Muhammad Yusuf. Lolaqizgʻaldoq

18
97584
marta koʻrilgan.

Shavkat Rahmon xotirasiga
 

Mendan nima qolar:

Ikki misra sheʼr,

Ikki sandiq kitob,

Bir uyum tuproq.

Odamlar ortimdan

Nima desa der,

Men seni oʻylayman

Oʻzimdan koʻproq –

Lola, lolajonim,

Lolaqizgʻaldoq!

 

Men ketsam, yomondan

Yiroq boʻl, ohu,

Chunki sen chiroyli,

Koʻrkli bir juvon.

Yomon kunlar bir kun

Yaxshi boʻlar-u,

Yomon odam yaxshi

Boʻlmas hech qachon…

Yasha chegarada

Turgandek ogoh,

Lola, lolajonim,

Lolaqizgʻaldoq!

 

Uyda yotibman-u,

Sezib turibman,

Koʻkda ketayotir

Qushlar qaytishib.

Xayrlar yogʻdirib

Qanotlaridan,

Xasta shoiriga

Vido aytishib.

Bor, mening uchun ham

Ularga qoʻl qoq,

Lola, lolajonim,

Lolaqizgʻaldoq!

 

Ularni men yana

Koʻrarmanmi-a,

Ayvondan odamdek

Kuzatolmadim.

Kuz. Toʻylar boshlandi.

Yuragim pora –

Bitta qizimni ham

Uzatolmadim…

Demak, taqdir ekan

Toʻy koʻrmay oʻlmoq,

Lola, lolajonim,

Lolaqizgʻaldoq!

 

Biroq, koʻnglim sezar,

Mendan keyin ham,

Bir kun bu hovliga

Odam toʻladi.

Hali toʻylar qilib

Charchaysan, erkam,

Mening qizlarim eng

Baxtli boʻladi!

Kelinlar koʻylagi

Ruhimday oppoq,

Lola, lolajonim,

Lolaqizgʻaldoq!

 

Gulim, yaqinroq kel,

Qara, ne savdo,

Bu ajib ishlarni

Dil lavhiga yoz:

Kimga qasr yetmas,

Kimga mol-dunyo,

Menga esa havo

Yetmaydi, xolos.

Tiriklar mudroqda,

Oʻliklar uygʻoq,

Lola, lolajonim,

Lolaqizgʻaldoq!

 

Koʻksim kuyib borar,

Koʻkrak yonmoqda,

Ayting doʻxtirlarga,

Yorishsa yorsin!

Jism oʻz ulfati –

Jondan tonmoqda.

Bechora jon endi

Qayerga borsin.

Endi osmon yiroq,

Endi yer yumshoq,

Lola, lolajonim,

Lolaqizgʻaldoq!

 

Buni hayot derlar,

Unutma aslo,

Bir kun ochilasan,

Bir kun soʻlasan.

Qalbimda-ku, faqat

Sen eding tanho,

Qabrim ustida ham

Oʻzing boʻlasan.

Sen bizning sevgidan

Xotira – bayroq,

Lola, lolajonim,

Lolaqizgʻaldoq!

 

Ayol qalbing bilan

Suv kech, olov kech,

Gʻam kelsa boshingdan

Hushing uchmasin.

Xudodan soʻradim:

Mendan keyin hech

Nomard kimsalarga

Ishing tushmasin.

Ularning qoʻlida

Hamisha tuzoq,

Lola, lolajonim,

Lolaqizgʻaldoq!

 

Ishing tushsa, inim

Muhammadga bor,

Shoirlar ichida

Ishonganim shu.

Biroz ichishini

Aytmasa agar,

Koʻksi tiniq bola,

Halol bola u.

Faqat sal soddaroq,

Faqat sal yoshroq,

Lola, lolajonim,

Lolaqizgʻaldoq!

 

Jon soʻnggi boshpana

Toparkan ongda,

U yurak ostida

Derdim men boʻlsam.

Ajablanma agar

Ertaga tongda

Seni oʻpib, Oʻshni

Quchoqlab oʻlsam!..

Oʻtinchim – tepamda,

Yigʻlama uzoq,

Lola, lolajonim,

Lolaqizgʻaldoq!

18 Mulohaza

  1. Men bu she’rni har o’qiganimda ta’sirlanib ko’z oldimda sherdagi voqelar ko’z oldimda gavdalangandek bo’ladi

  2. Muhammad Yusuf juda istedodli shoir. Shu boisdan u ajoyib she’rlar yozadi. Mana mening eng yaxshi koʻrgan, meni taʼsirlantirgan she’r. Oxirati obod boʻlsin shoirni.

  3. Ustozning ohirati obod bo’lsin, yotgan joylari nurdan bino bo’lsin. U dunyo kishisi bo’lsangiz ham, bu dunyoda hamon tirikdaysiz.Har doim El hurmatidasiz.

  4. Men bu she’rni har gal o’qiganimda ta’sirlanib ketaman. Juda juda sevib o’qiyman. Gap yo’q she’rga

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.