
BIR OʻLKAKI, TUPROGʻIDA OLTIN GULLAYDI!..
Mustaqillik har bir yurtdoshimiz hayotida oʻzgacha oʻrin tutadi. Istalgan kishi bilan suhbatlashib koʻring, u oʻz hayoti misolida shunday taʼriflab beradiki, mustaqillik hammadan koʻra shu inson uchun qadrli ekan-da, degan xulosaga kelasiz.
«Oʻzbekiston» teleradiokanali «Ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy dasturlar» bosh muharririyati rejissyori Joʻrabek Hamroyev bilan suhbatlashib, biz ham shunday fikrga bordik. Keling, doimo kadr ortida mehnat qiladigan rejissyor akamizga «mikrofon»ni tutqazsak-da, u kishini «efir»ga olib chiqsak. Nima deysiz?..
«Charli Chaplin» men boʻlganman…
–; Qarshi shahridagi Arabxona mahallasida tugʻilib katta boʻlganman. Otam parrandachilik fabrikasida qorovul edi. Onam uy bekasi, koʻrib turganingidek, uyimizda hech kimning sanʼatga aloqasi yoʻq. Shunday oiladan ashulachi chiqishi odamlar uchun qiziq koʻringan boʻlsa kerak. Lekin men iloji boricha ularni qoyil qoldirgim kelardi. Bolalik-da. U-bu narsalarni xirgoyi qilishimni eshitgan ota-onam meni shahardagi 1-musiqa maktabiga berishgan. Shu tariqa sanʼat olamiga kirib keldim, –; hikoyasini boshlaydi Joʻrabek Hamroyev. Qiziq, u kishini rejissyor sifatida bilardik. U boʻlsa soʻzni qoʻshiqchilikdan boshladi. Aslida-ku, bugun kimdir: «Men ham qoʻshiq kuylayman, asli qoʻshiqchiman» desa ajablanadigan zamon emas. Zero, bu sohada oʻzini sinab koʻrmagan kasb egalari kam hozir. Hayratlanganimizni payqagan rejissyor shunday davom etdi: –; Sanʼat dargohi keng, unda istagan odam oʻz imkoniyatlarini sinab koʻrishi mumkin. Lekin menda chindan ham xonandalikka iqtidor bor edi, deb oʻylayman. 1988 yili Samarqandda va bir yildan soʻng Surxondaryoda boʻlib oʻtgan «Sanʼat gʻunchalari» respublika tanlovlarida birinchi oʻrinni olishim meni bu sohaga yanada bogʻlab qoʻygan. Ammo oradan yillar oʻtib, televideniye meni oʻziga jalb etdi. Toshkent davlat madaniyat instituti ommaviy bayramlar rejissyorligi fakultetida tahsil olish mobaynida «Otalar soʻzi –; aqlning koʻzi», «Talabalik yillarim», «Maslahat» kabi koʻplab koʻrsatuvlarda turli rollarni ijro etib yurdim. Ha, aytganday, oʻsha yillari Yangi yil bayram dasturlarida chiqadigan «Charli Chaplin» esingizdami? Oʻsha men edim. Oz emas, koʻp emas, yetti yil shu obrazda chiqish qilganman. Lekin aktyorlikka daʼvo qilmasdim. Bu ishning ham haqiqiy ustalari borligiga aqlim yetardi.
Shahrimga ketaman…
–; 1997 yil oʻqishni tamomlash arafasida institut rahbarlari bitiruvchilar bilan alohida-alohida gaplashib chiqdi. Menga kelganda soʻrashdi: «Yigit, qayerda ishlamoqchisiz?» Yashirmayman, talabalikning ilk yillarida koʻrgan qiyinchiliklarim haliyam esimda edi va oʻqishni bitira solib, uyimga ketaman, deb oʻzimga soʻz bergan edim. Yotoqxonalar bir ahvolda, oshxonada oʻnlab talabalar ovqat qilish uchun navbatda turishardi desam, hozir farzandlarimga erish tuyuladi. Ularning tengdoshlari ming shukrki, hamma sharoitlarga ega talabalar turarjoylarida yashashadi. Non, oziq-ovqat mahsulotlari taqchil, ogʻir sharoitlarda tahsil olgan avlodni bilaman. Biz ham oʻshanday holatlar oʻzining soʻnggi umrini yashayotgan davrda oʻqishga kirganmiz… Xullas, mendan kelajagim haqida soʻrashdi va men oʻylanib oʻtirmay, Qarshiga ketaman, bu yerda qolmayman, deb javob berdim. Shunda ustozlarimiz biroz oʻylanib qolishdi va seni respublika televideniyesiga tavsiya qilmoqchi edik, deyishdi. Bu gap meni oʻylantirib qoʻydi. Axir, shunday imkoniyatni boy bersam, bu men uchun katta armon boʻlib qolishini ham bilardim-da…
Yosh rejissyorni «Oʻzbekiston» telekanalida yomon kutib olishmaydi-yu, har joyning tosh-tarozisi bor, deganlaridek, «yigitcha»ni sinovdan oʻtkazishga qaror qilishadi. «Imtihon» yarim yil davom etib, nihoyat, J.Hamroyev rejissyor assistenti vazifasiga ishga qabul qilinadi. Oʻsha vaqtlarda (1997-1998 yillarda) ancha mashhur boʻlgan «Somon yoʻli», «Bokira tuygʻular» kabi koʻrsatuvlar, «Sayqal» telejurnalida rejissyor assistenti boʻlib ishlagan vaqtlarini eslar ekan, Joʻrabek aka oʻziga ustozlik qilgan Roʻziboy Qoʻldoshev, Fozil Tilovatov nomini minnatdorlik bilan tilga oladi.
Unutilmas kunim…
–; Ish jarayonida bilimimni mustahkamlab bordim. Bunda albatta, texnik xodimlar uchun maxsus kurs menga yordam bergan. Unda oddiy va murakkab montaj, tasvirchilikni oʻzlashtirdim. Oradan koʻp oʻtmay, har bir redaksiyaga «Panasonic –; 9500» super VHS kamerasiniberishdi va bizga berilgan kamera menga topshirildi.
2000 yilning 3 sentyabr kuni rejissyorlikka tayinlandim. Bu hayotimdagi eng quvonchli kunlardan biri boʻlib qoldi.
«Bir oʻlkaki…» tufayli el kezdim…
Bu koʻrsatuv rejissyori boʻlish qahramonimiz faoliyatidagi oldinga tashlangan katta qadam boʻldi.
1996 yil tashkil etilgan ushbu koʻrsatuvni bir marta koʻrgan tomoshabin qayta-qayta koʻrgisi keladi. Sababi oddiy: u bir joyda oʻtirib, internetdan yo boshqa kanallardan «koʻchirib» tayyorlanadigan koʻrsatuvlar sirasiga kirmaydi. Uning ijodkorlari yurt kezishadi. Odamlar ichiga kirib borishadi, ularni tinglashadi va efirga olib chiqishadi. Dasturning gʻoyasi, maqsad-muddaosi ham aniq: jonajon vatanimizning moʻjizakor joylarini tasmaga muhrlash va namoyish etish. Inja qadriyatlarimizni koʻz-koʻz qilish, yoshlar ongida vatanparvarlik hissini oshirish, umuman, aytaversak, uning taʼrifi uzun. Oddiy qilib aytganda, nihoyatda tabiiy va diltortar koʻrsatuv.
–; Ustozimiz Farhod Bobojonov muallifligidagi ushbu koʻrsatuvga vaqtida Jahongir Qosimov, Murod Rajabov, Qahramon Ashurov, Qodir Saʼdullayev singari ustozlar rejissyorlik qilgan. 2003 yildan ularning ishini davom ettirish mening chekimga tushdi. Masʼuliyatini bilsam-da, shu koʻrsatuvda ishlash menga maʼqul kelgan. Shu paytgacha yurtimizning eh-he, qancha ajoyibu gʻaroyib goʻshalarida boʻlmadik, deysiz! Ishonasizmi, suratga olish uchun 98 marta safarga chiqdik, 400 ga yaqin koʻrsatuv tayyorladik, ammo oʻsha yoritgan 400 ga yaqin joyning 400 ga yaqin turfa urf-odatlari, qadriyatlari, anʼanalari bor! Har bir qishloq va mahalla oʻziga xos. Har bir viloyat, tuman, qishloqlarimiz oʻziga xos jihatlari bilan ajralib turadi. Masalan, oʻijduvon tandirlarini koʻrib, juda hayratlanganman. Novvoy tandirning ichiga kirib non yopganini qayerda koʻrgansiz? Men oʻijduvonda koʻrganman. 500 tagacha non sigʻadigan «gigant» tandirlari bor, eng kichkinasiga 70 ta non yopilar ekan. Sʼyomka qilayapmiz, novvoy ichkarida turib, kiring-kiring, deydi. Tasavvur qiling, tandir ichiga kamera bilan qanday kirib boʻladi?!. Yoki Navoiy viloyatining Zarmitan qishlogʻi qatigʻining taʼrifini koʻpchilik eshitgan. Men uni oʻzim koʻrganman. Bir kosasini olib kelishdi. Kosani teskari tutsa toʻkilmaydi, deyishdi. Ishonmadik. Shunday qilib koʻrsatdi. Aytishlaricha, shundoqqina qoʻshni qishloqda ham bunaqa qatiq uyutolmas ekanlar. Gap tuproqdami, havodami, mahoratdami, hech kim aniq bilmaydi.
Odamlarimiz ham oʻzgacha.
–; E, boʻldi-yay, turakinglar, ovqat yaxlab qoladi! –; deydi surxondaryolik mezbon sʼyomka oʻrtasiga kelganda. Fargʻonalik mezbon manzirat bilan, sekin ovozda dasturxonga taklif qiladi. Qarang-a, ikkoviyam sizga yoqadi. Ikkoviyam qadrdon, ikkoviyam siz uchun aziz. Bunday xalqni dunyoda topib boʻlmaydi.
«Oltin qalam» –; jamoamizniki!
Joʻrabek Hamroyev 2008 yilda «Oʻzbekiston belgisi» koʻkrak nishoni bilan, bu yil esa «Oltin qalam» mukofoti bilan taqdirlandi.
–; Biror koʻrsatuvni suratga olishdan oldin, uni avval xayolan suratga olaman. Sʼyomkadan keyin xayolan montaj qilaman. Umuman, rejissyorlik qilgan koʻrsatuvlarimning birinchi tomoshabini va tanqidisi oʻzimman. Xalqqa sayoz narsani tutqazgandan koʻra, boshqa ish qilgan maʼqulroq, deyman oʻzimga oʻzim. Muallif, rejissyor, operator va texnik muhandis bir-birini tushunmasa, yaxshi koʻrsatuv yaralmaydi. Mening baxtim shundaki, hamisha yaxshi mualliflarga duch keldim. Farhod Bobojonov (muallif), Rustam Xoliqnazarov (tasvirchi) va Farhod Musayev (texnik muhandis) bilan birga mana necha yillardan buyon ushbu koʻrsatuvni tayyorlab kelayapmiz. Oʻquvchilardan agar dasturimiz kimgadir yoqsa, tomoshabin olqishlasa, buni Farhod aka, qolaversa, butun ijodiy guruh, teleradiokanalimizning mehnatidan deb bilishlarini soʻrardim. Qoʻlga kiritgan mukofotlarim aslida ularniki.
Mana, aziz oʻquvchi, bir yurtdoshimizning yigirma yil ichida bosib oʻtgan yoʻlini «qisqa metrajli» shaklda boʻlsa-da kuzatdingiz. Umuman, Joʻrabek aka emas, oʻsmirlik va dastlabki yoshlik onlari ozodlik nasimi yaqinlashayotgan davrda oʻtgan aksariyat aka-opalarimiz bugungi hurriyat zamonimiz haqida shukronalik bilan gapiradilar.
–; Eng katta tilagim, bagʻrikeng, samimiy va tanti xalqimiz omon boʻlsin, –; dedi J.Hamroyev. –; Mustaqillik bayrami hammamizga muborak boʻlsin.
Sizgayam qutlugʻ boʻlsin, dedik…
Elmurod NISHONOV,
«Turkiston» muxbiri
ISTEʼDOD… BARIBIR OʻZ SOʻZINI AYTADI
Buxoro shahridagi 5-bolalar musiqa maktabiga tiyrakkina bir bola onasi bilan kirib kelganda, oʻquv yili boshlanib ketgan edi. Oʻqish payti maktabdan tashqarida yurgan bolani koʻrsa, muallimlarning hushyor tortadigan odati boʻladi. Buni qarangki, bizning bolakay maktab hovlisidayoq shu dargohning rahbari, barcha kasbdoshlari kabi hushyor muallim Mashrab Qodirovga duch keladi.
– Assalomu alaykum, bizga maktab direktori kerak edi, – deydi bolaning onasi iymanibroq.
– Volaykum assalom, – javob qaytaradi direktor, u vazmin qadamlar bilan xonasiga qarab yurayotgan edi. Va birdan bolaga nigoh tashlaydi…
– Kelinglar, menman direktor.
– Kechirasiz, domla, – ona oʻgʻliga qaraydi, – shu boʻlajak shogirdingiz artist boʻlaman deydi. Sizdan bir maslahat olaylik deb keluvdik. Imkoni boʻlsa, maktabingizga qabul qilasizmi, deb…
Bu orada direktor kotibasiga nimanidir tayinlab, ona-bolani ichkariga taklif qiladi. Hol-ahvol soʻrashgach, iloji boricha mehmonlarni xafa qilmaslik uchun uzrli ohangda deydi:
– Sanʼatga qiziqqani durust. Ammo bizda allaqachon darslar boshlanib ketgan-ku…
Javobdan onadan koʻra farzandning qoshi chimiriladi. Bu holni koʻrgan direktor bolaning koʻnglini koʻtarish uchun soʻraydi:
– Oting nima?
– Ilyos.
– Ilyosbek, yana nimalarga qiziqasan? – Tajribali pedagog Ilyosni xafa qilgisi kelmasdi. Bu savoli bilan ehtimol uning boshqa qiziqishlari ham boʻlsa, oʻsha sohaga ham yoʻnaltirishni niyat qilgandir.
– Faqat sanʼatga, – deydi Ilyos yerga qarab.
Direktor oʻylanib qoladi. Sezib turibdi, bolakayning javobi qatʼiy, niyati ham. Lekin nima qilsin…
– Domla, hech boʻlmasa, bir sinab koʻring, qoʻshiq ayttirasizmi, ishqilib, yoʻq demang…
– Qani, kel-chi, – direktor xonaning burchagidagi pianino oldiga boradi. – Hozir men chalaman, sen ashula aytasan. Qanday ashulalarni bilasan?..
Ilyos oʻzi bilgan ashulalarni sanaydi.
– Oʻ-huu, – deydi direktor. – Sen bularni qayerdan bilasan?
– Uyimizda kassetalar bor. Komiljon Otaniyozov, Tavakkal Qodirov, Otajon Xudoyshukurov…
Boʻlajak ustoz-shogirdning uchrashuvi shunday boshlanadi. Qolgan gapni «Nihol» mukofoti sohibi, mumtoz ashulalari bilan muxlislar eʼtiborini qozonayotgan yosh xonanda Ilyosbek Arabovning oʻzidan eshiting:
– Oʻsha paytning oʻzidayoq men oʻnlab qoʻshiqlarni yod bilardim, – deydi u. – Direktorning qabul qilolmaymiz, deganidan koʻnglim biroz choʻka boshladi. Ammo onam direktorni hech boʻlmasa sinab koʻrishga koʻndira oldi. Mashrab akaning ochiqkoʻngil inson ekanini keyin ham koʻp marta koʻrdim. Lekin oʻsha paytda u kishi chindan ham bagʻrikenglik qildi. Mening ritmga tusha olish-olmasligimni, ovozimni tekshirib koʻrgach, oʻzi ham quvonib ketganini yashirmadi va bugundan sen bizning maktabda oʻqiysan, dedi…
Shundan soʻng yosh Ilyos hayotida sinovlar boshlandi.
– Tushgacha, shahrimizdagi 30-maktabda, tushdan soʻng musiqa maktabida oʻqirdim. Bu hol meni bolalik oʻyinqaroqligidan butkul «ayirib» qoʻydi. Garchi oʻshanda qiynalgan boʻlsam ham, bugun bundan faqat xursandman.
Mashrab Qodirov yangi oʻquvchisidan qaysi yoʻnalishda oʻqimoqchisan, deb soʻraydi. Rubob, deydi Ilyosbek. Yoʻq, sen dutorda oʻqishing kerak, deydi Mashrab muallim. Dutor boʻyicha mutaxassis edi, isteʼdodli yigitchaga oʻzi taʼlim berishni xohlardi u. Va dutorning qator xislatlarini gapirib beradi. Shunday boʻladiki, dutor sozi aynan oʻzi uchun yaratilganiga ishonchi komil boʻladi Ilyosning.
– Musiqa maktabida Mashrab Qodirov, Nargiza Bektamisheva kabi ustozlarimdan dutor sirlarini oʻrgandim. U yerni bitirgach, Buxoro davlat sanʼat bilim yurtiga anʼanaviy ijrochilik boʻlimining dutor sinfiga qabul qilindim. Bu dargohda Matluba Oʻqubova menga ustozlik qildi. Garchi ulardan bir xil soz boʻyicha tahsil koʻrgan boʻlsam-da, har biri menda alohida taassurot qoldirgan, – deydi ustozlari haqida soʻraganimda Ilyosbek Arabov.
2002 yil bilim yurtini tamomlagan yosh sanʼatkor isteʼdodi uchun endi bir shaharlar torlik qilardi. U yurtga tanilishni, el aro mashhur boʻlmoqni istar edi. Yigitlik orzulari uni poytaxtga yetaklaydi.
– Konservatoriya sanʼatkor uchun katta maktab, – deydi Ilyosbek Arabov. – Bu yerdagi muhitning oʻzi seni faqat olgʻa intilishga undab turadi.
Oʻzi taʼkidlamish muhitda Ilyosbek bakalavr, magistr darajalarini oldi. Assistent-stajyor boʻldi. Ustoz sanʼatkorlardan saboq oldi.
Isteʼdod har yerda ham oʻz soʻzini aytadi-da. 2003 yili Yunus Rajabiy nomli 6-maqom ijrochilari tanlovida ishtirok etgan Ilyosbek gʻolib boʻladi. Xonanda emas, sozanda sifatida. U tanlovga dutor yoʻnalishida qatnashgan edi.
– Tanlov har toʻrt yilda bir marta oʻtkazilardi. Ustozim, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Malika Ziyoeva navbatdagi tanlovga hozirlik koʻrishimni tayinlaganida, tanlovda cholgʻuchi sifatida gʻolib boʻlganman-ku, ashula boʻyicha oʻzimni sinab koʻrsam-chi, dedim u kishiga. Unda, ashulalaringni radio va televideniye uchun yozishing shart, dedi ustozim. Shundan soʻng Shashmaqom, bastakorlar asarlari va xalq ashulalarini oʻrganib, radio fondiga yoza boshladik. Ammo shu jarayonda boshqa maqsad tugʻildi…
Ashulalarni ijro etib, magnit tasmasiga muhrlagach, yosh sanʼatkor koʻnglida nufuzliroq biror tanlovda oʻzini sinab koʻrish fikri uygʻonadi. Yigit niyati pok boʻlsa, amalga oshadi deydilar. Ustozlarga maslahat solganda, ular buni quvvatlashadi va Ilyos Arabov «Nihol» mukofotiga nomzodini qoʻyadi.
Nufuzli hayʼat aʼzolari bu xush ovoz egasining iqtidoriga munosib baho berishdi. 2008 yilda Ilyosbek Arabov mukofot sohibi boʻldi.
– El-yurt, davlatimiz eʼtiboriga tushish naqadar masʼuliyatli ekanini ana shunda yaxshiroq his qildim, – deydi xonanda. – Menga berilgan eʼtiborga munosib boʻlish, ishonchni oqlash uchun faqat va faqat ijod qilishim kerak edi.
Ilyosbek Arabov oʻz repertuarini boyitib bordi. Bugun uning ijro mundarijasidan «Sarafrozi dugoh», «Savti kalon», «Nimchoʻponi» (bular hammasi Shashmaqomdan), «Koʻzing», «Oʻtdimu?», «Sensiz» (Orifxon Hotamovdan), «Ado boʻldim», «Koʻzlaring» «Bahona qilib» (Umar Otayevdan), «Boʻl menga mahbub», «Oʻltirur» (Faxriddin Sodiqovdan) singari mumtoz ashulalar oʻrin olgan.
– Katta sahnada ashula aytish – mening katta orzuim edi, – deydi hofiz. – Hamon sahnaga qadam qoʻysam, butun vujudimni hayajon qamrab oladi.
Tabiiyki, uning bu javobidan hayratlanaman. Ochigʻini aytsam, sanʼatkorlar sahnaga chiqaverib, hayajonlanmay qoʻyishsa kerak, degan jaydari fikrda yurardim. Uni Ilyosbekka bildirganimda javobi shunday boʻldi:
– Xalq oldida chiqish qilayotganda koʻnglimdan, meni qanday qabul qilisharkan, ijroim yoqarmikan, degan tuygʻu oʻtadi. Shuning oʻziyoq kishiga masʼuliyat hissini beradi.
Xorijda ham tez-tez gastrolda boʻlib turadigan Ilyosbek Arabovdan ijodiy safarlari haqida soʻradim.
– Fransiyada qiziq holatga guvoh boʻldim, – dedi u. – Kattalar uchun bir yarim soatlik kontsert bergach, bolalar uchun ham yigirma daqiqa master-klass tariqasida kontsert qoʻydik. Birinchi-ikkinchi sinf oʻquvchilari. Bilsak, ularda tinglovchilik madaniyati bolalikdan oʻrgatilar ekan. Kontsertda qanday oʻtiriladi, qoʻshiq qanday tinglanadi… Ana shu dars doirasida oʻquvchilar bizning kontsertimizni tinglashdi. Qarasam, oʻzlari yosh bola, lekin xuddi kattalardek jim, eʼtiborli. Bu ham ularga xos odat ekan.
Ilyosbek Arabov, musiqa shinavandalariga anchayin tanilib qolgan xonanda bilan suhbatimiz uzoq davom etdi. Xayrlashishdan oldin tabiiyki, gazeta uchun tayyorlanadigan material haqida ham gaplashib oldik.
– Iloji boʻlsa, meni Malika Ziyoeva tomonidan Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi qoshida tashkil etilgan «Shukrona» professional dutorchilar ansambli yetakchi sozandasi, deb yozing, – dedi u. Hayron boʻldim. Dutorchilar ansambliga urgʻu berishim shartmi, deb soʻradim. Jilmayib qoʻyadi.
– Mening ijrolarimda bu ansamblning katta xizmati bor, – deydi. – Koʻp ashulalarim ana shu ansambl joʻrligida ijro etilgan.
Oʻsh xonandaning nafaqat xalqqa xizmat qilishga shaylangan, uning yaxshi koʻrgan, sevimli sanʼatkori boʻlishga intilayotgan, balki yaxshilikni ham biluvchi inson ekaniga havasim keldi.
Elmurod NISHONOV,
«Turkiston» muxbiri
LAHZA ICHIDAGI TAQDIR
Ravshan Ermatov bilan suhbatimiz reja boʻyicha boshqacharoq boʻlishi kerak edi. Oʻrganib qolganman: aksariyat sportchilardan intervyu olish qiyin kechadi, bir gapning(fikrning) ozgina uchini chiqarsa ham katta gap, u yogʻi… Koʻpincha oʻzlari shunday «erkinlik» yaratib berishadi-da: «Ha, endi qolganini oʻzingiz toʻgʻrilab yuboraverarsiz…»
Ammo Osiyoning toʻrt karra eng yaxshi referisi bilan suhbatimiz asnosida barcha rejalarim chippakka chiqdi-qoʻydi. Savollar yozilgan qogʻozni qarab oʻtirishga, ochigʻi, fursat ham boʻlgani yoʻq. Gap-gapga ulansa, «keyingi savolim nimaydi-ya», deb qogʻoz tikilib-kalovlanib oʻtirmas ekansan. Qisqasi, hech qanday rasmiyatchilikka oʻrin qolmadi.
–; Shoir sizmisiz? –; deya yelkamni qoqib qoʻydi salomlashganimizdan soʻng Ravshan aka. Zinadan koʻtarilar ekanmiz, oʻsha qaysar Runiyu Van Bommellarni maydonda shunchaki «tinchlantirib» qoʻyadigan Ravshan Ermatov shu insonmi yo men adashib boshqa birovni suhbatga chaqirib qoʻydimmi, deya shubhalana boshlayman. Yoʻq, yaxshilab qarayman: adashganga oʻxshamayman –; Ermatovning oʻzi. «Ie, u ham bizdek inson ekan-ku» –; chiqargan «xulosam»dan oʻzimning kulgim qistaydi.
Zukko odam emasmi, Ravshan aka payqaydi.
–; Shoir deganingizga kulgim keldi, –; deyman izohga oʻtib. –; Umrimda sheʼr yozmaganman.
–; Qoʻysangiz-chi, baribir shoirsiz!
Bu yengilgina hazil suhbatimiz qalovi boʻladi.
Bizni tan olishlari oson boʻlmadi
Janubiy Afrika Respublikasida oʻtkazilgan futbol boʻyicha 2010 yilgi jahon chempionati toʻgʻrisida bilmagan futbol muxlisi yoʻq. Unda kimlar qatnashgan, kim chempion boʻlgan, qaysi hakamlar oʻyinlarni boshqargan –; bu haqda menga dars berib qoʻyishingizni tan olaman. Ammo unda ishtirok etgan kishining suhbatini olish baribir boshqacha-da. «Masalaning atrofida» aylanmaysiz. Axir, uning ichida boʻlgan kishi bilan har kuni ham yuzma-yuz gaplashavermaysiz-ku!
Tavakkal dedimu, dastavval, oʻsha jahon chempionati oldidan oʻzbekistonlik hakamlarga nisbatan qanday munosabatda boʻlishgani toʻgʻrisida soʻradim..
–; FIFA bizni sakkiz yildan beri kuzatib, uch yildan beri jahon chempionatiga nomzod hakam sifatida tayyorlab kelayotganiga qaramay, jamoatchilik orasida bizga nisbatan ishonchsiz qarayotganlar bor edi, –; deya hikoya qila boshlaydi Ravshan Ermatov. –; Oʻn toʻqqizinchi jahon chempionatining ochilish uchrashuviga tayinlanganimizdan keyingi ilk matbuot anjumanida bir jurnalist biroz bepisandroq ohangda shunday savol berdi:
–; Siz futboli rivojlanmagan bir mamlakatdansiz. Ochilish uchrashuvini jahonda toʻrt yarim milliard odam koʻradi. Sizdan boshqa tajribali hakamlar boʻla turib, sizni tayinlashdi. Shunday nufuzli oʻyinni boshqarishdan choʻchimayapsizmi?
Men unga shunday javob berdim…
Boshqa payt yoki vaziyat boʻlganda bunday savolga odatiy qarasa boʻlardi. Chunki shunday jurnalistlar ham bor: ularga qiziqarli javob kerak. Unaqangi javobni qanday olish mumkin? Nima qilib boʻlsa ham, hatto, suhbatdoshning biroz jahlini chiqarish, picha «qitigʻi»ga tegish evaziga boʻlsa ham (jurnalist etikasi –; ustozlarning kuyib-pishib oʻqigan maʼruzalarida qolib ketgan) javob olishing shart. Muharriring shuni istaydi…
Ravshan Ermatov ilk jiddiy uchrashuvga hakamlik qilishi tayin boʻlgan, oʻzining ham hali hayajonlari toʻla bosilmagan vaqtda jurnalistning bu savolini biroz ogʻringansimon kayfiyatda qabul qiladi. Lekin…
–; Men qanday musobaqaga kelganimni, jahon chempionatining nafaqat ochilish uchrashuvi, balki har bir oʻyinini boshqarish oson kechmasligini tushunib turibman, –; deydi iloji boricha bosiqlik bilan, barcha gʻururli, ammo jahl otining jilovini qoʻlida mahkam tutib tura oladigan kishilar kabi. –; Lekin bu mening oʻyinlarni boshqarishdan choʻchiyotganimni anglatmaydi. Agar shunday boʻlganida men chempionatni Toshkentda, oʻz uyimda koʻk choyni damlab, mazza qilib tomosha qilib yotgan boʻlardim.
Shundan soʻng ham bu kabi munosabatlar davom etdi. Lekin bilasizmi, ishonqiramasliklari ham koʻpincha sizning foydangizga ishlaydi. Sizni koʻklarga koʻtarib turishsayu, ishonchni oqlay olmaganingizdan koʻra, biror ishni bajarishingizga koʻzi yetmayroq turishganda, vazifangizni yaxshilab bajarganingiz tuzuk.
Oʻyindan oldin menda ham, Bahodir akam bilan Rafayelda ham (R.Ermatovning yordamchilari –; FIFA laynsmenlari Bahodir Qoʻchqorov va Rafayel Ilyosov. –; E.N.) bir tuygʻu joʻsh ura boshladi. Oʻyinda yaxshi harakat qilish, iloji boricha xato qilmaslik, toki bizga ishonmayotganlar kimligimizni bilishsin.
Koʻnglimizdan nima kechayotgani FIFAdagilarga ham ozmi-koʻpmi maʼlum edi. FIFA nima qilayotganini yaxshi biladigan tashkilot. Qaysi oʻyinga kimni tayinlashni yaxshi bilardi. Uch yillik kuzatuv va sinovlar natijasida kelingan qaror edi bu tayinlov. Shunday boʻlsa-da, FIFAning hakamlarning ruhiy holatlariga masʼul xodimi, ispaniyalik psixolog Manuyel Lopes men bilan jiddiy gaplashib olishga qaror qildi.
–; Ravshan, biz senga ishonamiz, –; dedi u. –; Sen oʻyinni albatta zoʻr boshqarasan. Buning uchun senga yana bir qoʻshimcha «topshiriq»: oʻyinni kim yoki qancha kishi tomosha qilayapti, tribunada nima gap, bu haqda umuman oʻylama. Tashqi taʼsirlarni butunlay unut. Maydonda sen, assistentlaring va 22 futbolchi. Boshqa hech kim.
Bu menga qoʻshimcha dalda boʻldi.
Men uchun qoidaning katta-kichigi yoʻq
–; Hakam ham boshqa soha vakillari kabi oʻqib-oʻrganib borishi kerak. Oʻz sohangga oid yangiliklardan xabarsiz qoldingmi, yaxshisi, bu ishni yigʻishtirib boshqasiga qoʻl urganing maʼqul. Bu menga ustozlarim tomonidan berilgan eng kerakli oʻgitlardan, –; deydi FIFA referisi, gurungimiz oʻzani jahon chemionatidagi ayrim bahsli vaziyatlar, qoidalar sari burila boshlagach. –; Ehtimol, boshqa sohada yuz foiz tayyor boʻlmay turib ishga kirishsa boʻlar. Chunki tajriba ortib, bora-bora avvalgi xatolarni ish jarayonida tuzatib ketaverasan. Ammo hakamlikda bunday emas.
Hakam oʻziga topshirilgan oʻyinga hamisha yuz foiz tayyor boʻlishi shart. FIFAning bizga qoʻyadigan talabi shu. Toʻqson toʻqqiz ham kamlik qiladi. Yuz boʻlishi kerak. Muammo oʻsha biz eʼtibor qilmagan bir foizning ichida boʻlsa-chi?..
Qiziq, shu bilan birga ajoyib falsafa, shunday emasmi?..
–; Bu gaplarni aytishimdan muddao –; biror kasbni tanlagan, endi yeng shimarib ishga kirishayotgan har bir yosh oʻz oldiga ish uchun maksimal tayyor turishni maqsad qilib olishi kerak. Shunda yutqazmaydi.
FIFA tomonidan oʻtkaziladigan elit hakamlar uchun seminarlarda koʻpgina hakamlar, ular ichida manaman degan yulduz hakamlar ham boʻlardi, baʼzi qoidalarga diqqat qaratib oʻtirishni oʻzlariga ep koʻrishmasdi. Misol uchun, futbolda mingdan bir holatda yuz berish ehtimoli bor vaziyatlar boʻladi. Balki umuman yuz bermasligi mumkindek tuyuladigan holatlar ham yoʻq emas. Oʻshanday holatlarni koʻrib chiqib, oʻrganish vaqti kelganda:
–; Qoʻysanglar-chi, bu holat hayotda boʻlmaydi, –; deyishardi va keyingi qoidaga oʻtishni talab qilishardi. Men esa har bir qoidani oʻrganishni oʻz oldimga maqsad qilib qoʻygan edim. Ana shu maqsad meni dangasalikdan saqladi…
Koʻza kunda emas, kunida sinadi, degan maqol zamiridagi hikmatni Ravshan akaning quyidagi hikoyasini tinglarkanman, yanada yaxshiroq anglaganday boʻlaman. Oʻn yetti yoshgacha boʻlgan oʻsmirlar oʻrtasidagi jahon chempionatida yuqorida aytib oʻtilgan «kamdan-kam yuz beradigan voqealardan» biri sodir boʻladi. Oʻzbekistonlik FIFA referisi ehtimoli kam boʻlsa-da, bu kabi vaziyatlar albatta yuz berishi mumkinligini bilardi va unga har lahza shay boʻlib turardi. Bilmaganga mushkul, bilganga chikora? Yuz bermish voqea boshqalar uchun «koʻzaning dabdurustdan sinishi»dek kutilmagan, qiyin vaziyat boʻlib tuyulgandir balki. Ammo Ermatov uchun u «qachondir sodir boʻlishi aniq, oddiy voqea» edi. U 2003 yilning avgustida Finlyandiyada yuz beradi. Oʻsmirlar oʻrtasidagi jahon chempionati guruh uchrashuvlaridan biri, Yaman –; Portugaliya oʻyini.
Oʻyin qoidasi Portugaliya jarima maydonida buziladi va Ravshan Ermatov yevropaliklar darvozasi tomon 11 metrlik jarima toʻpini belgilaydi.
–; Yamanlik futbolchi toʻpni tepdi. Gol. Lekin men uni inobatga olmadim, –; deydi oʻsha vaziyatni xotirlab Ravshan aka. –; Penaltini takror bajarishga ishora qildim. Bu gal ham qoida buzildi. Uchinchi marta bajarish kerakligini aytganimda, yamanlik yosh qiziqqon futbolchilarga qoʻshilib tribunadagilar ham norozilik bildira boshladi. Futbolchilarga jarima zarbasini nega qaytatdan bajartirayotganimni tushuntirdim. Va nihoyat, uchinchi urinishda xato qilishmadi.
Oʻyin tugadi. Stadiondan chiqib mehmonxonaga borsam, osiyolik hakamlar uchun masʼul Farruh Borza janoblarining figʻoni falakda.
–; Nimalar qilib qoʻyding, Ravshan? –; deydi alam bilan.
–; Nima qilibman? –; dedim kulimsiragancha uni xotirjam qilishim zarurligini payqab. Nima qilganimni oʻzim juda yaxshi bilib turardim.
Gap shunda ediki, oʻshanda penalti bajarilayotgan holatda darvozabon va futbolchidan boshqa hech kim «oʻn oltilik»ka kirib ketishi mumkin emasligi haqidagi qoida qabul qilingan, uni esa hali hamma ham bilmas edi. Yamanlik futbolchilar oʻn bir metrlik jarima toʻpini birinchi va ikkinchi tepishda jarima maydoniga kirib ketishgandi. Men ularga buning notoʻgʻri ekanini tushuntirgachgina, ular penalti uchinchi marta amalga oshirilayotganda qoidaga amal qilishdi. Boʻlgan gapni Farruh Borzaga gapirib berdim. Shundan soʻnggina u yengil nafas oldi.
Koʻp vaqt oʻtmay, oʻzbek hakamining qarori mutlaqo toʻgʻri ekani rasman eʼlon qilinadi. Qoida yangi qabul qilingan, unga Ravshan Ermatov birinchi boʻlib rasmiy oʻyinda amal qilgan edi. FIFA bunga alohida eʼtibor qaratadi hamda oʻsha holatni oʻzining maxsus oʻquv qoʻllanmasiga kiritadi.
Kamdan-kam yuz beradigan vaziyatlardan yana biri 2010 yilgi jahon chempionatining ochilish uchrashuvi –; Janubiy Afrika Respublikasi –; Meksika oʻyinida sodir boʻlganini jahondagi milliardlab futbol ishqibozlari koʻrdi.
Meksikaliklar hujum qilayotganda JAR himoyachisi raqib hujumchilaridan koʻra oʻz darvozasiga yaqin pozitsiyada edi. Tabiiyki, hamma oʻyinda koʻrganmiz, himoyachi raqib oʻyinchisidan koʻra oʻz darvozasiga yaqin masofada turgan boʻlsa, «offsayd» boʻlmaydi. Bu holatda ham shunday boʻldi-ku? Demak, oʻyindan tashqari holat haqida qanday gap boʻlishi mumkin? Rafayel Ilyosov ham, Ravshan Ermatov ham odamni uyaltirdi-yey, vassalom! Ay, boshqarolmas ekansan, jahon chempionatida nima qilasan?!. Aksariyat muxlislarning ichidan shunga oʻxshash «qirindi» oʻtganiga shubham yoʻq.
Ammo biz, mullamuxlislar adashgan ekanmiz oʻshanda. JAR darvozaboni oldinga chiqib ketgan, ortda himoyachining bir oʻzi qolgani tufayli, yon hakam (Ilyosov) bayroqchasini toʻgʻri koʻtargan ekan –; offsayd! Bu qarorning naqadar toʻgʻriligini keyinchalik butun dunyo futbol mutaxassislari eʼtirof etdi.
–; Oʻyindan tashqari holatni toʻgʻri belgilay olishimizda Rafayelning xizmati katta boʻldi oʻshanda, –; deydi bu vaziyatni eslar ekan Ravshan aka. –; «Komunikeyshn sistem» vositasida Rafayel bilan vaziyatni sekund ichida hal etishimiz shart edi.
–; Rafayel, nima boʻldi, koʻrdingmi?
–; Toʻp kimdan kelganini aytib yubor… Tushunarli –; offsayd!..
Bu holat tufayli jahondagi millionlab muxlislar futbolning yana bir nozik qoidasini yaxshiroq tushunib olishdi. Buning uchun R.Ermatov va uning jamoasi semiz-semiz kitoblar qoralamadi, bitta bayroqcha va hushtak bilan muxlislarga qiziq bir vaziyat haqida bilim berib qoʻydi. Bu R.Ermatovning oʻz iborasi bilan aytganda, Xudoning buyuk marhamati edi.
Ha, gohida lahzalar ichida senga boʻlgan hamma narsa oʻzgaradi. Odamlarning mehri, muhabbati –; umuman, senga nisbatan munosabat, u nafrat yoki shunchaki, moʻtadil qarash boʻlishi mumkin.
Ravshan Ermatov va uning jamoasiga boʻlgan ishonchsiz qarashlar lahzalar ichida roʻy bergan birgina holat va chiqarilgan odil qaror sababli tamom oʻzgardi. Kechagina: «Bular qayerdan kelib qoldi oʻzi?» deya istehzo aralash hayratlanayotganlar, oʻyindan keyin oʻz fikr liboslarini oʻng kiydilar. Nigohlaridagi negativlik pozitivga almashdi:
–; Ha-a, baraka topkurlar, hakam degani mana shunday boʻlibdi-da!..
Elmurod NISHONOV
ChIN ADIB, MUMTOZ ADIB
Yaqinda bir adabiyot muallimi bilan gurunglashib qoldim.
–; Oʻquvchilarimdan biri oʻrtogʻining hikoya yoza boshlaganini aytib qoldi, –; dedi u. –; Bu men uchun yangilik boʻlsa-da, ajablanmadim. Lekin ijodkorlik oddiy hodisa emas-da. Bunga jiddiy sabab boʻlishi kerak. Kimdir tabiatan taʼsirchan boʻladi, Xudo yuqtirgan boʻlsa, ilk jajji asarlar oʻsha taʼsirchanlik mevasi boʻlib tugʻiladi. Ammo hayotida qandaydir jiddiy qiyinchilikka duch kelgan boʻlsa-chi? Bir necha kun oʻtdi. Bu vaqt ichida men oʻsha ijodsevar bolani kuzatdim. Yurish-turishida oʻzgarish yoʻq, ruhi baland, buni sinfdoshlari bilan hazillashishlaridan payqadim. Demak, muammo yoʻq, qaysi sabab yoki omil uni ijod olamiga boshladi ekan? Bu haqda oʻylab yurganimda uni tasodifan «qoʻlga tushirdim».
Qoʻlida Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayevning «Saylanma»si bor edi.
Muallimning hikoyasini tinglab, oʻzimning yoshligim, adabiyotga mehr qoʻyganim, «Oʻn sakkizga kirmagan kim bor?», «Ogʻir tosh koʻchsa», «Bodom qishda gulladi» singari hech kimnikiga oʻxshamagan, oddiy va tiniq uslubda bitilgan, eng muhimi, yurakka chuqur taʼsir qiladigan ajib qissayu hikoyalarni takror-takror oʻqiganlarimni, xuddi oʻsha sofkoʻngil oʻquvchi kabi ilk mashqlarimni Shukur Xolmirzayevni oʻqigach, ilhomlanib bitganimni esladim.
Hech kim ijodkor boʻlib tugʻilmaydi, eng ulugʻ shoir va yozuvchilar ham yoshligida kimgadir ergashib, taqlid qilib tetapoya boʻladi. Hatto hazrat Navoiyning ham buyuk shoir boʻlib yetishishida Farididdin Attor, Lutfiy kabi ulugʻlar ijodi turtki boʻlganligi maʼlum. Oʻz navbatida Navoiy izidan borgan adabiyot muhiblari, ijodkorlar orasida minglab topiladi. Chunonchi, bugungi adabiyotimizda ham kimki oʻz soʻzini ayta bilgan, oʻz ovoziga ega boʻlgan boʻlsa, ularning ham ijodda oʻz «kumir»lari, ideallari, havas qilgan shoiru adiblari bor. Oʻzbek adabiyotining atoqli namoyandasi, oʻzbek hikoyachiligini jahon hikoyachiligi bilan boʻylashadigan darajaga olib chiqqan chin adib, mumtoz adib Shukur Xolmirzayevga muxlis boʻlganlar ham, uningdek yozishni orzu qilgan, unga oʻxshab ham shaxs, ham ijodkor sifatida kamol topishni istaganlar ham koʻplab topiladi.
Adib haqida zamondoshlarining xotiralarini oʻqib, oʻylab qolaman. Shunday inson bilan hamsuhbat boʻlganlar qanday ham baxtiyorlar-a! Men esam, adibni faqat bir martagina koʻrganman. Litseyda oʻqib yurganimda, «Maʼrifat» gazetasi tahririyatiga qatnab yurardim. Bir gal kelganimda paltoli, shlyapali, oʻrtaboʻy, qoshlarining chimirilib turishi bir paytlar koʻrkam yigit boʻlganidan nishon berib turgan keksa bir kishi bilan koʻrishib qolganman. Shukur Xolmirzayevni tanidingmi, degan edi yozuvchi bilan xayrlashgach, u yerda ishlaydigan akam. Oʻzim yaxshi koʻrgan yozuvchim haqida shaxsiy xotiram shu ikki-uch soniyalik salomlashuvdangina iborat. Biroq shu ham xotiramda yorqin muhrlanib qolgan.
Bugun bu adib bilan har kuni suhbatlashaman. Hikoya va esselari jam boʻlgan toʻrt jildlik «Saylanma»si, «Oʻn sakkizga kirmagan kim bor?» qissa va hikoyalardan iborat kitobini mutolaa qilaman. Hayratlanaman. Ie, shunaqayam yozish mumkin ekan-da, deb zavqlanaman. Juda-juda jonli hikoya qiladi adib. Xuddi qarshingizda oʻtirib, voqealarni sizga gapirib berayotgandek. Samimiyat shu qadarki, muallif bilan orangizda santimetr ham masofa qolmaydi –; bir asarida uni akam deb, yana bir asarida sirdosh doʻstim deb qabul qilasiz. Baayni, yaxshi koʻrgan akangiz sizni oʻtirgʻizib olib gurung beradi. Gurungki, uni bir daryo desangiz, qoʻshilib oqib ketgilaringiz keladi.
Shunday ijodkorga ergashmaslik mumkinmi? Gap kelajakda «ikkinchi Shukur Xolmirzayev» boʻlish ustida emas. Yozuvchi ijodini toʻla oʻrganish, uning maktabidan yetarli saboq olish muhim. Masalan, nasrda ijod qila boshlagan tengdoshlarim yoki uka-singillarim uchun Abdulla Qodiriy, Gʻafur Gʻulom yoki Togʻay Murod nasrini puxta oʻrganish qanchalar zarur boʻlsa, Shukur Xolmirzayev ijodini oʻrganish ham shunchalar ahamiyatli.
Shoir-yozuvchilar ijodini targʻib etishga yoʻnaltirilgan maxsus jamgʻarmalar tashkil etish jahon tajribasida bor holat. Xoʻsh, nega endi bizda ham «Shukur Xolmirzayev fondi»ni tashkil etish mumkin emas. Oʻzbekiston Oʻzuvchilar uyushmasi, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati va boshqa tashkilotlar koʻmagida shunday jamgʻarma tashkil etilsa, avvalo, adabiyot muxlislari uchun ulkan xayrli ish amalga oshgan boʻladi. Adibning qayta nashr etilmay yotgan oʻnlab kitoblari shu jamgʻarma koʻmagida chop etilib, xalqimiz qoʻliga yetib borardi. Qolaversa, yosh hikoyanavislar toʻgaragi tashkil etilishi, unga Shukur Xolmirzayev ijodini tadqiq etgan taniqli adabiyotshunoslar, adiblar jalb etilib, yosh qalamkashlarga mahorat saboqlarini berishlari mumkin. Jamgʻarma homiyligida nasrda ijod qiladigan yoshlar oʻrtasida Shukur Xolmirzayev nomidagi maxsus tanlov tashkil etish, ularning kitoblarini chop etib borish mumkin.
Shukur Xolmirzayevning aksariyat asarlari qahramonlari –; yoshlar. Ular boricha, zarracha sunʼiylikdan xoli, zarracha boʻrttirishlarsiz tasvirlangan. Oʻylaymizki, tengdoshlarimiz –; bugunning yoshlari ham oʻzlarining hayoti aks etgan goʻzal asarlardan keng koʻlamda bahramand boʻlishga haqlilar.
Zero zahmatkash adibimiz qoldirgan benihoya ulkan meros adabiyotimiz ravnaqi uchun judu zarurdir.
Elmurod NISHONOV,
«Turkiston» muxbiri
ShOIR BOʻLISH ShUNCHA OSONMI?..
Gazetamiz oʻquvchilari asosan yoshlardan iborat boʻlgani bois, tahririyatga keladigan maktublar ham koʻpincha yoshlar tomonidan yuborilgan boʻladi.
Endi ishga kirgan paytlarim qoʻlimga konvert tutqazishsa, uning ichida goʻyo dunyodagi eng sirli bitiklar joylashib olgandek, ularni birinchi boʻlib oʻqish sharafi menga nasib etayotgandek hayajonlanardim. Bu holat uzoq emas, bor-yoʻgʻi bir necha oy davom etdi. Toʻgʻri, avvaliga, xat tarzida joʻnatilgan sheʼrlarni (darvoqe, lof boʻlmasinu, har oʻnta konvertning toʻqqiztasida sheʼr boʻlardi) titroq bilan oʻqirdim. Gazetaga xat joʻnatishsa, uning ichida Vatan, ota-ona, bahor, oqil bobo, mehribon buvilar haqida sheʼrlar boʻlsa, qanday yaxshi! Lekin bora-bora bunday mavzudagi sheʼrlar shu darajada «oqib» kelardiki, ular qanchalik koʻp va zerikarli boʻlsa, men shunchalik hafsalasizlik, loqaydlik bilan, shunchaki majburiyat yuzasidan oʻqiydigan boʻldim.
Hayron qoldirgani sheʼrlardagi badiiy saviyaning «yuksak»ligi emas, «yosh, kelajagi olovday porloq «shoir»ga tuppa-tuzuk nomi chiqqan ijodkorlarning yozgan «oq yoʻl»lari. Soʻzim juda quruq boʻlib qolmasin, bir misol aytay. Ikki yilcha avval, bir shoira kelib, Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini olishga intilayotgani, sheʼrlarini shaxsan bir adibning oʻzi (u adibni hamma biladi, shoir emas, yozuvchi) koʻrib, oq fotiha berganini aytdi. Qarasak, rostdan ham mashhur yozuvchining imzosi bilan ikki bet nimadir yozilgan. Qiziqib oʻqib koʻrdimu, turli gumonlarga bordim. Sevimli adibim, asarlarini miriqib oʻqigan adibim shunchalar grammatik va orfografik xatolar bilan yozar ekanmi? Qolaversa, bir oʻrinda jumla yaxshi boshlanganu, qoʻshma gap boʻlgani uchunmikan, muallif gapining davomida adashib ketgan. Shu gapni biror inshomda yozganimda, ona tili muallimimiz qizil ruchka bilan ustidan chizib tashlagan boʻlardi. Bu esa mashhur adibning qalamidan toʻkilgan jumla edi… Sizni ishontirib aytaman, men bu «oq yoʻl»ni sevimli adibim oʻz qoʻli bilan yozganiga shubha qildim. Ha, endi, u zotning vaqti yoʻq boʻlsa, shoira kelaverib bezor qilib yuborganu, adibimiz oʻzbekchilik qilib: qizim, oʻzingiz bir nima qoralab keling, qoʻl qoʻyib beraman, degan boʻlsalar kerak-da, deb oʻyladim…
Soʻzlarimni oʻqib, ayrim yosh shoirlar ranjisalar ham aytaman, tahririyatga yuboriladigan sheʼrlarning aksariyati sheʼriyatning eng oddiy talablariga ham javob bermasligi yetmaganidek, koʻpchiligining mazmuni sayoz boʻladi. Masalan, Vatan haqidagi sheʼrlarning barida mazmun shunday: «Vatanim dunyoda tanho, uning ob-havosi zoʻr. Qizlari chiroyli, yigitlari mard, oʻzi serquyosh!». Bu sheʼrning boshi va oʻrtasidagi mazmun. Yakunda: «Senga jonimni fido qilaman, baxtimga doim omon boʻl!» deyiladi. Agar gʻazal boʻlsa, oxirgi baytda ismini ham chiroyli minnat bilan tirkab qoʻyishadi. Baraka topkur, bekordan-bekorga joningni fido qilib nima qilasan, undan koʻra el-yurtga qoʻlingdan kelgancha (mayli, ulkan binolar qurma, unga bitta gʻisht uzat!) xizmat qil, degimiz keladi.
Ona haqidagi sheʼrlarda, endi oʻzingizga maʼlum, onalarning mehribonliklari, fidoyiliklari madh etiladi. Goʻyo onalar shu qaytariq madhlarga muhtoj! (Toʻylarda bilasizmi, «Men shu ikki yoshga ulkan baxt tilayman» , deyishadi. Yoʻq narsa tilanadi, bor narsani tilab nima qilasiz, akasi, demaydi hech kim. Ular shundogʻam baxtli, ularga baxt tilamang, baxtingiz bardavom boʻlsin, deng, yetadi).
Yoʻq, qalamkashlarni nosamimiy, maqsadsiz yoki ermak uchun yozishadi desam, juda ham toʻgʻri boʻlmaydi. Maqola, sheʼr, hikoya yozib joʻnatgan yoki bevosita tahririyatning oʻziga olib kelgan mualliflarning koʻpi bemaqsad emas. Deylik, aksariyat tengdoshlarimiz oʻz ijod namunalari bilan biror tanlovda qatnashishni maqsad qilgan boʻladilar. Albatta, bunda ularni qoʻllab-quvvatlash kerak. Biroq bizni oʻyga soladigani shuki, ularning hammasi ham adabiyotni sevadi, badiiy ijodni oʻzlarining hayoti, qismati, dardu quvonchini ifoda etishga goʻzal bir vosita, koʻngil ishi deb biladi, deyish qiyin…
Yaqinda, tahririyatga bir shoir keldi. Keladiganlardan farqli ravishda, yoshi yigirma-yigirma beshda emas, ellikni qoralab qolgan, koʻrinishidan tajribali qalamkash.
Vatan haqida sheʼr yozgan ekan. Oʻqidik. Bildikki, muallif Vatanni juda ham sevar ekan. Sheʼrda el-yurtga muhabbat aks etgan edi. Sheʼrning ostiga, bilmadim, muharrir uchun boʻlsa kerak, shunday izoh ham berilibdi: «Men ushbu kamtarona yozgan sheʼrim bilan mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qoʻshmoqchiman».
Shoirning ulugʻ niyatlari ijobat boʻlmogʻini tilab, qachondir foydalanish maqsadida (ilgari tahririyatlardan mualliflarga «sheʼringizdan (maqola, hikoyangizdan) oʻrni kelsa foydalanamiz» degan javob kelardi) uni «esdaliklar tortmasi»ga yaxshilab joylab qoʻydik…
Elmurod NISHONOV