
Bu sanʼatkorni “Suyunchi”, “Kelinlar qoʻzgʻoloni”, “Kichkina odamlar” singari filmlardagi turfa obrazlari, yuzlab multfilm va badiiy filmlardagi ovozi orqali yaxshi taniysiz.
U bilan suhbatlashish niyatida qoʻngʻiroq qilayotib, xayolimdan, hozir mashhur aktyor Vitsinning ovozini eshitaman, degan oʻy kechdi. Sizni bilmayman-u, negadir, men kino koʻrishni boshlaganimdan, milliy va dublyaj qilingan filmlarga mehr qoʻyganimdan beri, Vitsin deyishsa, Dias Rahmatovni, Dias Rahmatov desalar, Vitsinni koʻz oldimga keltiradigan boʻlib qolganman. Soʻzim quruq boʻlib qolmasin, sizga muxlislar orasida allaqachon doston boʻlib ketgan bir voqeani keltiraman. Aytishadiki, “Kavkaz asirasi” filmining oʻzbek tilidagi namoyishini koʻrgan Georgiy Vitsin shunday degan: “Birodarlar, nahotki, men oʻzbekchada shunday biyron gapira olaman?! Axir, bu oʻzimning ovozim-ku!”
Buyuk aktyorning soʻzlari, bahor yomgʻiri misol tez kelib, tez oʻtib ketadigan hayajon mahsuli boʻlib tuyulsa-da, uning zamirida oʻzbek sanʼatkori, Oʻzbek dublyaj sanʼatiga boʻlgan hayratini ilgʻash qiyin emas.
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist, dublyaj ustasi, komik rollarning mohir ijrochisi Dias Rahmatov bilan suhbatimiz davomida, u kishining koʻngliga kirib borishga, muxlislarni qiziqtiradigan bir qancha savollarga javob “undirishga” harakat qildik.
Mahalla teatridagi “debyut”
– Aktyorlik faoliyatim “hujjat”larda 1959-60 yillarda boshlangan deb koʻrsatilsa-da, men aslida sanʼatga olti-yetti yasharlik paytlarimdan kirib kelganman, – deya soʻz boshladi aktyor ilk savolimizga javoban. – Toshkentning “Eski Joʻva” mahallasida katta boʻlganmiz. Teatrga qiziqish bolalar oʻrtasida kuchli boʻlgan ekan-da, qarang, mahalla bolalari yigʻilib oʻzimizcha tomosha koʻrsatardik. Tomoshamiz tom maʼnoda spektakl desa, degulik boʻlardi. Aktyorlar guruhi alohida, rejissyor alohida, chiptachi alohida “faoliyat yuritardi”. Qogʻozdan qoʻlbola bilet yasab, uni gazeta qirqimlaridan yasalgan pullarga “sotardik”. Vazifalar har kuni turlicha taqsimlanardi. Bir kun aktyor boʻlgan bola, ikkinchi kun rejissyor yo chiptachi boʻlardi. Shuni ham aytib qoʻyay, men ham koʻp marotaba “spektakl”larimizni reklama qilib, “bilet” sotganman. Jiddiy aytadigan boʻlsam, kasb aslida dunyoga begʻubor nazar bilan boqayotgan kezlarda tanlanadi. Bolalarga eʼtibor bering, qay biridir temir-tersakka juda oʻch boʻladi. Mashinacha olib bersangiz, uni kovlab, chuqalab koʻrishga intilaveradi. Katta boʻlgach, sinab koʻring, tarbiyasi toʻgʻri olib borilgan boʻlsa, u albatta, yaxshi muhandismi, konstruktormi boʻlib yetishadi. Sanʼatni men bolaligimdayoq tanlab boʻlgan ekanman. Orada, oʻspirinlik damlarimda shifokorlikka ham qiziqib yurganim rost. Ammo baribir sanʼatga boʻlgan mehrim ustunlik qildi.
Yuzidan avval ovozini tanishgan
– 1955 – 1959 yillarda Sanʼat institutida tahsil olganman. 1959 yilmidi, aniq esimda yoʻq, ustozlarim, Dias, sen ovozingni dublyajda bir sinab koʻr, deyishdi. Toʻgʻrisini aytsam, ovozimga unchalik ishonchim ham yoʻq edi. Raj Kapurning qoʻshiqlarini baralla aytib yurardimu uni televideniye yoki kinoda sinab koʻrishga yuragim betlamasdi. Ustozlarimning tavsiyasi bilan, mendan nima ketdi, dedimu dublyaj studiyasiga qatnay boshladim. Avvaliga ovozimni epizodik rollarda sinab yurishdi. Shu alfozda besh-olti yil oʻtib ketdi. 1967 yil Leonid Gayday “Kavkaz asirasi” filmini suratga oldi. Oʻsha yilning oʻzidayoq uni oʻzbek tiliga dublyaj qila boshlashdi. Studiyaga kelib-ketib yurganim uchun, bu jarayondan toʻliq xabarim bor edi. Bir kuni qiziq hodisa roʻy berdi. Dublyajni yozish soat 12 ga belgilangan. Filmdagi shopir yigitga Poʻlat Saidqosimov ovoz berishi kerak. U oʻsha kuni viloyatlardan biriga gastrolga ketayotgani uchun, uzogʻi bilan beshlargacha ishlashi mumkin edi. Hamma yigʻildi. Rejissyor Sobit Saidov vaziyatni tushuntirdi: “Shunday-shunday, oʻrtoqlar, bugun ancha-muncha ishni bitirib olishimiz kerak, boshladikmi?” Rejissyor shunday deb yaxshilab razm solsaki, qoʻrqoqqa (Vitsin talqinida) ovoz beradigan Sadir Ziyovuddinov xonada koʻrinmaydi. Ana endi koʻring tomoshani. Bir, ikki, uch soat oʻtdi hamki, Sadir aka nimadir ishlari chiqib qolganmi, kelmadilar. Aktyorlar Sobit akaga Diasni bir sinab koʻring, deya bir aytishdi, ikki aytishdi. Oxiri, oʻzim ham jurʼat qildim: “Meni sinab koʻrmaysizmi?”
– Nima?! – jahllariga moy sepganimni bilib qoldim…
– Nima deding? – takrorladilar u kishi. – Senga bu “shalay-balay” rol emas, hov bola! Uni Vitsin deb qoʻyibdi, Vitsin! Sen shu aktyorga ovoz berasanmi?
Rejissyor menga qattiq gapirganini oʻzi ham sezdi. Besh minutlardan soʻng, jahlidan tushdi. Boʻpti, oʻtir-chi, dedi. Bilsangiz, Shurik bilan oʻsha shopir yigitning uch qahramonni ukol qilish sahnasi bor. Qoʻrqoqqa navbat kelganida, “Voiyay… O-ogʻritmaydimi?..” deyishi kerak. Oʻtirdim. Hech qanaqa tayyorgarliksiz, oʻtirdimu, oʻsha joyiga ovoz berdim. Ish davom etaverdi. Hamma jim. Men goʻyo filmning boshidan Vitsinga ovoz berib kelayotgandek. Bir payt boshimni koʻtarib qarasam, tepamda Sadir aka turibdilar. Menga, davom etaver, ishing “besh”, ishorasini qildilar. Men, yoʻgʻ-e, oʻzingiz… dedim. Sadir aka rejissyorga, boʻldi, men endi Vitsinga ovoz bermayman. U Diasniki ekan, dedilar… Oʻshandan keyin, Vitsin qaysi filmda oʻynasa va u ona tilimizda taqdim etilsa, rejissyorlar faqat meni chaqiradigan boʻlishdi. Katta dublyajga mana shu tariqa kirib kelganman.
Hammasi boʻlib 800 dan oshiq filmlarga ovoz berganman. Oʻzbek dublyaj sanʼati gullab-yashnagan davrda ijod qilish, oʻsha maktabning bir vakili boʻlish mengayam nasib etganidan oʻzimni baxtiyor sezaman.
Hozirgi dublyajga munosabati
– Hozirmi… Tanqid qilaman desak ham, maqtayman desak ham sabablar topiladi. Kamoliddin Usmonov, Yoʻldosh Abdukarimov, Afzal Rafiqov singari maktab koʻrgan insonlar faoliyatini yuqori baholayman. Ammo ayrim filmlarga ikki-uch nafar aktyorning ovoz berayotganini koʻrib jahlim chiqadigan oʻrinlar ham bor. Yigirma-oʻttiz nafar qahramoni bor kinoga hech boʻlmaganda, oʻnta aktyor ovoz berishini taʼminlash, meningcha, qiyin boʻlmasa kerak. Ovozlarning xilma-xilligi tomoshabinga zavq beradi. Buni shu soha nonini yeyotganlar yaxshi tushunishlariga shubha qilmayman.
Birinchi oʻynagan filmi
– 1982 yili Melis Abzalov “Suyunchi” filmini suratga oldi. Unda kasalxonadagi otasidan xabar olmaydigan oʻgʻil obrazini men hurmat qiladigan sanʼatkorlardan biri, rahmatli Hojiakbar Nurmatov oʻynashi kerak edi. Biroq, bilarsiz, oʻsha qahramonni Gʻani Aʼzamov oʻynagan qahramonning tayoq bilan urishi sahnasi bor. Gʻani akamning bir yaxshi odati bor edi. U kishi filmda “yashab” rol ijro etardi. Oʻshanda ham repetitsiya jarayonida Hojiakbarning yelkasiga chunonam zarba berarkan. Hojiakbar bir-ikki oʻsha tayoqdan “egach”, oʻynamayman, deb ketib qoladi. Melis Abzalov meni chaqirdi. Qarasam, vaziyat chatoq. Shunda miyamga bir fikr keldi. Boʻpti, oʻynayman, dedim. Seʼyomkaga yelkamga qizil rangli qalin kitoblardan ikkitasini mahkam bogʻlab keldim. Bunday kitoblar shunday vaziyatda foyda bermasa, qachon foyda beradi, dedim. Gʻani akam odatdagidek, yelkamga oʻxshatib tushirib qoldi. Oʻshanda “fint”im ish bergan va hammasi ajoyib chiqqan edi.
“Kichkina odamlar”ning katta yutugʻi
Mazkur film toʻgʻrisida alohida toʻxtalishni lozim koʻrganim bois, Dias Rahmatovga bu savolimni sal kengroq qilib bergan edim. Unga: “Komik rollaringiz mashhur. Ammo “Kichkina odamlar” filmida sizni mutlaqo boshqa qiyofada koʻrdik. Oʻqituvchi dardi, psixologiyasi sizning talqiningizda nihoyatda aniq, chiroyli tarzda ochib berilgan. Oʻsha obrazni talqin etish bilan siz oʻzingizning ijodiy “chanqogʻingizni” qondira oldingizmi? Demoqchi boʻlganim – har bir aktyor ijodida bitta yaqqol ajralib turuvchi “shedevr”i boʻladi…” dedim. Ochigʻi, men shu film va Mixliboy muallim obrazini Dias Rahmatov ijodining choʻqqisi hisoblar, aktyor savolimga men oʻylagandek javob bersa kerak, degan xayolda edim. Sanʼatkor bunga xotirjam holda shunday javob berdi:
– Mixli muallimni muxlislarning buncha yaxshi koʻrib qolishlariga sabab nimaligini bilmayman.
Rejissyor Hotam Fayziyev qoʻngʻiroq qilib, ssenariyni oʻqib koʻrasizmi, dedi. Oʻqidim, yomon emas. Oʻynasa boʻladi, dedim. Oddiy rol edi. Men oʻz ishimni va rejissyor aytganini bajardim, xolos. Balki Mixliboyga achinish tuygʻusi uni yaxshi koʻrishlariga sababdir. Ssenariyning puxtaligi, xalqchilligi tufayli boʻlsa kerak, har holda ushbu film tomoshabinlar mehrini qozonganidan xursandman. Ammo uni oʻzim eng zoʻr rolim shu, deb koʻrsata olmayman. Nasib etgan boʻlsa, undan ham yaxshi rollar chiqib qolsa, oʻynash niyatimiz yoʻq emas…
Ustozlari haqida
– “Temir xotin” filmida imom rolini mening eng sevimli ustozlarimdan biri Gʻani Aʼzamov oʻynagan. Lekin nima uchundir, u kishi oʻynagan rolga ovoz berish menga yuklatildi. Gʻani akaning oʻzlari shunday tavsiya qildilar, deyishdi menga. Yoʻq, ishonmayman, ustozim oʻynagan rolga ovoz bermayman, deb turib oldim. Oʻzlarini olib kelsak ishonasizmi, deyishdi. Shunday qilishdi ham. “San nimaga noz qivossan?!” – deya beozor koyidi ustoz… U kishi sahnada ham, hayotda ham birday sevimli, hurmatga loyiq inson edi. Sofiya Mixaylovna Gutmanovich, Qudrat Xoʻjayev, Zaynab Sadriyeva, Olim Xoʻjayev hamda barcha mendan yoshi ulugʻ sanʼatkorlarni ustoz deb bilaman. Ulardan koʻp narsa oʻrganganman.
“Farzandlarim – hayotda aktyorlar”
– Ikki oʻgʻlim, bir qizim, yetti nevaram, ikki evaram bor. Bolalarimning hammasi yaxshi aktyor, ammo faqat hayotda. Ular kinoda rol oʻynashmagan. Ulardan koʻnglim toʻq.
Ayni paytda “Tabassum” radiojurnalida xizmat qilayapman. Radio ham mening ikkinchi uyimday boʻlib qolganiga qirq yildan oshdi. Baholi qudrat muxlislarga xizmat qilishda davom etib kelayapmiz…
Gurung-gurung bilan, vaqt qanday oʻtib ketganini ham bilmay qolibmiz. “Tabassum” “zapis”idan qaytayotgan ijodkorni bekatga dovur yoʻl-yoʻlakay muxlislari tinimsiz bezovta qilib keldi. Dastxat soʻrashdi…
– Bolam, xafa boʻlmaysan, faqat imzo qoʻyib beraman, – dedi sanʼatkor bir yigitga. Soʻng menga yuzlandi:
– Yoshlikda dastxatni uzu-un qilib yozishni xush koʻrardim. Keksaygan saring bunday ishlarda “dangasaliging” tutib qolarkan, kishi…
Yetmishlik dovonini allaqachon zabt etgan sanʼatkorning bugungi faolligi, oʻzining iborasi bilan aytganda, baholi qudrat xalq xizmatida ekanligini inobatga olganda, u kishi unchalik ham “dangasa”ga oʻxshab koʻrinmadi. Sevimli aktyorimizga koʻz tegmasin-da, ishqilib, degan yaxshi niyatda xayrlashdik. Xayrlashar chogʻi, uni Vitsin emas, milliy serialimizda nigohingiz tushmish otaxon qiyofasida koʻrdim. U oʻsha serialdagi kabi baland ovozda: “Omon boʻlinglar, bolalarim, omon boʻlinglar!” dedi qoʻllarini koʻtarib va zavqli koʻzlari kulimsirab, oʻzi mamnun jilmayib qoʻydi…
“Turkiston” gazetasi, 2010 yil