«ASTRONOMIK» ASHULALAR (HAJVIYa)
(Yaʼni yulduzlar kuylagan qoʻshiqlarga hazil javoblar)
Yondi, yondi, yurak yondi,
Yondi oy va yulduzlar…
Shakarxanda:
– Gʻirt yolgʻon qoʻshiqlardan. Hofiz, astronomiyadan bilimlari oʻzimiznikidaymi, deyman? Yulduzlar yonishi haqida eshitganmiz. Oy qanday qilib «yonadi», isbotlash ham kerak-da!
*** *** ***
Shomrot akam qattalar,
Shomrot akang shoʻttalar.
Shakarxanda:
– Oilaviy sirlaringni ovoza «qillaring» endi! «Shomrot akam qatta, Shomrot akam qatta?» Birinchidan, «Shomrot» emas, ota-onasi uni ham suyib, «Shohmurod» deb ism qoʻygan! Ikkinchidan, senday suluvgina xotinini tashlab, sangʻib yurgan «Shomrot» akang «qatta» emas, gʻirt latta ekan, qizim! Qoʻy, boshqa ashula ayt!..
*** *** ***
Nechun yirogʻlab ketding,
Yana sogʻindim, yana…
Shakarxanda:
– Sogʻinchning davosi – diydor, deydilar. Suluvginaning qoshiga uching, hofiz. Kuylab, dardni dasturxon qilib oʻtirgandan ne foyda?
*** *** ***
Boshim aylandi,
Boshim ayla-andi…
Shakarxanda:
– Bu juda xavfli-ku, hofiz!..
*** *** ***
Mahallangni kezaman,
Toʻyingni ham buzaman…
Shakarxanda:
– Azizlar, toʻy-poʻy qilayotganda, xavfsizlik choralarini kuchaytirishingizni iltimos qilamiz…
*** *** ***
Men seni yorim desam,
Yoningda yoring bor ekan…
Shakarxanda:
– Hozirgi qizlarga oʻylab gap otish kerak, hofiz!
*** *** ***
Bu hovlining men uchun
Darvozasi yopilgan…
Shakarxanda:
– Yopiq ekan, deb qarab turaverish yaramaydi, uka! Zvonokni bosing, zvonokni!
*** *** ***
Qashqadaryodan Surxondaryoga
Kelin boʻlib ketdi Laylo…
Shakarxanda:
– Bu – hayot, uka. Qizlar kelin boʻladi, yigitlar kuyov. Laylo tegib ketgan boʻlsa, Lobari bor, Lolasi bor. Shunga kuyinib oʻtirasanmi?
*** *** ***
Sen faqat tabassum qil,
Sen faqat tabassum qil…
Shakarxanda:
– Boʻlar-boʻlmasga, kun – yigirma toʻrt soat tabassum qilganlarga qanday tashxis qoʻyilishini bilasizmi, yaxshi qiz?
*** *** ***
Men seni oʻxshatardim
Jonginam, ohularga…
Shakarxanda:
– Inson mukarram zot, deyishadi. Uni jonivorlarga tashbeh qilib boʻlmaydi, oʻrtoq!
*** *** ***
Ishq nashtari tilkalaydi kuragimni,
Arazingiz ochilmaydi, arazingiz…
Shakarxanda:
– Sevgining yurakka emas, kurakka sanchilishi – zoʻr yangilik! Arazning ochilib-yopilishini ham sizdan eshityapmiz, birodar.
*** *** ***
Arazlamang, jonim, siz arazlamang,
Oʻzim oʻsma qoʻyay shu qoshingizga…
Shakarxanda:
– Yaxshisi, goʻzallik saloni ocha qoling, doʻstim!..
«UY BEGI» – UY BEKLARINING SEVIMLI GAZETASI (HAJVIYa)
Muhtaram va goʻzallikda tengsiz ayollarini uy ishlaridan «ozod» qilgan uy beklari!
Siz bugun farzandlar tarbiyasi bilan bandmisiz? Sizni roʻzgʻor ikir-chikirlari – bolalarni kiyintirish, ovqatlantirish, maktabga (bogʻchaga) olib borib-olib kelish… kabi yumushlar qiynayaptimi? U holda «Nazokatli va nafosatli uy beklari» masʼuliyati cheklangan jamiyati muassisligida nashr etilayotgan yangi – «Uy begi» gazetasini oʻqib boring!
Gazeta xotini xorijga ishga ketgan yoki shu yerda ishlaydigan, oʻzi esa uyda butkul farzandlar tarbiyasi bilan mashgʻul siz kabi barcha uy beklariga bagʻishlangan.
Uning yaqindagina eʼlon qilingan nishona sonini qoʻlingizga olar ekansiz, birinchi sahifasiga nigohingiz tushiboq, vujudingizga titroq kirishi aniq. Chunki unda chet elga ish qidirib ketganicha, uch yildan buyon oʻzi haqida xabar qilmayotgan ayolini qoʻmsayotgan dilning hasratlari bilan tanishasiz. Mazkur sogʻinchnoma muallifi, mehribon uy begi Bardamboy Gulyuz, soʻzining oxirida uni tashlab ketgan ayoliga koʻz yoshlari daryo boʻlib, shunday murojaat qiladi: «Shirmongul, goʻzalim! Uyga qaytsang-chi! Men gʻaribing-ku, nachora, koʻnikib ham qoldim… Loaqal, bolalarimizni oʻylasang-chi, Shirmon! Kichkinangni soʻramaysanmi? Uyam esini tanib qoldi, sen ketganingdan beri! Har oqshom Rayhonmi, Aliyami televizorda koʻrinib qolsa, ekranga talpingani-talpingan! Oyim ham oʻsha yerda boʻlsa kerak, deya xarxasha qilgani qilgan! Muni koʻrib, yuraging ezilmaydimi, Shirmon?! Meningam boʻlarim boʻldi-ku, tezroq qayt, jonim!..»
Mazkur sogʻinch maktubini oʻqigan har qanday tosh yurak erib, suvga aylanishi shubhasiz.
«Faqat uy beklari oʻqisin!», «Namunali uy begiga maslahatlar» (bu maqolada ishdan qaytayotgan xotinini xushmuomalalik va shirin tabassum bilan kutib olish qoidalari bayon qilingan), «Dadangni oyingga bepardoz koʻrsatma» kabi ruknlar ostida eʼlon qilingan bir qancha materiallar ham eʼtiboringizni tortishiga shubha qilmaymiz.
«Bolalar bogʻchada payti» – uy beklari uchun dam olish sahifasi. Unda bir-biriga oʻxshash va oʻxshamagan ming turli seriallarning keyingi qismlari bayoni («Rayhon bir doʻstinikida tunni oʻtkazdi, oqil yigit Amirxon uni kechirdi!», «Aliya yana sevib qoldi», «Bu xiyonat emas, sevgi!» singari sarlavhalarda), «Yuzdagi dogʻni qanday ketkizsa boʻladi?» («Goʻzallik olami» ruknida), «Qadringiz necha dollar?» (bir isyonkor uy begining oʻz tengi uy beklariga tanqidiy murojaati), «Gʻiybati emas, sifati» kabi maqolalarni oʻqiysiz.
Aziz uy beklari! «Uy begi» – bu Sizning gazetangiz! Unga obuna boʻlishga oshiqing!
Obuna indeksi: 13-13-13. Narxi, bir yil uchun – xotiningizning besh kunlik ish haqi miqdoriga teng.
PS. Gazeta bosh muharriri Qoqigul Mottiyeva xorijga ishga ketayotganligi sababli bosh muharrir lavozimiga tanlov eʼlon qilinadi! Nomzodlar erga tekkan yoki tegib chiqqan boʻlishi shart.
2008 yil
ADIBDAN ARMUGʻON (HAJVIYa)
(taqriznamo)
Eshmon Mallani adabiyot muxlislari yaxshi biladi. Uning «Harorat», «Baqaning tirilishi», «Oʻtloqqa taʼzim» kabi romanlari, «Pichanzor oralab ikki kun», «Qovunning hidi» qissalari allaqachon oʻquvchilar qalbidan joy olgan boʻlsa, «Yor, oramiz ming qadam», «Oshiq emas, xaridoringman» sheʼriy toʻplamlarini nazm ixlosmandlari haligacha qoʻllaridan qoʻymay oʻqiydi. Eʼtiborlisi shuki, adibning deyarli barcha asarlari yigirmadan ortiq mahalliy shevalarga tarjima qilingan.
Yaqinda esa sevimli ijodkorimizning «Armugʻon» nomli yangi kitobi «Gʻildirak» nashriyotida yuz ming nusxada chop etildi. Qalin muqovali, gul bezakli ushbu kitob chindan ham adibning chin doʻstlari, yaʼni muxlislari uchun ajoyib sovgʻa boʻldi, desak, yanglishmaymiz.
Kitobdan muallifning bogʻcha, maktab, institutda taʼlim olgan yillari tushgan mingga yaqin surati, yana shuncha boshqa suratlari oʻrin olgan. Ayniqsa, hurmatli yozuvchimizning oʻz oilasi davrasida tushgan yetmishga yaqin fotosurati borki, bu kitobni varaqlagan hech bir kishini befarq qoldirmaydi, deb oʻylaymiz.
Lekin kitobni butunlay fotosuratlardan tashkil topgan, deb boʻlmaydi. Chunki undan ijodkorning keyingi yillarda yozgan ikkita gulday asari ham joy olgan. Shulardan birinchisi «Men ham nihol edim…» deb nomlanadi. Unda muallif bolaligi, oʻquvchilik va talabalik davrlari toʻgʻrisida joʻshib gapiradi. «Men, –; deydi u yana mazkur asarida, –; hayotda juda koʻp yutuqlarga erishdim, dunyo kezdim. Asarlarim kirib bormagan joy dunyoda qolmabdi…» U yana yozadi: «Qayerga bormay, hurmatimni joyiga qoʻyishadi, sevishadi, qadrlashadi. Xoʻsh, men bunday obroʻ-yeʼtiborga qanday sazovor boʻldim? Albatta, oʻz isteʼdodim orqasidan…»
Asarda oʻquvchini oʻziga sehrlab qoʻyadigan gʻoyatda qiziqarli maʼlumotlar ham juda serob. Xususan, muallifning bolaligida xoʻrozqandni judayam yaxshi koʻrganligi toʻgʻrisida yozilgan gaplar asarga oʻzgacha jozibadorlik baxsh etadi, bu gaplarni oʻqib xuddi xoʻrozqand yalaganday boʻladi kishi…
«Armugʻon»dan oʻrin olgan ikkinchi va soʻnggi asar «Men oʻzimni bilmasam…» deb nomlanadi. Asar toʻligʻicha muallifning oʻzi yozgan asarlariga oʻzining tanqidiy va tahliliy qarashlaridan iborat. Yaʼni yozuvchi ushbu asari orqali oʻzining barcha asarlarini oʻzi tahlil qilib chiqadi. Masalan, u bir paytlar yozgan, hozir esa birozgina unutilayozgan «Boltaboy va Gulkaram» ishqiy dostonini tahlil qilar ekan, shunday yozadi: «Kamina ushbu asarim vositasida «pana-pana joylar»da qolib ketayotgan sevgimas, balki qalbning toʻrida paydo boʻlib, soʻngra toʻy orqali elga maʼlum qilingan sevgi –; haqiqiy sevgidir, demoqchi boʻlganman…»
Adib unutilayozgan asarlaridan yana biri –; «Qargʻa» romani haqida ham kuyunib yozadi: «Romanim yomon chiqqan, deb aytolmayman. U juda gʻoyaviy yuksak, hayotiy va goʻzal asar, faqat nomi andak dagʻalroq, shekilli, mashhur boʻlib ketolmadi. Unga «Qargʻa» emas, «Bulbul» deb nom qoʻyganimda boshqacha boʻlarmidi… Afsuski, nom tanlashda xato qilganman va shu jihatdan oʻzimni qattiq tanqid qilishga haqqim bor…»
Umuman olganda, yangi –; avtotanqid va avtotahlil janrlari uygʻunligida yozilgan mazkur asar adib ijodining choʻqqisi boʻldi, desak, zarracha mubolagʻa qilmagan boʻlamiz.
Ha, kitob javonlari yana bir nodir kitob bilan boyiydigan, tafakkurga tashna millionlab qalblar esa bundan bahra oladigan boʻldilar. Zero, biz uchun aynan mana shunday kitob kerak emas, balki zarur edi!
Soʻzimiz soʻngida sevimli ijodkorimiz tomon yuzlanib: «Qalamingiz hech qachon sinmasin. Koʻp yashang, Eshmon ogʻa!» deb qolamiz. Sizlardan soʻraganimiz esa, albatta, bu kitobni oʻqimasangiz ham, bir varaqlab chiqing. Siz bilgan barcha kitob doʻkonlarida shu kitobdan borligiga esa mazkur taqrizni yozgan tanqidchi Qayroq Charxiy kafolat beradi.
2006 yil
ALKASHLAR ANJUMANI (HAJVIYa)
reportajnamo
– Men ichgan aroqlarni yigʻib, hajmini hisoblasak, dunyo okeani suvi hajmidan bir yuzu oʻn baravar koʻp chiqardi, – deydi Xalqaro alkashlar uyushmasi raisi, oʻn toʻqqiz karra jahon aroqxoʻrlari musobaqasi gʻolibi, mashhur piyonista Aroqsiz Turmasov alkashlarning yillik hisobot majlisida. – Ha, men butun umrimni oʻzimning sevimli kasbim – ichkilikbozlikka bagʻishladim. Yeganim ham, kiyganim ham shu ichkilikning orqasidan boʻldi. Ammo hech kimdan kam boʻlmadim…
Shuningdek, majlisda soʻz olgan Sharobbek Shaytonqulov hozirgi kunda ichkilikbozlik xalq orasida juda kamayib ketganligi va uni omma orasida keng targʻib qilish bugungi kunning eng dolzarb muammosi boʻlib qolayotganligi xaqida kuyib-pishib maʼruza qildi.
«Aroqxoʻrlikni xalq orasida yaxshi targʻib-tashviq qila olmayotgan «Piyonista» gazetasi faoliyatini qattiq qoralayman, – dedi u qoʻlidagi may toʻla qadahni minbar ustiga «taq» etib qoʻyarkan. – Gazeta oʻz vazifasini bajara olmayapti! Mana, qoʻlimda uning sakkizta soni. Birortasida ichkilikni targʻib etuvchi tuzuk, «oʻqimishli» bir maqola yoʻq».
Mashhur alkashning mazkur soʻzlarini zal qarsaklar bilan maʼqulladi. Shundan soʻng oʻtgan yili bir oʻtirishda bir kam yigirma toʻrtta shishani dumalatib, oʻz tengdoshlari orasida mutlaq jahon chempioni boʻlgan va «Oltin butilka» kubogini qoʻlga kiritgan yosh iqtidorli alkash Mayxoʻrjon Kayfqulov minbarga chiqdi. U oʻzidan oddin soʻz olgan har ikkala ustozining gaplariga qoʻshilajagini qistirdi. «Kelinglar, dunyodagi barcha alkashlarning sogʻligʻi uchun ichaylik! Olinglar, oldirmanglar!», – dedi u bir shisha aroqni qoʻlida oʻynatar ekan.
Soʻngra majlis ishtirokchilari Mayxoʻrjonni «Yilning eng yaxshi yosh aroqxoʻri» deb tan oldilar va u maxsus «Billur qadah» medali bilan mukofotlandi. Majlis soʻngida «gʻolib» muxbirlarga intervyu berar ekan, bu yutuqlari bilan aslo chekinib qolmaslikka, kelajakda boshqa sohalarda ham, masalan, kashandalik va giyohvandlikda ham oʻzini koʻrsatishga vaʼda berdi.
2006 yil
MAYDON – YUMALOQ, TOʻP – TEKIS (HAJVIYa)
Yangiliklar
Hisobni hech kim bilmaydi
Kuni kecha (chislosi yoʻq) Qovunqishloqdagi markaziy «Chakalakzor» stadionida qishloq chempionatining final uchrashuvi oʻtkazilib, unda «Qovunchi» va «Sovunchi» jamoalari maydonga tushishlari kerak edi. Ammo oʻsha kuni «arena»dan qishloq podasi tushki «hordiq» uchun «foydalangani» sababli, uchrashuv ikki yarim soat kech boshlandi. Oʻyin qorongʻi tushib, «Sovunchi» jamoasi forvardi Shoshildiyevning toʻp oʻrniga yumaloq toshni tepib olgunigacha davom etdi. Bahsda futbolchilar odatdagidek bitta emas, ikkita toʻp bilan oʻynashgani tufayli, gollar ham shunga yarasha boʻldi. Ularni sanab borishning iloji boʻlmagach, aniq hisob borasida ham bir gap aytish qiyin. Shuning uchun biz oʻyin ishtirokchilari bilan suhbatda boʻldik.
– Bu paytda hisob 13-8, biz yutayotgan edik, – dedi ertasiga «Qovunchi» bosh murabbiyi Qulmurod Qulboyev. «Sovunchi» sardori Oʻtajon Oʻtarovning guvohlik berishicha, oʻyin 20-5 hisobida ularning gʻalabasi bilan tugagan. Uchrashuvga hakamlik qilgan Sorijon Sottiyev esa oʻyin vaqtida gʻirt mast boʻlgani uchun, hisobni eslolmasligini aytdi.
– Lekin, – dedi u ogʻzini katta ochib esnagancha, – oʻzimning qanday gol urganimni juda yaxshi eslayman. «Qovunchi» darvozasiga oʻn bir metrli jarima toʻpi belgiladim. Qarasam, futbolchilar penaltini talashib, toʻp tepish oʻrniga bir-birini tepayapti. Hammang munday tur, dedim-u, toʻpni oʻzim tepib qoʻya qoldim…
Xullas, kim gʻolib chiqqani nomaʼlumligicha qoldi. Superderbi qayta oʻtkazish yoki oʻtkazilmasligi chempionat homiysi Mamatqul raisning kayfiyatiga bogʻliq boʻlib turibdi.
Transfer amalga oshadimi?
«Qovunchi» futbol klubining rasmiy saytida yozilishicha, jamoa keyingi mavsumda «Pillakor» yarim himoyachisi Norqulovni sotib oladi. Ammo buning uchun «Pillakor»ga 50 ming dona qovun berishi kerak.
– «Pillakor» klubi rahbariyati bizdan 75 ming dona qovun talab qilayapti, – deydi bu haqda «Qovunchi» sport direktori Bekqulov. – Biz esa Norqulov uchun koʻpi bilan 50 ming dona toʻlashimiz mumkin. Oʻz vaqtida hatto Ronaldoni ham 45 ming qovunga olmaganmiz. Umuman olganda, Ronaldino, Shevchenko va Norqulov kabi futbolchilar uchun 40 mingta qovun ham koʻplik qiladi. Biz boʻlsak, 50 ming berishga rozimiz-u…
Soʻnggi maʼlumotlarga qaraganda, «Qovunchi» «Sovunchi» sardori Oʻtajon Oʻtarovni ham 35 ming dona handalak evaziga oʻziga oʻtkazib olmoqchi. Oʻtarov oʻtadimi, oʻtmaydimi, buni yaqin orada bilib olamiz.
2009 yil, may
TANQIDCHI OʻTKIR BOLTA BILAN SUHBAT (HAJVIY INTERVYu)
– Oʻtkir aka, sizga Bolta aka deb murojaat qilsam, maylimi? Chunki ismingizdan koʻra taxallusingiz el orasida juda mashhur. Bolta nomingizni eshitganda, hatto adiblar adibi, shoirlar shoiri Eshmon Malla ham joyidan uch yarim qarich uchib tushar ekan.
– Haligi, «Pichanzor»ni yozgan bolani aytayapsiz-da?
– Kechirasiz, men «Pichanzor oralab ikki kun» trilogiyasi muallifi, «Oltin siyohdon» mukofoti sohibi, adib va shoir, mavlono Eshmon Malla haqida gapiryapman…
– Hm-m… Men uning hamma asarini oʻqib chiqqanman. Nuqul kitobxonni aldaydi-yu, lekin oʻzi durust bola. «Pichanzor»ining syujeti oʻzining «Bedazor» romanidan olingan. Faqat birida voqealar pichanzorda, ikkinchisida bedazorda boʻlib oʻtadi. Ha, aytganday, bosh qahramonlari ham boshqa-boshqa. «Pichanzor» qahramoni – Shomurod, «Bedazor»niki – Boymurod. Lekin men ikkita asar bosh qahramonlarining bitta qizga koʻngil qoʻyishini hech hazm qilolmayman. Shomurod ham, Boymurod ham Oysha degan qizni yaxshi koʻradi. Misol uchun, shu asarlarni men yozganimda, ikki qahramonimga ikkita qizni tavsiya qilgan boʻlardim. Oysha, mayli, Shomurodniki boʻla qolsin, Boymurodga Oygul deganini duch qilardim. Oysha va Oygul. Ikkovida ham «Oy» bor. Qalay?
– Zoʻr-ku, lekin bu asarlar yozilib, har biri million nusxadan chop etilganiga ancha yillar boʻlib qoldi. Muallif asarlariga sizning tavsiyangiz bilan oʻzgartirish kiritishiga ishonasizmi?
– Buning nimasi qiyin ekan? Xalq, yaʼni kitobxonlar shuni talab qilayapti, oʻrtoq yozuvchi, yoki siz xalqqa qarshimisiz, deyman. Qani ogʻzini ocharmikan?.. Be, siz Eshmonni yaxshi bilmas ekansiz, u oʻzi unchalik yomon yozuvchi emas.
– Bilamizki, siz koʻp yillardan buyon sanʼat sohasida ham qalam tebratib kelasiz.
– Ha, qalam tebratib kelayotganim rost. Qalamning orqasidan roʻzgʻor ham tebratib kelayapmiz. Qora qozon qaynab turibdi, harqalay.
– Ayting-chi, Boltaboy aka, hozir kimlarning ashulalarini sevib tinglayapsiz?
– Men sevib tinglaydigan ashulalar koʻp. Ochigʻini aytsam, keyingi paytlarda saviyam bir qadar «oshib», oʻzim bir vaqtlar qoʻshiqlarini kulga bulab, tuproqqa qorishtirib, «boltalab» tashlagan qoʻshiqbuzarlarni ham hofiz oʻrnida koʻrib borayapman. Haligi, bir qoʻshni xalq maqoli boru, baliq boʻlmasa, baqayam baliq oʻrnida oʻtaveradi, degan. Onasini toʻyib emgurlar, oʻroqday, e, yoʻgʻ-e, ignaday toʻgʻri gapni aytishgan ekan. Shu, masalan, oldin toʻrtta qiz likillab qoʻshiq aytadigan «Lolalar» guruhini, miyasi sogʻ odam borki, «Chalalar» guruhi deb atardi. Negaki, qoʻshiqlari chala pishgan oshni eslatardi-da. Hozir diqqat bilan tinglab koʻring, uning qoʻshiqlari bugungilarning «mingʻillash»lari oldida «shlyager» boʻlib qolgan. Kuni kecha televizorda Jey-jey Nuqta Sharob degani chiqib, besh minut quloqni shangʻillatdi. Yangangizning qoʻlidan pultni yulib olib ovozini «noʻl»ga tushirsam ham eshitilib turdi-yey. Birinchidan, shu xonandaga hayronman, «Jey-jey» degan ismni qayerdan olgan? Undan koʻra, oʻzbekcha qilib: «Joʻja» deb olganida zoʻr boʻlardi. «Nuqta» degani: «Boʻldi, Oʻzbek estradasiga nuqta qoʻyaman, hammang tamomsan!», degani boʻlsa kerak. «Sharob» otiyam egasiga mos emas. «Sharob» emas, «Xarob» deganida sanʼatkorning oʻz ijodi yorqin ifoda etilgan mukammal taxallus boʻlardi.
– Xabaringiz boʻlsa kerak, hozir doʻstingiz Bardamqul Baqiroqning bozori chaqqon. Aytishlaricha, u yigirma-oʻttiztalab sheʼrni konveerdan chiqarganday bir kunda yozib tashlar ekan. Xonandalar faqat uning sheʼrlarini kuylashayotganmish. Unga munosabatingiz qanday?
– Bardamboy hamisha bardam, xuddi jigarimday boʻlib ketgan yaqinlarimdan biri edi. Nima jin urdi-yu, tuppa-tuzuk injenerligini tashlab, «shou-sheʼriyat»ga oʻzini urdi. Mayli, haloli boʻlsin. Bir oycha boʻldi, Oʻtkirvoy, oʻzimni xonandalikda ham bir sinab koʻrsammikan, nima maslahat berasan, deb qoldi. Doʻstimning pichirlaganda ham filni choʻchitadigan ovozi bor. Buni bilganim uchun, unga omad tiladim. Ishoning, agar u qoʻshiq aytsa, yuraklarni sel qiladi. Qolaversa, hali aytdim, balandgina ovozi bor. Uning uchun yaponlargami, koreyslargami aytib, maxsus ovoz pasaytirgich uskunalar ishlab chiqarishni «zakaz» berish kerak. Bu jahon qoʻshiqchilik sanʼatida yangilik boʻladi. Doʻstim kontsert berib qolsa, reklamasida muxlislarning qulogʻiga paxta tiqib kirishlarini ham eslatib qoʻyish lozim. Shuningdek, kontsert saroyi maʼmuriyatiga ham tavsiyam bor. Baqiroqning kontsertigacha saroy oynalarini qalinrogʻiga almashtirishsin. Bir yuz toʻqson – ikki yuz detsibel ovozda oynalar tugul devorlar ham darz yeyishi mumkin. Buni eʼtibordan chetda qoldirish yaxshilikka olib kelmaydi.
– Boltaboy aka, sizni xalq mashhur tanqidchi deb biladi va ardoqlaydi. Munaqqid Oʻtkir Boltaning tanqidchilikdan ham boshqa sevimli mashgʻuloti – «xobbi»si bormi?
– Yaʼni boʻsh vaqtlaringizda nima bilan shugʻullanasiz, demoqchisiz-da?
– Yashang.
– Men boʻsh vaqtlarimda koʻpincha boʻsh boʻlaman. Bu javobim hazil, albatta. Jiddiy aytadigan boʻlsam, tanqidchilikdan boʻshagan paytimda, boltamni oʻtkirlashga harakat qilaman.
– Majoziy maʼnoda aytayapsiz-da?
– Oʻlmang. Buni ikki xil maʼnoda tushunish mumkin. Ammo bir sirimni, toʻgʻrirogʻi, hasratimni ham ayta qolay. Boltamni charxlashga charxlaymanku-ya, uni tuzuk narsaga ishlatishni ham oʻylashim kerak. Misol uchun, oʻzim salkam oʻttiz yildan beri faqat Eshmon Mallaning uch-toʻrtta asarini qayta-qayta tanqid qilib kelaman. Ikkalamiz necha marta shuning ustida «choʻqishib» oldik.
– Menga yopishganing-yopishgan, kley! – deya xezlanib qoladi bachchagʻar Malla.
Nima qilay, Eshmonnikidan boshqa mening «boltam»ga munosib asarning oʻzi yoʻq. Keldi Qora deganlari boru, uning yozganlariga «bolta» urish uyoqda tursin, bolta tekkizish hayf.
Shu, muxbir ukam, hasratim shu mening. Ammo toʻgʻrisini ayting, suhbatimizning qanchasini «kesib» tashlamoqchisiz? Aytavering, xafa boʻlsam, Bolta otimni Tesha qoʻyaman.
– Salomat boʻling, ustoz! Bizda qaychi degan buyumning oʻzi yoʻq. Ularni tupkanning tubiga koʻmib tashlanganiga koʻp yillar boʻlib qoldi. Xavotir olmang.
– Barakalla sizga…
2011 yil
FUTBOL ShARHI
(yozib olingan, oqqa koʻchirilgan original nusxa, tahrirsiz)
Assalomu alaykum, aziz futbol muxlislari! Mana bugun Borsakelmas qishlogʻidagi markaziy «Changalzor» oʻyingohi futbolchilarning qarindosh muxlislari bilan liq toʻla. «Chang-TV» kanali sizlarga Borsakelmas chempionati eng qiziqarli oʻyinining ikkinchi taymini namoyish etadi. Maydonda ikki buyuk jamoa – «Pillakor» va «Chorvador»… Mana qarang, hozir «Pillakor» jamoasi keng front boʻylab hujumga oʻtmoqda! Toʻp bilan darvozabon Beshqulov… Zarba! Go-ooo-ooo-oooll!!! E, kechirasiz… Toʻp darvoza toʻriga tashqi tomondan tegibdi…
Ana, Beshqulov oʻz darvozasiga qaytmoqda. Endi kim? Ha, endi «Chorvador» futbolchilari hujum uyushtirmoqda. Norgʻulov… U toʻpni Shoshildiyevga oshirdi. Shoshildiyev shoshqaloqlik bilan oldinga intilmoqda. Darvozaga qadar qirq olti yarim metrlar masofa bor, eh! Shu yerdan ursa boʻladi!!! A-ha! U tepni toʻpdi… Kechirasiz, toʻpni tepdi! Ha-aaa-aaa! Shoshildiyev tepgan toʻp vertolyot singari havoga koʻtarildi. Birodarlar, negadir toʻp yerga tushmayapti. Bu – maydondagi oʻyinchilar uchun ayni muddao boʻldi. Ularning baʼzilari biroz mizgʻib olish uchun choʻzilishdi… «Pillakor» bosh murabbiyi esa paytdan foydalanib, oyoqda tik turgan uch nafar shogirdiga nimalarnidir uqtirmoqda, shekilli… Chamamda, u futbolchilarga, xotirjam boʻlinglar, baribir biru noʻl boʻladi», deyotgan boʻlsa kerak… Ana, nihoyat, toʻp maydonga qaytib tushdi, «Chorvador»ning hujumi. Boyshakarov. U Haqqiyevga pas berdi. Haqqiyev oʻziga faqat Zidanga maʼlum boʻlgan texnikasini ishga solib, toʻpni orqasi bilan Mallayevga tashlab berdi. Mallayev! U roʻparasidan chiqqan bir, ikki, uch, toʻrt… Sakkiz raqibini aldab oʻtdi. Nima uchundir raqiblaridan biri unga qichqiryapti. Lekin Mallayev eshitmadi. U olgʻa intilmoqda. Darvoza boʻsh… Udar!!! Goo-ooo-oooll! Mana buni haqiqiy shedevr desa boʻladi!.. Toʻxtang, nimalar boʻlayapti maydonda? Mallayev «Chorva» futbolchisi edi, chogʻi… Negadir, uning golini «pillakor»chilar nishonlamoqda! Ana, xolos! Mallayev raqib emas, oʻz darvozasini ishgʻol qilibdi-ku! Nima boʻlgandayam, juda chiroyli gol va hisob biru noʻl.
Hurmatli teletomoshabinlar, aziz muxlislar! Siz, sogʻinib kutilgan Borsakelmas «el-klassiko»sini tomosha qilayapsiz. Ha, bugun butun dunyo ikkiga boʻlingan, desak xato boʻlmaydi. Bir taraf «Pillakor», yana bir taraf «Chorvador» fanatlari!.. Ekraningizda har ikki klub prezidentlarini koʻryapsiz. Negadir, ularni oʻyin unchalik qiziqtirmayapti, chogʻi, bahuzur pivoxoʻrlik qilib oʻtirishipti… Rejissyorimizdan bu lavhani koʻrsatmasligini iltimos qilardik… Ana, yana bir hujum… «Pilla»chi Daqqiyev oldinga bormoqda. Afsuski, uning yoʻliga bosh hakam toʻgʻanoq boʻldi. Aniqrogʻi, bu hujumchi sudya bilan toʻqnashib ketdi. U jarohat olgan koʻrinadi. Ana, xolos! U jarohatiga qoʻshib sudyadan bitta sariq kartochkayam oldi! Tushunmayapman, jarima toʻpi belgilandi… Darvozagacha yigirma yettimi.. Yoʻq, chamamda oʻttiz bir yarim metrlar masofa bor. Toʻp oldida Sottiboyev. Siz uning qanday kuchli zarba sohibi ekanligini yaxshi bilasiz. Uning, ayniqsa, «Koʻmirchi» jamoasi darvozasiga qanday gol urgani esingizdadir? Mana, u toʻp tomon yugurib borayapti. Qaniii!!! Eh! U toʻpga qoqilib ketdi… Bilmadik, juda holdan toygan, shekilli…
…Ha, aziz doʻstlar. Biz siz bilan mana shunday shiddatli va keskin, dramatik uchrashuvni tomosha qilyapmiz… Oʻyin tugashiga oʻttiz sakkiz daqiqayu oʻn besh soniyacha vaqt bor. Ajabo, yordamchi hakam bir daqiqa qoʻshimcha vaqt berilganligini koʻrsatayaptimi?.. Kechirasizlar, bizning soat toʻxtab qopti… Maydonda esa shiddatli va keskin kurash davom etmoqda… Mana, nihoyat, bosh hakamning final hushtagi yangradi. Bundan futbolchilarning boshlari osmonda. Hatto magʻlub jamoa oʻyinchilari ham bir-birlarini tabrklashyapti… Balki yirik hisobda yutqazishmaganidan xursanddir ular? Negadir, bosh hakam ham tabassum qilayapti. Bugun hammaning ishi yurishgan chogʻimda!..
Shunday qilib, «Changalzor» stadionidan toʻgʻridan-toʻgʻri yozib olib namoyish etayotgan reportajimizni yakunlaymiz. Sharhlovchi – Joʻqiyev. Yana shunday chiroyli oʻyinlarda diydorlashguncha omon boʻling, azizlar!
2008
QORBOBO BILAN SUHBAT (HAJVIY INTERVYu)
Qorbobo bilan faqat Yangi yil bayramida uchrashamiz. Ammo u bilan hali hech kim ochilib gaplashmagan boʻlsa kerak. Sababi, Qorbobo bu mahal juda band boʻladi. Hali u yer, hali bu yerga tashrif. Ammo ishonasizmi, u bizga intervyu berishga rozi boʻldi. Oʻzimga-ku. koʻnmasdi-ya, aziz oʻquvchi, oʻrtaga Sizning nomingizni qoʻydim-da. «Turkiston» oʻquvchilariga boʻlsa, mayli, dedi muzday soqolini ishqalab. Shunda biram sovqotib ketdikki… Harqalay, suhbat qizib, bizni bu balodan ozroq chalgʻitganday boʻldi…
– Qorbobojon, bilamiz, siz juda uzo-oq oʻlkalardan kelayapsiz. Sovqotmadingizmi? Bu – birinchi savol. Ikkinchisi, ayting-chi, oʻsha uzo-oq oʻlkalarda Yangi yil bayramini qanday nishonlashadi?
– Birinchidan bolam, men «uzooq oʻlkalardan» kelayotganim yoʻq. Narigi mahallada yashayman, koʻrgansan-ku? Oʻsha yerdan kelayapman. Qormomong toza odamni egovladi, hamma qorbobo boʻlayapti, uyda yotavermasdan, siz ham boʻling, harna, bayramga bozorlik ishlarsiz, deb. Shunga… Ikkinchidan, sovqotmadingizmi, deganing nimasi?.. Men qorboboman-ku!..
– Ikkinchi savolimga javob bermadingiz…
– Senam gapni «shlang»day choʻzarkansan, bolam. Bittadan savol ber-da. Nimaydi savoling?..
– Uzoq oʻlkalarda Yangi yil bayramini qanday nishonlashar ekan, shuni bilmoqchiydim. Masalan, Italiyada odamlar har yilning oxirida uyidagi bor buyumlarni derazadan uloqtirib, yangi yilni yangi buyumlar bilan kutib olisharkan…
– Ho-o, ho, hoo!!! Shunaqa ekanmi? Rosa esi yoʻq odamlarkan-ku, boʻtam. Yoʻq, senam lekin yomon oshirvorarkansan-da, bolam. Ularam anoyi boʻlmasa kerak. Ilingan narsani koʻchaga uloqtirib? Buyogʻi, «krizis» degan baloi ofat hali butkul arimagan boʻlsa, ahmoq emasdir-ov…
– Ha, endi bobojon, bizam oʻqiganimizni aytayapmiz-da, borib koʻribmizmi? «Bekorchi» gazetasida shunday yozishgan ekan…
– Men senga aytsam, «Bekorchi» gazetangdagilar gʻirt bekorlarini aytibdi. Ana, mening oilam haqida ham boʻlmagʻur narsalarni chiqarib yotishibdi. Emishki, men Qormomong bilan qirq yildan beri birga yashamasmishman. Nima, qirq yildan beri yashamayotgan boʻlsam, unda ayt-chi, bolam, Qorxolang, Qortogʻang, Qorjoʻranglar qayerdan bino boʻlardi? Qorga oʻxshab osmondan tushmaydi-ku? Yomon qizishay devdim, Qorammang, qoʻying, Qoraka, siz bilan biz qizishsak, qizib-yonib erib ketamiz, oʻzingizni bosing, deb qoldi. Boʻlmasa, chatoq boʻlardi lekin, bolam!
– Aytgancha, bobojon, yoningizda Qorqiz koʻrinmaydi?
– Ay-y, shuni soʻramayapsan, deb xursand boʻlib turuvdim.
– Nega, bobo?
– Qorqiz – bilasan, sizlarning mahallalaringlik Oychiroy edi. Oʻtgan yili men bilan uyma-uy yurdi, yurdi, yurdi-da, soʻgʻin yana men bilan yurdi. Yana yurdi, yurdi, oxiri shu kirgan uylarimizning birida qoldi-ketdi. Bilmayman, nega munday qildi, qurmagʻur. Tuppa-tuzuk Qorqiz boʻlib yuruvdi, qaysidir uyda qolib ketdi-yu, yaxshigina Qorbekaga aylandi-qoldi. Baxtli boʻlsin, iloyim!
– Qorbobojon, mana mazmunli suhbatimiz ham yakunlanay deb qoldi…
– Nima, sen mendan mazmunsiz suhbat olaman, deb oʻylovmiding, boʻtam?
– Yoʻgʻ-e, sizning ichingiz toʻla mazmun-ku, bobojon! Qopingizdayam boʻlsa kerak… Haligi, suhbatimiz soʻngida, oʻquvchilarga tilagingizni bilmoqchiydim… Keyin, bolaligimda Qorbobolar odatda sovgʻa berishardi…
– Qorbobolar bolaligingda sovgʻa berishgan, boʻtam. Sen soʻlaqmonday ekansan-ku! Yo haligi artist sening oshnang boʻladimi?
– Qaysi artist?
– Haligi, boʻyi ikki metr, yoshi oʻttizdan oshgan, soqol qoʻysa, koʻksiga yetadigan bir yigit bor-ku: «Qorbobolar yasab bering menga, togʻa» deb yigʻlaydi. Tani-joning sogʻ, qoʻl-oyogʻing butun, oʻzing yasab olsang boʻlmaydimi, yigit, degim keladi. Oʻzi shu artistlaringgayam qoyilmasman-da, ogʻziga kelganini qaytarmaydigan el…
– Tilaklaringiz…
– Mana, yana yangi yil eshik qoqmoqda. Eshik qoqqanini birov eshitmagan-ku, lekin qoqayapti, bu rost. Gazetalaringda shunday yozasizlar-ku… Nasib boʻlsa, shu yangi yillarda hamma yaxshi tilaklar amalga oshsin. Biz qorbobolar yoshimiz bir joyga borib qolgan, mana soqolimni koʻrib turibsan. Tilagim, hammamizning boshimiz omon boʻlsin. Uylarda yangi-yangi qorbolalar dunyoga kelaversin. Ma, manovini olib qoʻy. Oʻzingga, qorkelinga, qornevaramga berarsan…
– E, qoʻying, bobojon. Sovgʻa bermayman, devdingiz-ku? Qoʻying…
– Biz, qorbobolar birovning dilini ranjitmaymiz. Bu shunchaki, qorhazil edi, bolam…
– Oʻzim ham aytdim, buncha sovuq hazil deb…
– Yasha, bolam, umringdan baraka top. «Turkiston»ning qoroʻquvchilariga mendan salom ayt. Xayr. Esingdan chiqmaydimi?
– Chiqmaydi, bobojon, sizga qopingizday katta rahmat…
2010 yil, dekabr
QORBOBO BILAN SUHBAT – 2 (HAJVIY INTERVYu)
– Qorbobojon, siz bilan yana koʻrishib turganimdan bagʻoyat xursandman…
– Chini bilanmi yo anavi «koʻrishganimdan xursandman» deb salomlashadiganlarga oʻxshab oliftagarchilik qilayapsanmi, bolam?
– Be, nimalar deyapsiz, bobojon, chini bilan xursandman-da! Eh-he, siz bilan suhbatlashganimgayam mana, rosa bir yil boʻlayapti. Esingizdami, oʻtgan yili koʻrishib edik? Shundan beri ishonasizmi, siz bilan yana suhbat uyushtirishimizni soʻrab mingga yaqin muxlis xat joʻnatdi…
– Aniqroq gapir, boʻtam, mingga yaqin deganing nimasi? Buni qancha deb tushunay? Masalan, sal kengchilik qilsak, «bir» ham mingga yaqin son. Sal uzoqrogʻu, lekin baribir yaqin… Menga «tochni» ayt: bir de, bir yuzu ellik olti de, toʻqqiz yuzu toʻqson besh de…
– Ha endi, biz gazetalarda shunday yozib oʻrganib qolganmiz-da! Xullas, sizning endigana muzlatkichdan chiqqanday sovuq-sovuq gaplaringizni sogʻinib mingga yaqin… Kechirasiz, ikki yuzu ellik uchdan ziyod muxlisingizdan xat keldi. Masalan, qovunqishloqlik ashaddiy muxlisangiz Gulkaram momo tahririyatga yozgan ikki yuzu oʻn olti metru yetmish sakkiz santimetrli maktubida (bilasiz, hozir muxlislar oʻrtasida kimning xati uzun degan musobaqa oʻtkazilmoqda): «Turkiston» bolam, Qorbobong bilan suhbat qilibsan, yaxshi, lekin u zotibobarakot negadir, oilalari haqida, yangi uchastkalari, hozir yashab turgan hovlilari, uning qanday mebellar bilan jihozlangani haqida koʻp gapirmabdilar. Masalan, xotinlari Qormomo, Qoroʻgʻilu Qorqizlari toʻgʻrisida biz muxlislari koʻproq maʼlumotga ega boʻlishni istaymiz, deganlar…
– Ay, savolniyam juda uzun berarkansan, bolam… Mayli… Avvalambor, Gulkaramxon singlimizga oilam nomidan oʻzimning sovuq-sovuq salomlarimni yoʻllayman – bilasan, bolam, biz qorbobolar issiq salom yoʻllay olmaymiz. Lekin singlimiz maktubida koʻp mubolagʻaga yoʻl qoʻyganday tuyulayapti-da…
– Xoʻsh, xoʻsh?
– Birinchidan, «oilalari» depti. Xabaring bor, men sakkiz yuz ellik yilu olti yarim oydan beri shu bitta Qormomong bilan yashab kelaman (sizlar gazetalaringda «umrguzaronlik qilib keladilar» deysizlar-ku!). Toʻgʻri, unga uylanishdan avval qancha qorgoʻzallar menga sovuq-sovuq sevgi izhorlar qilishgan. Masalan, bittasi, oti Qorchiroy edi. Menga tegaman deb, oʻttiz ikki qish sovchi yuborgan. Qorotam, juda sovuq odam edi. Rozilik bermagan. Yoʻq, keyin hammasi sovuqqina yakun topdi. Qorchiroy ham mendan koʻngli ilib ketdi. Qortepada Qorboy degan qoroshnam boʻlardi, hozir Qorbozorda muzqaymoq sotadi. Qorchiroy shu yigitdan qorbaxtini topdi. Sovuqqina oilasi bor, qorjiyanlar ham koʻp…
– Qorbobojon, mushtariylarimiz Qorboy oshnangizmas, sizning oilangiz haqida soʻrashgan…
– Oʻmon shoshqaloq bola ekansan-da, bolam. Eshitgansan-a, shoshgan yigit… yolchimas, degan maqol bor. Indamay tursang, oʻzim gapirayapman-ku, boʻtalogʻim?
– Boʻtaloq demang-ay, oʻqiganlar kuladi…
– Nima, toyxar deyinmi emasam?
– Oilangiz haqida soʻrashgan edi…
– Ha, xullas, «oilalari» emas, «oilasi» boʻladi. Ikkinchidan, «xotinlari» debdi. Bu nima degani? Qormomong eshitsa, odam sharmanda boʻladi-ku, boʻtal… E, kechirasan, boʻtam?
– Ha endi, hurmat maʼnosida aytganlar-da, bobo…
– Hamma narsa evi bilan, bolam. Masalan, hurmat qilaman deb, otangga «lar»ni qoʻshib gapir qani, otang seni nima qilarkan? Oʻ boʻlmasa, onangga «lar»ni qoʻshib, «onamla-a-ar» deysanmi? Nima, sening onang koʻpmi yo?..
– Qorbobojon, sizni bilamiz, har yili xonadonlarga yangi-yangi sovgʻalar bilan tashrif buyurasiz. Shuncha sovgʻani qayerdan olasiz?
– Momongdan olaman, bolam. Qormomongni bilasan-a, ham uy bekasi, ham kassir. Faqat boshqa kassirlardan farqi, momong yilda bir oy ishlab, oʻn bir oy «otpuska»da boʻladi. Har yil dekabrda mahallama-mahalla yurib faoliyat olib boradi. Qarabsanki, men Yangi yil bayramiga bir qop sovgʻa bilan, oʻzing aytganingday, «tashrif buyuraman».
– Oldinlari kimda-kim sheʼr aytsa, sovgʻa berardingiz-a?
– Ha. Lekin bu yil unday qilmayapman. Men senga aytsam, toʻqson toʻqqiz yildan beri faqat ikkita sheʼr – «Archa, archa, jon archa» bilan «Qorbobojon, Qorbobo»ni eshitaverib, bezor boʻldim. Shoirlaring sheʼr yozmay qoʻyganmi, nima balo? Shuning uchun, hozir kim shu sheʼrlarning sarlavhasini aytsa ham sovgʻa berib yuborayapman. Yangi sheʼr chiqquncha shunday qilaman.
– Aytgancha, yoningizda Qorqiz, Boʻri, Tulki, Quyon deganlari boʻlardi?
– Qorqiz haqida oʻtgan safar aytgandim, shekilli. Uni uzatib yuborganmiz. Quyon qayergadir «quyon» boʻlgan, haliyam kelmadi. Tulkini yaxshi taniysan, juda bir chatoq tulki boʻlgan. U bilan moliyaviy masalada kelisholmadik. Uch kun birga yurish uchun bir yuzu ellikta tovuq soʻradi… Boʻrivoyga kelsak, bilasan, hozir uning «sezon»i. Qorli kunlarda «komandirovka»ga chiqmasa, boshqa mahal unga qiyin. Shu bois, unga ruxsat berganmiz. Bu yogʻi, tagʻin bolam, tirikchilik. Ansambl boʻlib yurish menga «nevigodni»…
– Mana, Yangi yilga ham sanoqli soatlar qoldi…
– Yasha, boʻtam, mening ham «final» vaqtim boʻlib qoldi.
– Sovgʻa… E, yoʻgʻ-e, Yangi yil tilaklaringizni soʻramoqchiydim…
– Yangi yilda barcha qorniyatlar amalga oshsin. «Turkiston»ning qoroʻquvchilariga kaminadan minus qirq darajali sovuq qorsalomlar! Sovgʻani kechqurun uyingda olasan, boʻtam…
– Ey, qorrahmat-yey sizga, ukagʻarning Qorbobosi!..
Qorsuhbatning qormuallifi Qor… Uzr… ELMUROD boʻldi.
2011 yil, dekabr
“ARMON KOʻP, BOʻTAM, DARMON YOʻQ!..” (HAJVIY INTERVYu)
Qoʻziboy ota:
“Armon koʻp, boʻtam, darmon yoʻq!..”
Qovoqqishloqlik Qoʻziboy boboni koʻpchilik taniydi. U kishi oʻzini qoʻyboqarlikda oliy maʼlumotga ega deb hisoblasa-da (bobo qoʻy-yechkilarni bilish borasida oʻzidan oʻtadigan choʻpon yoʻq deb hisoblaydi), xalq uni mohir, tayogʻi yengil podachi sifatida tan oladi. Yaylovlarda dovrugʻi doston boʻlgan Qoʻziboy otani oʻzining «besh yulduzli» shaxsiy qoʻtonida otarning yotar payti uchratdik va suhbatga tortdik.
– Bobo, sizni choʻponlarning piri deyishadi. Bundan tashqari, bilsak, siz dongʻi ketgan molboqar ham ekansiz. Ayting-chi, bu ikki kasbda birday faoliyat olib borish sizga noqulaylik tugʻdirmaydimi? Yaʼnikim, men demoqchimanki, ham podachi boʻlish, ham choʻpon boʻlish siz uchun qiyin emasmi?
– Nimasi qiyin shuning, bolam? Oʻzing oʻylab koʻr…
– Bobo, nima deb oʻylaysiz, qanday qilib siz shu darajaga erishdingiz? Ham mol boqish, ham qoʻy boqish siz taʼkidlab oʻtganingiz kabi ehtimol qiyin ham emasdir. Lekin hamma choʻponu podachilar sizga oʻxshab shuhrat qozonavermaydi-ku? Buning siri nimada ekan, aytolmaysizmi?
– Bilmasam, bolam, sen oʻzing nima deb oʻylaysan?..
– Bir donishmand aytgan ekan: «Men agar qayta dunyoga kelganimda, baribir yana donishmand boʻlardim». Siz, mabodo, choʻpon boʻlmaganingizda, kim boʻlardingiz?
– Podachi boʻlardim…
– Shoirlik falsafasi shunday: «Haq soʻzni ayting, birovni maqtaganda ham, maqtayotganingizni darhol bildirib qoʻymasdan maqtang». Bu taniqli shoir va adib Eshmon Mallaning soʻzi. Darhaqiqat, har bir sohaning oʻz falsafasi boʻladi. Ayting-chi, choʻponlik falsafasi nima?
– Toʻgʻrisi, savolingga hech tushunmadim, bolam. Mendan bir sovliq bir yilda ikki marta qoʻzilashi mumkinmi, deb soʻra, javob beray…
– Otaginam, bizning oʻquvchilar intellektualniy! Keling, sizga boshqa savol beray. Siz hayotni qanday tushunasiz?
– Yaxshi tushunaman, bolam, nimaydi?
– Bu hayotda armonsiz odamning oʻzi yoʻq, armonsiz odam – hissiz odam, degan ekan faylasuf shoir Koʻngli Dogʻiy. Sizning armoningiz?
– Armonim koʻp, bolam. Nima, sen shu armonlarni ushaltirib berarmiding, soʻrayapsan?..
– Yoʻq, otam. Bugun hamma shu savolni beryapti-ku!..
– Aytdim-ku, boʻtam, armon koʻp. Shu-u, kampir bilan bir shaharga borsam (oʻttiz yildan beri asfalt koʻrganim yoʻq). Keyin… Shu nevaralarimdan biri tayogʻimni qoʻlimdan olsa, deyman… Ayy, bolam-a, bolam-a! Armon haqida soʻraysan-a, yurakkinamni ezib… Boʻpti, kun ham ogʻib qoldi, otarimni hayday qolay endi…
2008 yil