Yurtga muhabbat ramzi

0
2672
marta koʻrilgan.

2016 yil 15 fevral kuni Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan mustaqilligimizning 25 yilligiga bagʻishlangan va “Akademnashr” nashriyotida chop etilgan, yosh ijodkorlarning Vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻulari ifodalangan publitsistik maqolalaridan iborat “Seni yaxshi koʻramiz, Oʻzbekiston!” kitobining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida tashkil etilgan marosimda taniqli shoir va yozuvchilar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar ishtirok etdi.

– Adabiyotga publitsistika, xususan, badiiy publitsistika orqali kirib kelgan mashhur shoir va adiblar juda koʻp, – dedi marosimni kirish soʻzi bilan ochib bergan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Xalq yozuvchisi Muhammad Ali. – Buning foydali jihatlari shundaki, ijodkor biror gazeta yoki jurnalga maqola tayyorlash uchun hamisha xalq bilan, omma bilan, jamiyat bilan hamnafas boʻladi. Ularning quvonchu tashvishlariga sheriklik asnosida goʻzal publitsistik asarlar dunyoga keladi. Kitobni nashrga tayyorlash jarayonida men navqiron ijodkorlarimizning mana shunday ruhda qalam tebratganliklarining guvohi boʻldim. Har bir maqola va ocherkda mualliflarning oʻz aytar soʻzi borligini his qildim.

Taniqli adabiyotshunos olim Suvon Meli mazkur toʻplam kitobxonlikka, adabiyotga yuksak eʼtibor qaratilayotgan ayni kunlarda oʻquvchilar uchun katta tuhfa boʻlganini taʼkidladi.

– Ushbu kitob mualliflari timsolida adabiyotimizning ertasini koʻraman, – dedi u yoshlarga samimiy tilaklarini bildirar ekan. – Biroq bu soʻzimni yoshlarimiz aslo maqtov yoki shunchaki lutf oʻrnida qabul qilmasliklarini soʻrardim. Chunki xudo bergan isteʼdodni oʻqish-izlanish, mutolaa bilan charxlab bormas ekan, qoʻlida qalami bor odam bir joyda debsinib qolishi hech gap emas. Umid qilamanki, ular ijoddan ham, bilim olishdan ham aslo toʻxtab qolishmaydi.

“Yoshlik” jurnali bosh muharriri Nodir Jonuzoq, badiiy asarning oʻqishliligi uning janriga emas, qanday yozilganiga bogʻliq ekanini taʼkidladi.

– Biz sheʼrni yaxshi koʻramiz, u his-tuygʻularimizga koʻproq taʼsir etadi, deb oʻylaymiz. Nasrda bitilgan asarlarni sevib mutolaa qilamiz, ularda ham koʻngil torlarini chertadigan jihatlar koʻp boʻladi. Lekin negadir, publitsistik asarlarni bu xususiyatlardan yiroq deb hisoblaydigan oʻquvchilar ham yoʻq emas. Ishonchim komilki, muallifning yurak urishi sezilib turgan badiiy publitsistik maqolalarning na sheʼriy, na adabiy-nasriy asarlardan qolishadigan joyi yoʻq. Shu maʼnoda Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan nashr etilgan ushbu kitob albatta oʻquchilarini topadi, deb oʻylayman.

Tadbirda tengdoshlarimiz ham oʻz fikr-mulohalarini bildirdi.

 

 

Elmurod Nishonov

 

Suratlarni Rustam Nazarmat olgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.