Notanish doʻstim

0
2774
marta koʻrilgan.

hikoya

 

U kirib kelguncha, chekuvchilar uchun moʻljallangan kupeda yolgʻiz oʻzim oʻtirgandim. Moʻynali uzun palto kiygan, ellik dollarlik chamadon koʻtarib olgan edi. Qoʻlidagi chamadonini oʻrindiqqa qoʻyganidan soʻng menga koʻzi tushdi.

– Xoʻsh, xoʻsh, xoʻsh! – dedi u va xuddi bir nimani eslagandek yuzi charaqlab ketdi.

– Xoʻsh, xoʻsh, – takrorladim men.

– Yo Parvardigor, – dedi u, qoʻlimni qattiq siqib silkitarkan, – seni yana uchrataman deb kim oʻylabdi deysan.

“Chindan ham, kim?” – oʻyladim men ham. U menga yanada diqqat bilan tikildi.

– Zarracha ham oʻzgarmabsan, – dedi u shundan soʻng.

– Sen ham, – javob berdim men chin dildan.

– Sal toʻlishibsan, – dedi u tanqid ohangida.

– Ha, salgina, – tasdiqladim men, – biroq sen ham ozmabsan.

Men bu gapni ortiqcha taʼnadan qutulish uchun aytdim.

– Umuman olganda, – davom etdim men dadil va qatʼiy ohangda, – koʻrinishing oʻsha-oʻsha, xuddi oldingidek.

Lekin bu odamning kimligini bilolmay boshim qotardi. Men uni umuman tanimasdim. Zarracha ham eslolmayman. Bu bilan xotiram pand beryapti demoqchi emasman. Aksincha, xotiram juda yaxshi. Toʻgʻri, odamlarning ismini eslashim qiyin. Baʼzan shunday ham boʻladiki, kimlarningdir yuz tuzilishini eslolmayman, gohida ularning tashqi koʻrinishi, qanday kiyimdaligini unutib qoʻyaman. Biroq, bu mayda-chuyda kamchiliklarimga qaramasdan men hech qachon, hech kimni butunlay unutib yubormayman va bu bilan faxrlanaman. Agar men qachondir kimningdir ismi yoki yuz tuzilishini unutib qoʻysam, bunday vaziyatda oʻzimni qanday qoʻlga olishni yaxshi bilaman. Bunday hollarda odamdan faqatgina sovuqqonlik, topqirlik talab qilinadi. Shundagina hammasi gʻoyat silliq kechadi.

Qadrdonim oʻrindiqqa joylashib oldi.

– Ancha paytdan beri koʻrishmadik, – dedi u.

– Toʻgʻri, ancha boʻldi, – takrorladim men tushkun ohangda. Bu ayriliqdan men ham qiynalayotganimni u ham bilishini istaganim uchun shunday qildim.

– Vaqt juda ham tez oʻtib ketdi.

– Ha, xuddi chaqin kabi, – tez qoʻshib qoʻydim men xushchaqchaqlik bilan.

– Qiziq, – dedi u, – umr shunchalar tez oʻtib ketarkan, hayot yoʻllarimizda doʻstlarimizni yoʻqotarkanmiz, dunyo umuman boshqacha tusga kirarkan. Men bu haqda juda koʻp oʻylayman. Baʼzida bir narsadan juda ajablanaman, – davom etdi u, – bizning eski kompaniyamiz qayoqqa tarqab ketdi?

– Meni ham xuddi shu narsa oʻylantiradi, – dedim men. Xaqiqatan ham, ayni paytda shu haqda bosh qotirardim. Agar kimdir toʻsatdan “eski kompaniyamiz”, “bizning yigitlar” yoki “olomon” haqida eslab qolgudek boʻlsa, men hamisha vaziyatdan chiqib ketish yoʻlini topardim. Shu orqali oʻsha odamning kimligini bilib olish imkoniyati paydo boʻlardi.

– Eski joyimizga hech qaytib bordingmi? – soʻradi u.

– Biron marta ham bormadim, – dedim men qatʼiy ishonch bilan. Shunaqa javob berishim juda shart edi. Men ana shu “eski joy”ni to men uning qayerdaligini eslamagunimcha, suhbatimizga yoʻlatmaslikni xohlardim.

– Eʼtiboring uchun, – davom ettirdi u, aslida bu istakning oʻzi senda boʻlmagan.

– Ha, shunday, – deb javob berdim men sekingina.

– Tushundim. Kechirasan, – dedi u va biz bir muddat jim qoldik.

Shunday qilib men birinchi ochkoni qoʻlga kiritdim. Tushundimki, men borishni unchalik ham xohlamayotgan oʻsha “eski joy” qayerdadir bor. Bu qanaqadir bino boʻlsa kerak.

Koʻp oʻtmay u yana gap boshladi.

– Ha, – dedi u, – baʼzan eski yigitlar bilan koʻrishib qolaman va ular ayni paytda sen nimalar bilan bandliging haqida qiziqishadi.

“Bechoralar” – oʻyladim men, biroq buni ovoz chiqarib aytmadim.

Shu yerda men qatʼiy zarba berish fursati yetganligini tushundim. Shunga oʻxshash vaziyatlarda foydalanadigan uslubimni qoʻlladim. Qoʻrqmasdan raqibimga nisbatan hujumga oʻtdim.

– Ayt-chi, – dedim men, – Billi qayerda? Sen u haqida biron narsa bilmaysanmi?

Bu eng xatarsiz yoʻl edi. Chunki har bir eski toʻdada Billi boʻlishi aniq.

– Albatta, – deb javob berdi mening qadrdonim, – boʻlmasam-chi, Billi ayni paytda Montanadagi dala hovlisida. Men uni shu yil bahorda Chikagoda koʻrgandim. U taxminan 200 funtga egalik qiladi, sen uni tanimagan boʻlarding.

– Albatta, taniyolmagan boʻlardim, – mingʻirlab qoʻydim men oʻz oʻzimga. – Pit-chi, u qayerda? – soʻradim men. Chunki Pit ismlilar hamma joyda uchraydi.

– Billining akasini aytyapsanmi? – dedi u.

– Ha, ha, Billining akasi Pitni, men uni tez tez eslab turaman.

– O-o-o, – javob berdi notanish kishi, – Keksa Pit oldingidaymas, u mutlaqo oʻzgargan…

Shu yerga kelganida u qiqirlab kula boshladi…

– Hozir u oilali, uylangan.

– Men bir necha bor senga xat ham yozmoqchi boʻldim, – dedi u ovozini pasaytirib maxfiy ohangda, – ayniqsa, sening boshingga tushgan yoʻqotish haqida eshitganimdan soʻng.

Men jim boʻlib qoldim. Men nimani yoʻqotdim? Pulmi? Agar shunday boʻlsa, qancha miqdorda? Nimaga yoʻqotdim? Qiziq, bu yoʻqotish meni butunlay xonavayron qildimi yoki qismanmi?

– Bunaqa yoʻqotishdan keyin odam oʻzini hech qachon oʻnglab ololmaydi, – davom etdi u tantanavor ohangda.

Shubhasiz, men butunlay tamom boʻlibman. Biroq men hech narsa demadim, jim turib uning shijoati pasayishini kutdim.

– Ha, – davom etdi notanish kimsa, – Oʻlim ogʻir judolik.

Oʻlim! Oh, hali shunaqamidi, shunaqamidi? Men quvonganimdan sakrab yuboray dedim. Endi buyogʻi xamirdan qil sugʻurgandek silliq ketadi. Suhbat oʻz iziga tushdi. Endi faqat to kim oʻlganligini aniqlaguncha jim oʻtirib kutish lozim.

– Toʻgʻri, – mingʻirladim men, – judayam ogʻir, albatta. Lekin bu – hayot, qoʻlimizdan nima ham kelardi…

– Toʻgʻri aytasan, ayniqsa bunaqa yoshda.

– Sen haqsan, bunaqa yoshda va bunaqangi hayotdan soʻng…

– To soʻnggi daqiqagacha sogʻlom va shijoat bilan, nazarimda… – davom etdi u hamdardlik bilan.

– Ha, – dedim men, – to soʻnggi nafasigacha birovga ogʻirligi tushmadi. Oʻz oʻzini idora qila oldi. Oʻrnidan turib-oʻtirib sigaret chekardi.

– Nima? – soʻradi u taajjub bilan. – Buvingni aytyapsanmi?

Buvim! Mana gap qayoqda ekan!

– Kechirasan, – dedim oʻz ahmoqligimdan uyalib. – Chekadi, deganimda uning sigaret tutunini yaxshi koʻrishini nazarda tutgandim. Bilasanmi, u yana nimani yaxshi koʻrardi, kimdir uning yonida oʻtirib sigaret chekishini va ovoz chiqarib kitob oʻqishini. Faqat ana shu bilangina u tinchlanardi.

Bu gapni aytayotib men poyezdning pishqirib, taqa-taqlab yurib signal chalganini va tezlikni pasaytirayotganini eshitdim, biz navbatdagi stansiyada toʻxtashga hozirlik koʻrayotgan edik.

Sherigim shoshilgancha oynadan tashqariga qaradi.

Uning yuzida hayajon aks etardi.

– Oh, xudoyim-yey! – dedi u. – Axir, bu umuman boshqa stansiya-ku. Men oʻtib ketibman. Men bundan oldingisida tushib qolishim kerak edi. Ey, provodnik! – baqirdi u koridorga chiqib:

– Bu yerda qancha turamiz?

– Ikki daqiqa, – javob berdi u. – Poyezd ozgina kechikib keldi, manzilga oʻz vaqtida yetib olishimiz uchun tezroq joʻnashimiz kerak.

Endi mening doʻstim chamadoni oldiga keldi, choʻntagidan bir dasta kalitni chiqardi va goh u-goh bu kalit bilan uni ochishga urina boshladi.

– Telegramma berishga toʻgʻri keladiganga oʻxshaydi. Nima qilishga ham hayronman, – toʻngʻilladi u. – Padariga ming laʼnat bu qulfning. Hamma pullarim shu chamadonda edi.

Endi men uning bu stansiyadan ham oʻtib ketib qolishidan xavotirlana boshladim.

– Ol, – dedim men choʻntagimdan bir oz pul chiqarib, qulfni ochaman deb oʻzingni qiynab yurma.

– Rahmat, – dedi u qoʻlimdan bor pulimni sidirib olayotib (u qattiq hayajonda edi), – Faqat ulgursam boʻldi.

U vagondan sakrab tushdi. Men oynadan uning kutish zali boʻylab ketib borayotganini koʻrib turardim. U sira ham shoshilmayotgandek tuyuldi. Men kuta boshladim.

Provodnik baqira boshladi:

– Vagonga! Vagonga!

Uchinchi marta signal chalingach, vishillab bugʻ chiqargancha poyezd joyidan siljidi.

“Ahmoq!” – oʻyladim men. Kechikdi! Oʻrindiqda esa uning ellik dollarlik chamadoni yotardi.

Men anchagacha kutdim, har zamonda derazadan ortga qarab-qarab qoʻyarkanman oʻsha kimsaning kimligiga qiziqardim.

Toʻsatdan men yana provodnikning ovozini eshitdim. Menimcha, u koridor boʻylab kimnidir yetaklab yurardi.

– Men hamma vagonlarni qarab chiqdim, janob, – dedi u.

Men uni anavi yerda, xotinim oʻtirgan kupeda qoldirgandim, dedi jahldor ovoz bilan kimdir va yaxshi kiyingan odam men oʻtirgan kupega bosh suqdi.

Keyin uning yuzi xursandchilikdan yorishib ketdi. Lekin bu tabassum menga atalmagandi. U ellik dollarlik chamadon uchun edi.

– Eh, mana-ku, bu yerda ekan, – baqirdi u chamadonni koʻtarayotib.

Men esa dahshatdan oʻzimni divanga otdim. Eski kompaniya! Pitning uylanishi! Buvimning oʻlimi! Yo Tangrim! Mening pullarim! Endi hammasi kundek ravshan.

Ahmoq!

Yoʻq, agar yana bir marta yoʻl-yoʻlakay tasodifiy odamlar bilan suhbatlashishga toʻgʻri kelib qolsa, oʻzimni haddan tashqari aqlli qilib koʻrsatishga umuman harakat qilmayman.

 

Ingliz tilidan Madina Allaberganova tarjimasi

 

Stiven Likok

(1869–1944)

Kanadalik yozuvchi va iqtisodchi. Absurd, hajv va satira yoʻnalishidagi asarlari bilan mashhur boʻlgan. Ilk toʻplami – “Literary Lapses” (“Adabiy dogʻlar, 1910). Umri davomida 61 ta kitobi nashr etilgan. Asarlari bir necha tillarga tarjima qilingan. 1946 yili Kanadada eng yaxshi hajviy asarlar uchun Likok nomidagi mukofot taʼsis etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.