
Asʼhobi kahf (gʻorda qolgan odamlar) haqidagi tarixiy voqea muqaddas kitoblardan joy olgan. Asʼhobi kahf mavzui Turkistonga ilk bor Qurʼon bilan, soʻngra esa Qurʼonning turkiy tafsirlari va tarjimalari orqali kirib kelgan.
Bizningcha, oʻzbek adabiyotida bu mavzuga ilk bor 1310 yili Nosiriddin Rabgʻuziy “Qisasi Rabgʻuziy” asarida murojaat etgan. Ushbu asar paygʻambarlar haqida turkiy tilda yozilgan eng qadimiy nasr namunalaridan biri ekani bilan ham qadrlidir.
Kitobdagi “Qissai Asʼhobi kahf” qismidan bir parcha keltiramiz: «Aytmishlar, Rumda bir malik bor erdi, yavloq (yomon, yaramas), jabbor erdi. Daqyonus otligʻ. Vaziri bor erdi. Cheriki telim (koʻp) erdi. Yana bir malik birla yogʻilashti, sanchishtilar. Ul malik hazimat boʻldi, oʻlturdi. Ul malikning olti oʻgʻli bor erdi, bulun (tutqun) kelturdi, topugʻ kelturdi. Oʻzi Tengriman, ogʻziga tuproq, taki oʻziga sajda qildirur erdi. Bir kuni xabar keldi, yogʻi kelur teb. Daqyonus ani eshitib, qoʻrqub, titradi. Aymishlar, saroyda taxt uza oʻltururda saroy tunglukidin ikki mushuk urushub xarlashu tushdilar. Daqyonus mushuklar unidin qoʻrqub behush boʻldi. Bu olti qarindosh ani koʻrub aydilar: “Bu Tengri ermish, mushukdin naluk qoʻrqar. Biz mundin ketaling, haqiqat Tengrini tilaling”, teb qocharga kengashtilar».
Urushda Daqyonusga asir tushgan shahzodalarning toʻngʻichi Tamlixo ukalariga: “Chavgon oʻynalayotganda, toʻpni saroy yoqqa sekin, choʻl tomonga qattiq uringlar. Toʻp ketidan borayotganday boʻlib qochib ketamiz”, deb tayinlaydi. Daqyonus chavgon oʻyinini tomosha qilib oʻtirar, toʻpni uzoqqa uloqtirganga shohona toʻn tortiq qilardi. Qochishga kelishib olgan olti aka-uka toʻpni ikki yigʻoch (12 km) yergacha urib boradi va saroydan uzoqlashadi. Ustilaridagi yaxshi kiyimlarini yechib, yashirincha keltirilgan eski kiyimlarni kiyishadi. Yoʻlda bir qoʻychi-choʻpon ulardan, qayoqqa ketyapsiz, deb soʻraydi. Ular, Tangrini istab boryapmiz, deb javob beradi. Choʻpon, men ham sizlar bilan borayin, oldin qoʻylarni egalariga topshirayin, deydi. Qoʻychibon podani egalariga berib, ular bilan yoʻlga tushadi. Podachining Qazqazin degan iti ham yoʻlchilarga ergashadi. Rabgʻuziy yoʻlchilarning otlari Tamlixo, Irsig, Mino, Martolus, Sarrinus, Zuanas, qoʻychining oti Kafittinus, itning oti Qitmir (bu oʻrinda itning oti arabcha “oxirgisi” maʼnosidagi “qitmir” soʻzi bilan atalgan, aslida, oldin taʼkidlanganiday, Qazqizindir – T.Q.) edi, deb taʼkidlaydi.
Daqyonus ularni qidirtiradi, biroq topolmaydi. Bir kuni ovga chiqqanida uzoqdan oʻsha gʻorga koʻzi tushadi. Gʻorga kirib, ularni uxlab yotgan holda koʻradi. Oyoqlari qavargan, barchasini chang-toʻzon qoplagan edi. Bari oʻlibdi, oʻzlariga oʻzlari qildi, deydi-da, ortiga qaytib ketadi.
Ular Alloh irodasi bilan uch yuz yilu toʻqqiz oy gʻor ichida yotadilar. Uygʻongach, qancha uxladik, deya oʻzaro bahslashadilar. Biri toʻqqiz oy, boshqasi toʻqqiz kun deydi. Tamlixo esa, bir kun boʻldi, xolos, deb taxmin qiladi. Kunga qaraydilar: uyquga ketisharkan, quyosh kunyurarda edi, endi qaytgan, ufq tomon ogʻgan edi. Oxiri: “Qancha oʻtganini Xudo biladi”, deydilar.
Ochiqqanlarini sezgach, birortamiz shaharga tushib, biror yegulik olib kelaylik, deb kengashadilar. Birlari: “Borganni tanib qolsalar, tutib, toshboʻron qilishadi yoki dinlariga kiritishadi, keyin biz ham qutulmaymiz”, deb xavotir bildiradi.
Xullas, Tamlixo aqcha olib, yoʻlga tushadi. Koʻp yillar oʻtgani bois bozor yoʻlini topolmaydi. Shu sabab, yo haliyam uyqudamanmi, degan oʻyga ham boradi. Bozorni topgach, non olish uchun sotuvchiga pul uzatadi. Sotuvchi: “Xazina topgan koʻrinasan, meni sherik qilmasang, podshoga aytaman”, deb uni qoʻrqitadi. “Bu nima deganing axir, – deydi Tamlixo. – Biz kecha toqqa chiqqan edik. Qornimiz ochib, bugun non olgani keldim. Pulni ol va non ber”. Sotuvchi unamaydi va uni podshoga olib boradi. Podsho Yastagʻod degan musulmon ekan, eli ham musulmon ekan. Tamlixo bu podshoni Daqyonus deb oʻylaydi.
Podsho undan kimligini, qayerdan kelganini surishtiradi. Tamlixo oʻtgan gaplarni aytib beradi. Podsho ulamodan: “Kitoblarda shu gaplar bormi?” deb soʻraydi. Bir olim: “Men bir kitobdan topdim. Daqyonus davrida olti yigit qochib, togʻdagi gʻorda qolgan ekan”, deb maʼlumot beradi. Podsho: “Qani, otlaning, borib koʻraylik”, deydi. Tamlixo ularga: “Sizlar beriroqda turinglar, men gʻorga kirib, sizning Daqyonus emasligingizni aytayin, qoʻrqmasinlar”, deydi. Tamlixo gʻorga kirib, podsho keldi, deyishi bilan qardoshlar barchasi hushdan ketishibdi. Yana oʻzlariga kelishibdi…
Shu holat tasviridan keyin Rabgʻuziy muhim bir holatni bayon etadi. Yaʼni: “Ul elda ikki turluk xaloyiq bor erdi. Birisi aytur erdi, Tengri azza va jalla jonni tirgizur, tanni tirguzmas, der erdi. Taqi biri aytur erdi, tanni ham, jonni ham tirgizur. Qachon bularni koʻrdilar ersa bildilarkim, tanni ham tirgizur ermish”.
Professor Hamidulla Boltaboyev yozishicha, “Turk dunyosi ilmida barcha mufassir va islomshunoslar tan olgan ilk turkiy tafsir XII–XIII asrlarda nomaʼlum muallif tomonidan yozilgan. Uning qoʻlyozma nusxasi 1914 yili Qarshida topilgan va Buxoroga keltirilgan. 1920 yili Buxoroda shoʻrolar hukumati oʻrnatilgach, tafsir Sankt-Peterburg shahriga olib ketilgan”[1].
Peterburg sharqshunoslik institutida 197-raqam bilan saqlanayotgan ana shu qoʻlyozma nusxasiga suyanib, Kahf surasi tafsirini professorlar Qozoqboy Mahmudov va Hamidulla Boltaboyev bugungi oʻzbekchaga tabdil etib, “Islom tasavvufi manbalari” kitobida nashr ettirdi. Bu ham oʻzbek adabiyotiga Asʼhobi kahf mavzusining taʼsiri masalasini oʻrganishda muhim manbadir, albatta. Bu tafsirdagi voqea bayonida Rabgʻuziy hikoyasidagi maʼlumotlardan farqli oʻrinlar bor. Rabgʻuziyda voqea kechgan yer ismi berilmagan. Tafsirda esa: “Yunon elida bir xalq bor edi, bu elning nomi Aqsus edi… Asʼhobi kahf kishilari Aqsus kentida Tangriga sigʻinar edi va oʻzlari musulmon edilar…” deyiladi.[2]
Turkiy tafsirda ham gʻor kishilarining yetti nafar ekani, ularga it yoʻldosh boʻlgani aytilgan. Kishi ismlari Rabgʻuziydan boshqacharoq, yaʼni: “ulugʻlarining oti Maskina, ikkinchisi Maxlisa… Shalixa, Batarus, Yamlixa, Qorabosh, Saro… Itning oti Qitmir”.[3]
Asʼhobi kahf mavzuining oʻzbek mumtoz dostonlariga kirib kelishida buyuk shoir Alisher Navoiyning xizmati ulugʻdir. Navoiy musulmonlik tushunchalarining xalq orasida keng yoyilishida xuddi Ahmad Yassaviy yoʻlidan borib, Qurʼoni karim oyatlari va hadislarning maʼnolarini barcha asarlariga singdirib yuborgan. Gʻorda qolgan odamlar mavzui “Mahbubul qulub” asarida va “Lisonut tayr” dostonidagi “Shayx Najmiddin Kubroning soʻzi va itga tushgan koʻzi” bobida talqin etilgan.
Yangi davr ijodkorlari bu dostondan, soʻngra 1990 yillarda bosilgan Qurʼonning oʻzbekcha maʼnolar tarjimasidagi Kahf surasidan va boshqa diniy-maʼrifiy asarlardan taʼsirlanib sheʼrlar va hikoyalar yaratishdi. Masalan, Mahkam Mahmudning “Asʼhobi kahf” nomli hikoyasi bunga misoldir.
Globallashib borayotgan dunyoning global fojialaridan, chigal muammolaridan biri maʼnaviy tarbiyasizlikdir. Bu vaziyatda Asʼhobi kahf mavzusining adabiyotda ishlanishi uning tarixiy, diniy va adabiy ahamiyatga egaligini koʻrsatyapti. Insonlar imonga suyangan holda yashashi kerak. Imonsizlik ijtimoiy tengsizlik, zulm, odamlar va boshqa mavjudotlarning haq-huquqlarini poymol etish muammosi XXI asrning eng katta muammolaridan biridir. Bu nuqtadan boqilsa, Asʼhobi kahf mavzusining oʻzi va uning adabiyotda ishlanishi naqadar qiymatli ekani anglashiladi.
Tohir Qahhor,
shoir, jahon tillari universiteti dotsenti