Mehribon singlimga bagʻishlayman.
Bir bayotim bor edi,
Bir bayotim yoʻq edi.
Bir qanotim bor edi,
Bir qanotim yoʻq edi.
Boʻlding bir qanotim-a,
Fotimajon, Fotima.
Bir qoʻlimda gul edi,
Bir qoʻlimda pul edi.
Biroq eng katta davlat
Men uchun koʻngil edi.
Unga singil topdim-a,
Fotimajon, Fotima.
Shoir-ku koʻp dunyoda,
Biri biridan mayda.
O, ularning dimogʻi,
Ular qayda, men qayda.
Sarson yomon chopdim-a,
Fotimajon, Fotima.
Gʻurra-gʻurra soʻz yigʻdim
Boshim yerga tega koʻp.
Sal mashhurman shekilli,
Bugun menga ega koʻp.
Goho sheʼrni sotdim-a,
Fotimajon, Fotima.
Birovlarning nazdida
Shoir narxi arzondek.
Qoʻyib bersang, ustingdan
Pul sochadi xazondek.
Jonni koʻp qonatdim-a,
Fotimajon, Fotima.
Ular qayda edilar
Men boshlagan kezimda.
Bolamga non topolmay
Yigʻlaganim esimda…
U axir, zuryotim-a,
Fotimajon, Fotima.
Bitta toʻnni yechmasdan
Oʻtdi Oʻtan bobolar.
Bu dunyoga qoʻl silkib
Ketdi Oʻtan bobolar.
Eh, kimni yoʻqotdim-a,
Fotimajon, Fotima.
Toʻn almashsam, tanamni
Kuydiraman, derdi u.
Yangi toʻnni bolamga
Kiydiraman, derdi u.
Aylanay, ajdodim-a,
Fotimajon, Fotima.
Biz bobomiz hikmatin
Goh uqmay, goh uqqanmiz.
Aslida biz bir toʻnning
Etagidan chiqqanmiz.
Ne xayolga botdim-a,
Fotimajon, Fotima.
Qani endi unday zot,
Toʻrt tomonga chop-chi bir.
Qush hurkimay qoʻlidan
Don yeganin top-chi bir…
Dardlaring qoʻzgʻotdim-a,
Fotimajon, Fotima.
Biz gadoga non bermay,
Qizlarga pul sarflaymiz.
Oqibatsiz – oʻzimiz,
Zamonani ayblaymiz.
Yuragi tosh qotdim-a,
Fotimajon, Fotima.
Shoirligim goh daʼvo,
Goh koʻrinar mardlikday.
Goh oʻzimcha burgutman,
Goh ojizman kaklikday.
Ichimda faryodim-a,
Fotimajon, Fotima.
Ketdik, deydi har oqshom
Bolaligim moʻralab.
Laylakqorlar yoqqandir
Ulugʻtoqqa boʻralab.
Unga qanday yetdim-a,
Fotimajon, Fotima.
Qoʻynim toʻla gul, ammo
Yulgʻunlarni sogʻindim.
Gulyuzlar koʻp, men yuzi
Soʻlgʻinlarni sogʻindim.
Togʻda yurgan egasiz
Qulunlarni sogʻindim.
Sigir sogʻar saharlab
Kelinlarni sogʻindim.
Nima qilay, oʻshalar
Tushaverar yodima.
Oʻzim oʻtgan koʻchalar
Tushaverar yodima.
Axir senga aytmasam,
Kimga aytay dodim-a,
Fotimajon, Fotima,
Fotimajon, Fotima.