
Istiqlolning ilk kunlaridanoq yoshlarga oid davlat siyosati ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi. Mustaqillik davrida qabul qilingan ilk huquqiy hujjatlardan biri ham aynan “Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari toʻgʻrisida”gi qonundir. 1991 yil 20 noyabrda kuchga kirgan ushbu qonun oʻtgan yillar davomida yosh avlodni har jihatdan barkamol qilib tarbiyalash yoʻlida amalga oshirilgan islohotlarga, yangi qonun va qonunosti hujjatlariga asos boʻldi.
Yaqinda qabul qilingan “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi qonun ana shu islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishi, yanada jadallashtirishi shubhasiz. Bir guruh yoshlar oʻzlari va tengdoshlarining, oʻsib kelayotgan yosh avlodning kelajagiga daxldor ushbu muhim hujjat haqida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar. Bu fikrlarda yurtimiz yoshlarining qarashlari, kayfiyati aks etgan, desak, adashmaymiz.
Rasul Kusherbayev
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari
masalalari qoʻmitasi aʼzosi
Rivojlanish, oʻzgarish bor joyda hech bir mezon takomillashuvsiz turmaydi. Ayniqsa, dunyoda kechayotgan jarayonlarga mos ravishda yurtimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar jarayonida bu masala ustuvor ahamiyatga ega.
Olib borilgan tahliliy oʻrganishlar mamlakatimizda yoshlarga oid sohaning huquqiy asoslarini zamon ruhiga mos holda yanada takomillashtirish zarurligini koʻrsatdi. Oddiy aytganda, qariyb yigirma besh yil ilgari qabul qilingan “Yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari toʻgʻrisida”gi qonunni Oʻzbekistonning bugungi zamonaviy qiyofasiga, keng imkoniyat va sharoitlarda kamol topayotgan yoshlarning hayotiy talab va istaklariga moslashtirish zaruriyati paydo boʻldi.
Yangi tahrirda ishlab chiqilib qabul qilingan “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi qonunda yoshlar boʻyicha davlat siyosatining maqsad va tamoyillari, yoshlarning huquqiy va ijtimoiy muhofazasi, taʼlim olish, iqtidorli yoshlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash kabi masalalar qamrab olindi. Xususan, qonunda yoshlarga oid davlat siyosatining subyektlari sifatida davlat hokimiyati va boshqaruvi idoralari, yoshlar nomidan ularning jamoat birlashmalari faoliyat koʻrsatishi belgilab qoʻyildi. Qonunning 4-moddasi bilan yoshlarga oid davlat siyosatining ochiq va shaffofligi, yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda yoshlarning ishtirok etishi, yoshlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, maʼnaviy, axloqiy va madaniy qadriyatlarning ustuvorligi, yoshlarning kamsitilishiga yoʻl qoʻyilmasligi kabi masalalar asosiy prinsiplar qatorida mustahkamlab qoʻyilgan.
Qonunda “yoshlarga oid davlat siyosati”, “yoshlar (yosh fuqarolar)”, “yosh oila”, “yosh mutaxassis”, “yoshlar tadbirkorligi” tushunchalarining mazmuni ochib berilgan hamda yoshlarning huquq va qonuniy manfaatlari mustahkamlangan. Jumladan, “yoshlar (yosh fuqarolar)” deganda, oʻn toʻrt yoshga toʻlgan va oʻttiz yoshdan oshmagan shaxslar nazarda tutilmoqda. “Yosh oila” deganda, er xotinning ikkisi ham oʻttiz yoshdan oshmagan oila yoxud farzand (bola) tarbiyalab voyaga yetkazayotgan oʻttiz yoshdan oshmagan yolgʻiz otadan yoki yolgʻiz onadan iborat boʻlgan oila, shu jumladan, nikohdan ajralgan beva erkak yoki ayol tushuniladi. Bu oʻz oʻrnida yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi normativ hujjatlarni amalda qoʻllash boʻyicha yagona yondashuvga asos boʻladi.
Eʼtiborli jihati shundaki, qonunning 21-moddasida yoshlar nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqiy maqomi, shuningdek, ular faoliyatining davlat kafolatlari koʻrsatilgan boʻlib, yoshlarning nodavlat notijorat tashkiloti jismoniy yoki yuridik shaxslar tomonidan ixtiyoriylik asosida tashkil etilgan, yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini roʻyobga chiqarishni hamda himoya qilishni, yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirishni asosiy maqsadlaridan biri deb biladigan, oʻzini oʻzi boshqaruvchi tashkilot ekanligi koʻrsatib oʻtilgan.
Shuningdek, qonunning 25-moddasida iqtidorli va isteʼdodli yoshlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash maqsadida ularni taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida, shu jumladan, xorijda oʻqitish, qayta tayyorlash va amaliyotni oʻtash dasturlaridan tanlov asosida foydalanishini taʼminlash kabi koʻplab imtiyozlar oʻz aksini topgan. Bu kelajak egalarining jamiyat hayotida oʻz munosib oʻrinlarini topishi yoʻlida kafolatlab qoʻyilgan yana bir mustahkam huquqiy asos deyish mumkin.
Yana bir muhim jihat, ushbu qonunni qabul qilish jarayonida yoshlar tomonidan qonun loyihasini takomillashtirish boʻyicha 500dan ortiq takliflar kelib tushdi va ularning aksariyati qonunda aks ettirildi.
Bugun hech mubolagʻasiz aytish mumkinki, mamlakatimizning faol yigit-qizlari ishtirokida qabul qilingan ushbu muhim hujjat yoshlarning hech kimdan kam boʻlmagan sharoitda kamol topib, oʻz imkoniyat va salohiyatlarini namoyon etishiga va natijada buyuk ajdodlariga munosib avlod boʻlib kamol topishiga muhim asos boʻlib xizmat qiladi.
Musulmonbek Ibrohimov
“Kamolot” YOIH Markaziy Kengashi matbuot xizmati boʻlimi mutaxassisi
Yurtimizda yoshlarga oid ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi 20 dan ortiq qonun, 30 dan ortiq Prezident farmoni va qarori, Vazirlar Mahkamasining 100 ga yaqin qarori qabul qilingan. Bularning barchasi yoshlarning huquq va erkinliklarini taʼminlash, orzu-umidlarnini roʻyobga chiqarishda huquqiy asos boʻlib xizmat qilmoqda.
Shu yilning 12 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi tomonidan anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan “Istiqlol farzandlari” shiori ostidagi festivalda ishtirok etgan yoshlardan bir guruhi Oʻzbekiston tarixida birinchi marotaba qonun qabul qilinishida kuzatuvchi sifatida bevosita ishtirok etdi. Mazkur qonunning quyi palata tomonidan qabul qilinishiga guvoh boʻlishdi.
“Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi qonunda yoshlarga oid davlat siyosati – davlat tomonidan amalga oshiriladigan hamda yoshlarni ijtimoiy jihatdan shakllantirish va ularning intellektual, ijodiy va boshqa yoʻnalishdagi salohiyatini kamol toptirish uchun shart-sharoitlar yaratilishini nazarda tutadigan ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy va huquqiy chora-tadbirlar tizimi ekani alihida taʼkidlanadi.
Yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini hamda ular uchun ochiq va sifatli taʼlimni taʼminlash, hayoti va sogʻligʻini saqlash, maʼnaviy, intellektual, jismoniy va axloqiy jihatdan kamol topishiga koʻmaklashish, axloqiy negizlarni buzishga olib keladigan xatti-harakatlardan, illatlardan, terrorizm va diniy ekstremizm, separatizm, fundamentalizm, zoʻravonlik va shafqatsizlik gʻoyalaridan himoya qilish kabi bir qator muhim masalalar yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari qilib belgilanganligi qonun bugungi globallashuv jarayonlarini hisobga olib ishlab chiqilganidan dalolat beradi.
Qonunning yana bir muhim jihatlaridan biri 27-moddasida oʻz aksini topgan: “Yoshlarni va yosh oilalarni ijtimoiy himoya qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasida yoshlar ijtimoiy xizmati faoliyat koʻrsatadi”. Bunda yosh fuqarolarga psixologik-pedagogik, yuridik yordam koʻrsatish va maslahatlar berish, imkoniyati cheklangan yosh fuqarolarga, yosh oilalarga ijtimoiy yordam koʻrsatish, taʼlim va mehnat jamoalarida yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashish kabi hayotiy va oʻta muhim masalalar kafolatlanadi.
Oʻn besh yildan buyon faoliyat koʻrsatib kelayotgan va yoshlarning qanotiga aylangan “Kamolot” YOIH mazkur qonunning “Yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda nodavlat notijorat tashkilotlarining ishtirok etishi” hamda “Yoshlarning nodavlat notijorat tashkilotlari” moddalarida nazarda tutilgan va boshqa tegishli moddalarda koʻrsatib oʻtilgan tartibda oʻz ishini olib boradi. Mazkur qonun “Kamolot” YOIHning fuqarolik jamiyatida yanada emin-erkin faoliyat yuritishi, kelajakdagi istiqbolining huquqiy asosi boʻlib xizmat qiladi.
Bir soʻz bilan aytganda, ushbu qonun har bir yoshning yanada faol boʻlishi va iqtidorini namoyon etishiga kuch va ragʻbat beradi.
Yoqutxon Xolbekova
Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori
Men sportning yengil atletika yoʻnalishida 2014 yili xalqaro “Gran-pri” musobaqasida 1-oʻrinni egalladim va Osiyo rekordini yangiladim. Bu, albatta, oʻz-oʻzidan boʻlgani yoʻq. Yetarli sharoit, imkoniyat yaratilgani, yoshlar, xususan, qizlar sportiga katta eʼtibor berilgani samarasi. Jonajon Vatanimiz Oʻzbekiston – imkoniyatlar mamlakati.
Zamonaviy sport zallarida mashgʻulotlarni tamomlab, uyga qaytarkanman, menga hamisha koʻtarinki kayfiyat hamroh boʻladi. Sababi, tinch-osoyishta yurtda yashayman, ota-onam yonimda, oʻqishim, sport bilan shugʻullanishim uchun hamma narsa muhayyo.
Sportchi tengdoshlarim bilan viloyatlarga borganimda zamonaviy sport saroylarini, ularda mashq qilayotgan yosh sportchilarni koʻrib xursand boʻlaman. Eʼtiborlisi, sport bilan oilaviy shugʻullanayotganlar soni kundan-kun koʻpayib boryapti.
Yaqinda qabul qilingan “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi qonunda yoshlar sportiga alohida eʼtibor berilgani tengdoshlarim qatori meni ham behad quvontirdi. Jumladan, 5-moddada “yoshlar sportini ommaviy rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish” masalasiga alohida urgʻu berilgan. 12-moddada esa “yoshlar oʻrtasida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, sogʻlom turmush tarzini shakllantirishga boʻlgan intilishni va sportga qiziqishni ragʻbatlantirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish” taʼkidlangan. Demak, soha yanada rivojlanadi. Jahon va Osiyo chempionlari, Olimpiya oʻyinlari sovrindorlari, xalqaro musobaqalar gʻoliblari soni bundan-da koʻpayadi.
Joʻrabek Jahon
“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi muxbiri, shoir
Fan, madaniyat, sport – qaysi soha boʻlishidan qatʼi nazar, Vatanimiz yoshlari xalqaro miqyosdagi musobaqalarda, fan olimpiadalarida oʻz kuch va bilimlarini namoyish etyapti. Tugʻilib oʻsgan jonajon zaminining dovrugʻini yanada oshirib, elu yurtiga yorugʻ yuz bilan qaytib kelmoqda. Bularning zamirida yoshlarga yaratib berilayotgan shart-sharoitlar, qoʻllab-quvvatlashlar turibdi.
Men ham ana shu beqiyos Vatanning farzandi sifatida tengdoshlarimga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrliklardan bahramandman. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tavsiyasi bilan “Birinchi kitobim” loyihasida “Tuygʻular shaharchasi” nomli sheʼriy toʻplamim katta adadda chop etilib, oʻquv yurtlari va kutubxonalarga bepul tarqatildi. Ushbu loyihada boshqa koʻplab isteʼdodli tengdoshlarimning ham kitoblari nashr etildi. Bu quvonchli voqeadan koʻp oʻtmay jamiyat hayotida faol ishtirok etayotgan yosh oila sifatida “Kamolot” uyidan kvartiraga ham ega boʻldik. Imtiyozli kreditlar asosida berilayotgan bunday uylarda bugun qanchadan-qancha yosh oilalar davlatimizning eʼtibori, gʻamxoʻrligini his etib yashayapti.
“Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi qonun bu boradagi ishlarni yanada jadallashtirishi, takomillashtirishi aniq. Qonunda yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari koʻrsatib oʻtilgan. Ulardan biri yosh oilalarni maʼnaviy va moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, ular uchun munosib uy-joy va ijtimoiy-maishiy sharoitlarni yaratish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar tizimini amalga oshirishdir. Bu yosh avlodning kamol topishi, hayotda munosib oʻrniga ega boʻlishi, yuksak marralarga erishib, yurtimiz taraqqiyotiga hissa qoʻshishiga mustahkam asos boʻlib xizmat qiladi.
Adhamjon Usmonov
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi boʻlim boshligʻi
Yangi qabul qilingan “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi qonunda yoshlar uchun ochiq va sifatli taʼlimni taʼminlash asosiy prinsiplardan biri sifatida belgilangan. Mustaqilligimizning ilk yillaridanoq taʼlim-tarbiya sohasiga katta eʼtibor qaratildi. Kadrlar tayyorlash milliy dasturi ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etildi. Buning natijasi ilm-fanda, iqtisodiy-ijtimoiy sohalarda yaqqol koʻrindi. Turli xalqaro fan olimpiadalarida oltin medallarni qoʻlga kiritayotgan yoshlar oʻzbek ilm-fani bugun ham jadal taraqqiy etayotganini butun dunyoga namoyish qilib kelmoqda.
Taʼlim sohasidagi islohotlar, gʻamxoʻrliklardan koʻpsonli tengdoshlarim qatori men ham bahramand boʻlganman. Universitetda bakalavr bosqichini tugatayotib Navoiy nomidagi Davlat stipendiyasi sohibi boʻldim, soʻng magistraturada davlat granti asosida oʻqidim. Keyinroq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomladim. Erishgan muvaffaqiyatlarimga eng avvalo tugʻilib-oʻsgan qishlogʻimda, keyinroq tumanda olgan bilimlarim asos boʻlgan. Aytmoqchimanki, sohaga berilgan eʼtibor va islohotlar sabab chekka qishloqlarda ham taʼlim darajasi koʻtarildi, oʻqituvchi va oʻquvchilarning bilim-saviyasi oshdi.
Qonunning bir necha moddalari yoshlarning bilim olishi, salohiyatini namoyon etishi, mehnat qilishi uchun kerakli shart-sharoitlar, imkoniyatlar yaratish, ularga imtiyozlar berish masalasiga qaratilgan. Demak, bu boradagi islohotlar yanada chuqurlashtiriladi, yoshlarga yanada keng yoʻl ochiladi.
Orifjon Madvaliyev tayyorladi.
“Yoshlik” jurnalining 2016 yil 9-sonida chop etilgan.