
Safter Nagayev 1941 yili 1 yanvarda Qirimning Alushta tumani Kichik oʻzan qishlogʻida tugʻilgan. 1944 yilgi surgunda onasi bilan birga Oʻzbekistonning Fargʻona viloyati hozirgi Uchkoʻprik tumaniga kelib tushadi. Shu yerda oʻrta maktabni tamomlab, 1957 yil Toshkent Davlat universiteti jurnalistika fakultetiga oʻqishga kiradi.
Safter Nagayev Oʻzbekiston Yozuvchilari uyushmasi aʼzosi edi. Uning eng salmoqli asarlari qirimtatar adabiyotida jiddiy voqea boʻlardi. “Madaniy inqilob askari”, “Koʻngilga yaqin odamlar”, “Fidokorlik”, “Ismoilbeyning Turkiston safari”, “Sahrolar alangasi”, “Ming bir oʻlimni yengib” va boshqa kitoblari adabiyot olamida oʻziga xos iz qoldirgan. U xalqaro “Ahmad Yassaviy” mukofoti va “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlangan. Adib 2009 yil 2 iyunda vafot etdi. “Keldingmi, balam?..” nomli essesini yozuvchi onasiga bagʻishlagan boʻlib, unda xalqimizning bagʻrikenglik, mehmondoʻstlik kabi fazilatlari aks etadi. Quyida ushbu essedan parchalar chop etilmoqda.
“Keldingmi, balam?..” Bu ibora men uchun bir timsol. Uyga qaytib, eshikdan ichkariga qadam bosar-bosmasimdan rahmatli onam meni shunday deb kutib olardi.
Mening qimmatli onajonim oddiygina ayol edi. Ismini zoʻrgʻa yozar, kerakli qogʻozlarga “Robiya” deb imzo qoʻyardi, ojizaginam. Yosh beva qolib, uch oʻgʻlini qoʻlidan kelganicha tarbiyalagan bir qishloqlik munisa edi mening onam…
2002 yilning 20 iyuli. Yoz chillasida soʻnggi marta Toshkentning Doʻmbirobod qabristoniga bordim. Onamning qabriga yaqin keldim. Shunda sekingina, muloyim ovoz bilan “Keldingmi, balam?..” degan soʻzlari qulogʻimga chalingandek boʻldi. Sergak tortib, atrofga alangladim. Hech kim yoʻq. Qabrning oyoq tarafiga oʻtib, choʻkkaladim. Duo qilish uchun qoʻllarimni ochdim, ammo tilim aylanmas, ovozim chiqmasdi. Goʻyo ichimdan bir narsa uzilgandek… Gʻam-anduhga botib, gapira boshladim: “Onajon, meni kechiring, endi oldingidek yoningizga tez-tez kelolmayman. Ona tuproqqa, siz va men dunyoga kelgan diyorga qaytishga, uzoq yillar surgunliklar suroni olib kelgan va sogʻ-omon qolishimiz uchun bagʻrini ochgan bu oʻlkani tark etishga majburman. Otam yotgan makonga qaytaman. Oyoqlarim yoʻlda, koʻzlarim orqada, siz bilan vidolashaman…”
Bir amallab qabristondan chiqdim. Yoʻl boʻyi xayolot dunyosiga choʻmib, onamning dolgʻali hayoti haqidagi xotiralarimni bir-bir sahifalab borardim. Koʻz oʻngimda onajonimning umr yoʻli qayergadir oshiqqan poyezd vagonlari kabi gavdalandi. Mashaqqatli, ogʻir, chidash qiyin boʻlgan kunlarimiz ipga tizilgan munchoqdek koʻz oʻngimda ketma-ket paydo boʻlardi…
Onam oʻttiz yoshida uch bolasi bilan beva qolgan. Oradan koʻp vaqt oʻtmay, mashʼum urush boshlanadi. Onamning ismi Robiya, Alushta tumanining Temirchi qishlogʻidan boʻlgan. Oilada uch qiz va bir oʻgʻil boʻlib, Usmon togʻam urushga ketib, qaytmaydi. Kichik xolam Xadichaning eri Umar Murodov ham urushga ketib, dom-daraksiz ketgan. Bu voqealardan keyin xolalarim Temirchiga qaytishga qaror qilishadi va onamni ham oʻzlari bilan birga olib ketmoqchi boʻlishadi. Ammo onam: “Bolalarimning otasining uyini tashlab ketmayman”, deb Kichik oʻzanda qoladi.
Qishlogʻimizni tark qilish voqeasi ham ayanchli xotira boʻlib qolgan. Onam erta tongda gʻira-shira mahali, bolalarim turgunicha bogʻlarni sugʻoraman, deb bogʻchaga tushib ketadi. Shu payt askarlar uyma-uy yurib, odamlarning uyiga bostirib kirib, qishloqning bir yeriga mol haydagandek haydab keltirishadi. Shunda hovlimizda yashaydigan Toʻqtar amakining xotini Sofiya yanga oralarida ovsini Robiya yoʻqligini bilib, katta qizi Umayyani yashirincha uyga joʻnatadi. Biznikiga kelsa, uyda askarlarni koʻradi. Ular bizni uygʻotishadi. Men: “Onam qayerda?” deb qichqirib yigʻlay boshlayman. Umayya opa vaziyatni tushunib, bogʻchaga yuguradi va uzoqdan: “Robiya yanga, tezroq keling, bizni koʻchirishyapti”, deb onamni chaqiradi. “Toʻxta, ozgina qoldi, shu yerniyam sugʻoray, hozir boraman”, deydi u. Opam unga yaqin keladi-da: “Qishloqda bir oʻzingiz qoldingiz, tashlang shuni!” deb qoʻlidagi ketmonni olib otadi va ahvolni tushuntirib, uyga boshlaydi.
Qishloq parkida xalq toʻplangan. Oqshom odamlarni Oqmasjid vokzaliga keltirishadi. Men temiryoʻl boʻyi yonib turgan chiroqlarga qaragancha, uzoqqa ketib qolibman. Onam yigʻlab-siqtab meni topgunicha vokzalda jomadonlarimizni oʻgʻirlashgan. Shunday qilib, qattiq charchoq va hech vaqosiz yoʻlga chiqqanmiz. Shoʻrlik onamning boshida yana ne-ne balolar bor edi…
Fargʻona viloyatining Molotov tumaniga kelib tushdik. Komandir bir qancha oilani Suyunchol qishlogʻi shiyponiga joylashtirdi. Qishloqning markazida choyxona yonida koʻlga oʻxshagan katta hovuz bor edi. Unda urugʻlik chigitni uvitishardi. Bir oqshom bolalar bilan hovuz yonida oʻynayotganimizda suvga yiqilib tushdim. Ivib shishgan chigit tomogʻimga yopishib, meni pastga tortar edi. Bundan xabar topgan onam yetib kelib, oʻzini suvga otadi. Chiqarmoqchi boʻladi, ammo u ham boʻgʻila boshlaydi. Shunda choyxonada oʻtirgan oʻzbeklar bizni qutqarib qolishadi.
Oradan koʻp vaqt oʻtmay onam ogʻir xastalandi va uni tuman markaziga olib ketishdi. Men akalarim Sayyor va Dilovar bilan qoldim. Bilmadim, qachon va qandaydir saqlanib qolgan bitta jun yopinchigʻimiz bor ekan. Akam uni toʻrtta nonga almashtirgan. Keyin bizni tuman markaziga yaqin Paxtachi kolxozidagi Begvacha qishlogʻiga koʻchirishdi. Onam maktabda va kolxoz idorasida farrosh boʻlib ishlar, har kuni bir necha kilometr yurib tuman markazidan pochta ham tashirdi.
* * *
Bir kuni onam pochtaga borayotib meni ham oʻzi bilan birga olib ketdi. Qoʻshni qishloqqa yetganimizda onamning yuzi oqarib, boshi aylandi shekilli, yoʻl yuzidagi bir uyning eshigi oldida toʻxtadi. Devorga suyanib ancha oʻtirdi. Eshik ochilib, bir kishi chiqdi. Bizni koʻrib, yaqinlashdi-da: “Opa, nima boʻldi? Uyga yuring, choy ichvolasiz”, dedi. Keyin xotinini chaqirib: “Bechoralarga biror narsa ber, ochga oʻxshaydi”, dedi. Onam birdan sergak tortdi, koʻzlarini ochib, begona odamga qaradi-da: “Yoʻq-yoʻq, kerakmas. Biz tilanchi emasmiz. Bir oz holsizlandim. Hozir ketamiz”, deb oʻrnidan turmoqchi boʻldi. “Tilanchi emasligingiz koʻrinib turibdi, faqat charchagan boʻlsangiz kerak, uyga kirib, issiq choy iching”, dedi haligi kishi kuyunib. Yaxshi odamlar ekan, onamni hovlisiga olib kirib, soʻriga chiqarishdi, boshiga yostiq qoʻyib, yotqizishdi. Haligi odamning xotini onamga issiq choy tutdi va keyin bir muddat qayergadir gʻoyib boʻldi. Men esa onamning yonida oʻtirib, qaltirardim. Qanday qilib uyga ketishimizni oʻylab, yuziga qarab xavotirlanardim. Bir ozdan keyin qoʻlida bir kosa sut, qoʻltigʻida bitta non bilan ayol paydo boʻldi. Onamning boshiga qoʻlini qoʻyib, bir nimalar dedi. “Qoʻrqma, bolam. Onang hozir oʻrnidan turadi. Sen mana bularni yeb ol”, deb kosadagi sutdan piyolaga quydi-da nonning yarmini menga uzatdi. “Nasibangiz bor ekan. Qoʻshnimiz hozirgina sigirini sogʻibdi, tandirdan non uzibdi. Tortinma, bolam, ol, ol…”
* * *
1980 yili Yozuvchilar uyushmasiga aʼzo boʻldim. Ammo negadir aʼzolik biletimni berishmadi. Onam buni sezmay qolmadi: “Balam, nima tashvishing bor, aft-angoringga qarab boʻlmaydi?” dedi. Men unga: “Aytganim bilan baribir tushunmaysiz”, dedim. Onam menga qarab: “Tushunmas emishman. Dunyoga keltirganim, bir parcha goʻshtligidan oʻstirib, katta qilganim bolam tushunar ekan-da, men tushunmaymanmi?! Onalar hamma narsani tushunadi. Faqat ular hech narsaga aralashishmaydi. Idish-tovoq orasida farzandining tashvishi bilan yashaydi. Mayli, hozir aytmasang, vaqti-soati kelib yuragingni ocharsan. Lekin bilib qoʻy, dardingni yuragingning eng chuqur joylarida saqla, seni xafa qilganlar maʼyusligingni sezishmasin”, dedi mardonavor ohangda.
* * *
Oradan qancha vaqt oʻtsa ham uyga qaytganimda goʻyo koʻcha eshik qarshisida kresloga oʻtirgan onam “Keldingmi, balam?” deb meni kutib oladigandek boʻlaveradi. Onamnig vafotidan keyin Toshkentda yana yigirma yil yashagan boʻlsam-da, uyda yolgʻiz qolganimda doimo onamning “Keldingmi, balam?” degan soʻzi qulogʻimga chalingandek boʻladi.
Toshkentni tark etish oldi qabristonga borib, vidolashgan kunim kechasi onamni tush koʻrdim. Yana odatlariga koʻra: “Keldingmi, balam? Safaring xayrli boʻlsin”, dedi menga yaqin kelib, boshimni siladi-da, mendan uzoqlashdi…
Zebuniso HUSAYN tarjimasi
“Hidoyat” jurnalining 2012 yil 9-sonidan olindi.