Olim Jumaboyev. Jazo

0
1658
marta koʻrilgan.

Oʻsha vaqtlar chamasi oʻn yosh edim. Ayni kuz, ammo atrofda qish ayozi daydirdi. Koʻchada men kabi sovuq sezmas “oʻyin bola”si koʻrinmasa, aksar odamlar uy ichiga tiqilishgandi. Har galgidek, horib-charchab uyga qaytdim. Darvoza tirqishidan ichkariga moʻraladim: oyim ayvonda tutaqib singlimga baqirar, qoʻlida tut novdasidan xivchin; aftidan meni jazolash uchun boʻlsa kerak.

Gavron tanamdagi eski ogʻriqlarni qoʻzgʻadi. Boisi bunaqa sahnalar menga yangilik emasdi. Devor panasiga oʻtib, oyim hovuridan tushishini kuta boshladim… Bir payt qoʻshnimiz Mutal aka hovliqib kelaverdi. Bor gapni mendan bilgach, darvozadan hovliga kirdi-da, zum oʻtmay ketmon orqalab chiqdi.

Xayolimga yeldek urilgan fikrda quvondim: “Ketmonga boruvdim, ushlanib qoldim”, deyman oyimga. Unga ergashdim.

Mutal aka toʻgʻri ogʻilxona tarafga yetakladi.

Paxsa devorga suyanch katak qarshisiga bordik. U ketmonni devorga tirab yeng shimardi. It bolalapti: katak ichida gidiklar agʻnab oʻynar, bir-birini tishlab hurar, yalab yulqayotgan onasi atrofida irgʻishlardi.

Uy egasi shundoq shiftga tiqilgan selitra xaltani oldi. Soʻng u itni katagidan sudrab chiqardi va boshini katakka suqib kuchukbachchalarni tekshirib qopga sola tushdi. Ona it katak atrofida yeru koʻkka sigʻmay, qandaydir noxushlikni sezganday oyogʻi bilan yer titib muttasil gʻingshirdi. Mutal akaning ishi bitgach qoʻzgʻalarkan, katakda ikkita kuchukcha qolganini koʻrdim. U qopni orqaladi va ketmonni uzatib dedi:

–         Bu kuchukvachchalarni nima qilishni yaxshi bilaman!

Biz daraxtzor oralab dalaga qarab joʻnadik. Ortimizdan to Olatayoqqa yetgunimizcha Olapar iyardi, Mutal aka unga tosh oʻqtaldi.

– Olapar…Tur yoʻqol!

Dalalar shudgorlangani bois loy, oyoq botib odam yurishga qiynaladi. Sebalayotgan yomgʻir esa dard ustiga chipqon. Biz zoʻrgʻa jarlikka yaqinlashdik. Jarlik yoqasida chuqur oʻralar, biqinida xandaklar hosil boʻlgan, chetini sel oʻpirgandi.

–         Ketmon shart emas ekan, – dedi Mutal aka kulib.

Shundagina menga hali-hanuz sir bshʼlib kelayotgan muammo yechimi koʻrindi. Demak, u kuchukchalarni tiriklayin koʻmmoqchi! Men umuman ilojsiz edim. Kutganimdek Mutal aka kuchukchalarni oʻraga tashlay boshladi. Ketmonni uloqtirib shartta uning qoʻliga yopishdim.

–         Oʻzim boqaman, menga bering!

Yigʻlab yalindim, foydasi boʻlmadi; u meni siltab tashladi. Zumda oʻra ichida loy va balchiqqa qorishgan kuchukchalar jon talashib gʻingʻshiy boshladi. Koʻz oldimda sodir boʻlgan fojeani tasvirlashga til ojiz…

Qishloqqa qanday qaytdik, bilmayman. Chorasizlik va iztirob, yana qandaydir nomsiz tuygʻular qorishigʻidan paydo boʻlgan kuch meni qiynar, qoʻllarim musht boʻlib tugilar, negadir koʻzimdan duvillab yosh oqardi.

“Qaniydi ilohiy bir quvvat insayu boplab uning dodini bersam!” deb alam bilan oʻylardim. Mutal aka holatimni sezdi shekilli, meni yupatishga urindi.

– E, ogʻaynichalish, nega yigʻlaysan? Oʻgʻil bolasan-ku! Bu qanjiqvachchalarning kimga keragi bor. Orlon boʻlganida, boshqa gap edi……

Bir ahvolda uyga qaytgan boʻlsam kerak, oyim jazolash oʻrniga atrofimda parvona boʻlib qoldilar.

Oyim harchand qattiqqoʻl boʻlmasin, lekin erka oʻgʻlining koʻz yoshlariga chidab turolmasdi. Qovoqlarim shishib ketganini koʻrgach boyagi vajohatidan asar ham qolmadi. Koʻchadagi gapni uyga olib kelmasligimni bilsalar-da, nima boʻlganini soʻrab holi jonimga qoʻymadilar. Ammo miq etmadim. Isitmam chiqib yotib qoldim. Dori-darmon taʼsirida koʻzim ilinganini ham sezmabman…

Uydagi shivir-shivirdan uygʻonib ketdim.

Otam va onam past ovozda suhbatlashardi.

– Bechoraga qiyin boʻldi-da! Bir oʻgʻilga zor edi-ya, yana qiz koʻribdi. Mutalning ahvoli chatoq, qaygʻusi qora qozon!

– Tavba! Nima qiz farzand emasmi?! Tirnoqqa zor odamlar ham bor. Ahmoqda shu Mutal ham. Aybni kelindan koʻrib kun bermaydi, shoʻrlikka…

Bildimki, Mutal aka yana qiz topgan. Toʻrtinchi qiz! Har gal qishloqda birov farzandli boʻlsa sevinardik. Boisi, bazmu ziyofatdan biz bolalar ham chetda qolmasdik-da! Lekin bu safar koʻnglimda hech bir shodlik yoʻq edi… Koʻz oldimda Mutal aka loyga choʻktirgan kuchukchalar jon azobida oʻlim bilan olishardi…

Bu voqea bir umrga qalbimda bitmas jarohat boʻlib qoldi. Oʻsha voqeaning asorati har gal Mutal akaning xotini tuqqanida yangilanaveradi…

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.