“Shoir oʻldi” demang…

0
2584
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripov xotirasiga

 

“Shoir oʻldi” demang – yashaydi shoir,

Bezavol, shirali qoʻshiqlarida.

“Shoir oʻldi” demang – yashnaydi shoir

Birinchi muhabbat koʻshklarida.

 

“Shoir oʻldi” demang – yozar qasdma-qasd,

Uni yengolmaydi yillar armoni.

“Shoir oʻldi” demang – mitti yulduzmas,

Charogʻon yulduzday porlar har oni.

 

“Shoir oʻldi” demang – to bordir oʻzbek,

Tilida, dilida yangraydi sasi.

“Shoir oʻldi” demang – quyoshli soʻzdek

Muzlarni eritgay oʻtligʻ nafasi.

 

“Shoir oʻldi” demang – boʻy berar har yil

Dehqonning koʻklamgi, kuzgi oʻyida.

“Shoir oʻldi” demang – davrada u, dil

Piyoladay toʻlsa elning toʻyida.

 

“Shoir oʻldi” demang – visol chogʻlari

Sirlashgan qalblarning shavqiga sherik.

“Shoir oʻldi” demang – hijron dogʻlarin

Davolab yurguvchi tabib u – tirik!

 

“Shoir oʻldi” demang – urar yuragi

Yurtning bosh, ulugʻvor taronasida.

“Shoir oʻldi” demang – koʻchib yuradi

Millatning sheʼrsevar har onasida…

 

“Shoir oʻldi” demang – uygʻoq, sarosar

Koʻngildan jannatga yoʻl soldi shoir.

“Shoir oʻldi” demang – doʻzax, arosat

Yukini yelkalab, yuksaldi shoir.

 

“Shoir oʻldi” demang – shikasta rozi

Siniqdil koʻzida silqir yosh boʻlib.

“Shoir oʻldi” demang – sobit ovozi

Hasadgoʻy koʻksiga botar tosh boʻlib.

 

“Shoir oʻldi” demang – bir umr mayda

Gʻiybatlardan bezib, choʻchib oʻtdi u.

“Shoir oʻldi” demang – chorlashgan paytda

Ulugʻlar yoniga koʻchib oʻtdi u.

 

“Shoir oʻldi” demang – Baqo qasriga

Muhtasham, qutlugʻ bir yalov – tugʻ ildi.

“Shoir oʻldi” demang! Shoir, aslida,

Oʻlmaydigan boʻlib qayta tugʻildi!

 

 

Nodir Jonuzoq

2016 yil 7 noyabr

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.