Shavkat Rahmon degan
bir oʻjar shoir,
bir kuni qaytadan yaraladimi?
Hayotim maʼnisin juda koʻp oʻylab,
sayladim soʻzlarning
saralarini.
Har bir soʻz
yuz soʻzning oʻrnini bosar –
Vatan, Xalq, Jasorat, Kurash, Ozodlik.
Har bir soʻz yetajak yuzta umrimga,
har biri baxsh etar
ruhimga shodlik.
Hozirlik koʻrarkan buyuk safarga,
pushtirang pardali minglab darchadan
moʻralab oʻtirgan goʻzal soʻzlarni,
qoldirib ketaman endi barchaga.
Aslida atirgul boʻyin taratgan
bu oʻynoqi soʻzlar menikimasdir.
Menga nonday zarur, qilichday keskir,
zaharday mard soʻzlar boʻlsayoq basdir.
Sayladim soʻzlarning saralarini,
kurashlar shamoli kirdi nazmimga.
Yurtimni kezaman,
endi har narsa –
egilgan narsalar tegar gʻashimga.
Endi ishlash kerak bu kengliklarda,
tokim soʻylamasin yolgʻonni hech kim,
tokim buyuk togʻlar saltanatida
egilgan boshlarni
qilichlar kessin.