytsam, qoʻrqib ketmaysizmi?.. Men or-nomusi poymol boʻlgan, qornida ikki oylik homilasi bor baxtiqaro bir qizman… siz bilan oʻsha birinchi marta uchrashganimizdayam, undan keyin ikkinchi marta kafeda oʻtirganimizdayam, haqiqatan ham or-nomusli, bokira qiz edim. Ochigʻi, ishonsangiz, oʻshanda men ham sizga koʻngil qoʻygandim. Keyin kutilmaganda… – Gavhar u yogʻini aytmay ovozi boʻgʻildi.

– Zoʻrlashdimi? – Botirning yuragi zardobga toʻldi. – Kim oʻzi u? (Nosir Zohid, “Shahar koʻrgan qiz”, 94-bet).

Xullas, “Sarguzasht adabiyotlar” boʻlimi yuqoridagi kabi “sarguzashtlar”ni boshdan kechirgan qizlar taqdiridan soʻz yurituvchi mundarijaga oʻxshab ketdi. Koʻzimiz bilan koʻrgan hamma gapni aytib boʻlmaganidek, boshdan kechirgan voqealarning hammasini ham tilga keltirish toʻgʻrimikin? Ammo aytish bilan aytishda farq bor. Zotan, hazrat Navoiy deganlaridek, “Soʻzni koʻnglungda pishqormaguncha tilga kelturma, har nakim koʻnglungda boʻlsa tilga surma”.

Qisqasi, badal turli shamoyilga ega boʻlarkan. Jamshidning oʻrnida Sizmi yoki men, kim boʻlmasin, qoʻshnining bonkasini sindirib qoʻysak, uzr soʻrashimiz, toʻlab berishimiz qiyin emas. Bonkani bexosdan boʻlsa ham sindirgan oʻzimiz axir!

Etikdoʻz va Itolmasning oʻrnida kim qanday yoʻl tutadi, har kimning oʻziga ayon. Har holda uning ham badali qimmatga tushmaydi. Biroq…

Sahifalari tobora ochiq sahnalar bilan “boyib” borayotgan, taʼbir joiz boʻlsa, kerakli oʻrinlarda koʻp nuqtalari tushib qolayotgan kitoblar… Endi bu ancha jiddiy masala. Demak, badali ham shunga yarasha!

 

“Hurriyat” gazetasi,

2014 yil 6 avgust

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.