Usmon Nuriy. Maʼnaviy yuksalish siri: tavoze

0
2480
marta koʻrilgan.

Umar ibn Abdulaziz uyiga kelgan doʻsti bilan suhbatlashish asnosida xat yozib oʻtirardi. Bir payt chiroqning yogʻi ozayib, nuri zaiflasha boshladi. Shunda mehmon: “Turib, chiroqni toʻgʻrilab qoʻyaymi?” deb soʻradi.

– Mehmonga xizmat qildirish odobdan emas, – dedi Umar ibn Abdulaziz.

– Unda xizmatchini uygʻotay…

Bunga ham ruxsat bermagan mezbon oʻzi turib, chiroqni toʻgʻriladi. Qaytib joyiga oʻtirganida doʻsti hayratini yashirmadi:

– Ey moʻminlar amiri, oʻzingiz ovora boʻlishingiz shart emas edi…

– Chiroqni toʻgʻrilash uchun turganimda Umar edim, qaytib joyimga oʻtirganimda ham Umarman, biror narsam kamayib qolgani yoʻq, – deya javob berdi Umar ibn Abdulaziz.

Oysha onamiz (roziyallohu anho) fazilatli ibodat deya atagan tavoze, kamtarlik bandalikning asosidir; insonga Alloh taolo huzurida “hech”ligini anglatish barobarida darajasini yuksaltiradigan fazilatdir. Alloh taolo Paygʻambarimiz (alayhissalom) vositalarida biz bandalariga amr qilgan: “Sizga ergashgan moʻminlar uchun qanotingizni past tuting!” (Shuaro, 215).

Zero, insonga yarashadigani ham shu – banda ekanini unutmay, butun mavjudot, maxluqotga tavoze koʻrsatib yashash. Bu borada ham biz uchun Rasulullohda (sollallohu alayhi va sallam) goʻzal oʻrnak bor. U zot insonlarning eng ulugʻi boʻlganlari holda kamtarlikning choʻqqisida edilar. Bir kuni huzurlariga kelib, salobatlari bosib, hurmatdan titrab turgan kishiga doʻstona, yumshoqlik bilan aytdilar: “Qoʻrqma, birodar, men ham qurayshlik oddiy bir ayolning oʻgʻliman”.

U zot (sollallohu alayhi va sallam) ozod yoki qul boʻladimi, insonlarni birdek koʻrar, kattami, kichikmi, hadyalarni qabul qilardilar. Jamiyat past sanagan qul, choʻri, gʻarib kishilarga ayricha eʼtibor qaratardilar. Anasdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: “Madinalik bir qul Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) qoʻllaridan ushlab, istagan joyigacha olib borardi” (Imom Buxoriy). Yana u zot (alayhissalom) boshqalardan ajralib, biror baland joyda emas, asʼhobning orasida oʻtirar, shu sababli notanish odam Paygʻambar qaysiligini soʻramaguncha, bilmasdi (Nasoiy rivoyati).

Biroq Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) oʻzlari ega boʻlgan bu goʻzal xulqlar bilan hech qachon maqtanmaganlar. U zotni yaxshi koʻrishini daʼvo qilgan musulmon: “Kishi sevgani bilan birgadir” degan hadisi sharifga koʻra kamtarin boʻlishi shart ekanligini ham bilishi zarur. Binobarin, bevosita nabaviy tarbiya ostida kamol topgan sahobalar Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) yuksak tavozelilik sifatlaridan nasiba olgan zotlardir.

Paygʻambarimizning (alayhissalom) “Abu Bakr mendandir, men undanman”, degan marhamatlariga sazovor boʻlgan Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu) xalifalikka tayinlanganining ilk onlarida odamlarga bunday xitob qilgan: “Eng yaxshingiz boʻlmaganim holda sizlarga boshliq qilindim. Agar vazifamni toʻgʻri bajarsam, menga yordam qiling. Agar xato yoʻl tutsam, toʻgʻrini koʻrsating…”

U zot xalifa boʻlgach ham, atroflaridagi yetim qizlarning qoʻylarini sogʻishda, yumushlariga qarashishda davom etdilar. Koʻpchilik oʻylaganidek, ishlari koʻpayib, yetimlarni tashlab qoʻymadilar.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) tarbiyalarini olgan yana bir ulugʻ sahobiy hazrat Umar (roziyallohu anhu) bilan bogʻliq hodisani Urva ibn Zubayr bunday hikoya qiladi: Hazrat Umarni yelkasiga suv toʻla meshni orqalagan holatda uchratdim. “Ey moʻminlar amiri, bunday qilish sizga yarashmaydi!”, dedim. U esa:

– Qabila raislari itoatlarini izhor qilib, huzurimga kelishgach, ichimda uygʻongan kibrni sindirish uchun shu ishni qilyapman, – dedi va yoʻlida davom etib, meshni ansoriy bir ayolning uyidagi suv idishga boʻshatdi.

Yana bir kuni Ahnaf ibn Qays (roziyallohu anhu) arablarning peshqadamlari bilan birga hazrat Umarning ziyoratiga keldi. U kishini etagini beliga qistirib, yugurayotgan holda koʻrishdi. Ahnafga aytdi:

– Kel, yordam ber. Baytulmolga tegishli bir tuya qochdi. Bilasan-ku, bunda qanchalab odamning haqi bor!..

Shu asnoda kelganlardan biri: “Oʻzingizni urintirmay, biror qulga buyursangiz boʻlmaydimi?” deb soʻradi. Hazrat Umar esa yuksak tavozening ifodasi boʻlgan shu javobni berdi:

– Mendan ham yaxshiroq qul qayda?

Bu yuksak axloqiy fazilatdan nasibadorlik saodat, mahrumlik esa ayni halokat ekanini Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) hadisi sharifda bunday bayon qiladilar: “Kim Alloh taolo rizosi uchun bir daraja tavoze koʻrsatsa (kamtarin boʻlsa), Alloh shu sababdan uni bir daraja balandga koʻtaradi. Agar kim Alloh taologa bir daraja kibr qilsa, Parvardigor uni shu sababli bir daraja pastlatadi, shu tarzda uni asfalasofilinga uloqtiradi” (Ibn Moja rivoyati).

Tavozedan nasiba olmaganlar Alloh taoloning cheksiz qudrat va azamati qoshida oʻzining “hech”ligini anglab yetmagan, oʻtkinchi dunyoning shoshqin yoʻlovchilaridir. Saʼdiy Sheroziy bunday kimsalarga quyidagi misol bilan xitob qiladi: “Aqlli insonlar mevasi koʻpligidan shoxlari yerga egilgan daraxt singari mutavoze boʻladilar”. Zero, bu xislat Haqqa muhabbat ifodasi. Boyazid Bistomiy aytganidek, saxovatda dengiz, shafqatda quyosh va tavozeda tuproq kabi boʻlishi bandaning Alloh taologa muhabbati haqiqiy ekanidan nishonadir.

Xullas kalom, maʼnaviy izzat, sharaf va martabaga erishtirishda tavozechalik samarali vosita yoʻq. Tavozesiz bandalik nuqsonli va illatlidir. Manmanlik va kibr esa iblis misolida koʻrilganidek, kishini kufrgacha olib boradigan eng tahlikali ofat. Zero, Saʼdiy Sheroziy aytganidek: “Oʻziga boqqanida oʻzini koʻrgan (banda ekanini idrok qilmagan) kishi Haq taoloni topolmaydi”.

 

Zumrad FOZILJON qizi tarjimasi

 

 


“Hidoyat” jurnalining 2013 yil 10-sonida chop etilgan.

Manba: hidoyat.uz


 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.