
Abdulhamid Luzumiy (1900–1977) qatagʻonga uchrab 1937 yili sakkiz yilga qamaladi, soʻng elliginchi yillar boshida qatagʻonning ikkinchi girdobiga ham tushib, uch yil surgun azobini tortadi.
Luzumiy yoshlik chogʻlarida Sobirxon eshon maktabida taʼlim-tarbiya oladi. U badiiy adabiyotga ixlosli, asarlari mumtoz soʻz sanʼatimiz ruhiga uygʻun edi. Afsus, shoir qadri bilinmaydigan zamonda yashab oʻtdi. Luzumiy oʻzini Navoiyning kamtarin shogirdi hisoblab, gʻazallaridan birida bunday yozadi:
Gar Navoiyni menga ustoz desam yolgʻon emas,
Yaʼni, men shogirdining shogirdining shogirdiman…
1977 yili shoir janozasida hozir boʻlgan Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon “Abdulhamid aka vafot etib, Islom dinining yetuk bilimdoni, dono targʻibotchisidan, kamtarin bir insondan ayrildik. Xudo rahmatiga olsin”, deb duo qiladi.
Quyida uning sheʼrlaridan oʻqiymiz.
SIBIRDA AYTILGAN MUNOJOT
Ey koʻngil, koʻklam chiqib, oʻtlar koʻkardi, boq, boq,
Gul ochildi togʻ aro qizil-qizil ham oq-oq.
Har taraf har qaysi qush oʻz kuyiga aylar navo,
Bir taraf bulbul figʻonu, bir taraf zogʻ gʻoq-gʻoq.
Koʻkda turnalar ucharlar, nagʻma solib qur-qur,
Togʻda kaklik qichqirurlar bir-biriga qoq-qoq.
Shod emas bir jonivor yoʻqdurki, hatto suvga boq,
Baliq oʻynar shoʻlp-shoʻlpu baqa soʻylar voq-voq.
Ham ucharlar, ham qoʻnarlar, ham suzarlar suv uza,
Gʻozu oʻrdak shodlikdan qichqirishib jogʻ-jogʻ.
Oʻynashurlar, kuylashurlar jonivorlar juft-juft,
Yorim elda, men Sibirda yigʻlashurmiz toq-toq.
E Xudo, qoldik judolik kechasida zoʻr-zoʻr,
Lutf etib, vuslat chirogʻin oʻrtamizga yoq-yoq.
Ey Luzumiy, yigʻlama, yaxshi-yomon ish Tangridin,
Yoʻq ajab boʻlsa karam, bir kun kularsan chogʻ-chogʻ.
TOSHKENTDAGI OSHNOLARGA SALOM
Toshkent borib, sabo, ayt oshnolarga salom,
Qon qotishmay, jon qotishgan aqrabolarga salom.
Gar tishi tushgan, oqargan sochlari, rang oʻzgarib,
Husni xulq ila bezalgan dilrabolarga salom.
Soʻzlari dard ahliga doridin ortiqroq shifo,
Dardmandlardin oʻshal sohibshifolarga salom.
Oʻrtada yolgʻiz muhabbat, oʻzga yoʻqdir muddao,
Dillari oyinadek ahli safolarga salom.
Chun Luzumiyning salomini yetursang bariga,
Soʻng alardin ham ketur biz benavolarga salom.
Zuhriddin Isomiddinov nashrga tayyorladi.
“Hidoyat” jurnalining 2013 yil 10-sonida chop etilgan.
Manba: hidoyat.uz