Olim Jumaboyev. Soddalik

0
2449
marta koʻrilgan.

Sobir Narimonov direktorlik vazifasidan oʻz xohishi bilan ketdi. Pichogʻi quyruq ustida, oʻzi davraning toʻrida edi. Bu kimga ham yoqmasdi. Narimonovning qarori koʻpchilikni ajablantirdi. Ehtimol, uning qarib qolgani bu maʼsuliyatli ishni bajarishga xalaqit qilgandir. “Boshqa boʻlganda, yotib qolsa ham ariza yozmasdi!” dedi koʻpni koʻrganlar. Xullas, bu mansabga munosib kishi qidirila boshlandi.

Direktorlikka eng yaxshi nomzod, albatta, Mirzamurod aka. U uzoq vaqtdan buyon shu maktab yukini koʻtarishga qoʻldosh boʻlgan. Hamkasblarining ish jarayoni va feʼl–atvorini yaxshi biladi. Boshqalarning nazdida ham direktor boʻlishga faqat Mirzamurod aka loyiq. Rahimjonov esa Mirzamurod akaga biror munosib nomzod topilmagach, oʻzini taroziga sola-sola rozilik bildirdi. U yaqindagina ishga kelib darrov psixolog lavozimiga koʻtarildi. Bundan oldin koʻp idoralarning eshigini tang qilgan. Bozor koʻrgan echkidan qoʻrq deganlaridek ishlamagan joyi, qoqmagan eshigi qolmagan.

Rahimjonov vaqtida otni qamchilash kerakligini payqab, tush payti uning qoʻlini mahkam qisgandi. Tushdan soʻng unikiga yoʻl oldi. Quyuq soʻrashgach, gap aylanib oʻsha mavzuga taqaldi va u asosiy maqsadga oʻtdi. Muddao Mirzamurod akaning qarib qolganini qayta-qayta taʼkidlash emas, yosh boʻla turib buni oʻzi ham eplolmasligini yaxshilab singdirish edi. U oʻzining ish tajribasini gurung orasida qistirib oʻtdi.

– Boshimiz ishdimi, direktor boʻlib. Oʻzlari boshqani topishsin. Men ham, siz ham buni bajarmaymiz. Sadqai umr, koʻchada oʻtib ketadi.

Yugur-yuguri koʻproq bu mansabdan koʻra hayotining keyingi qismini uyda yotib choy hoʻplash unga yaxshiroq tuyuldi.

Maktab direktorini tayinlash fursati yetib, maktabga oʻqituvchilar va maorif mudirligidan vakillar kelishdi.

Yigʻilish boshlandi: nomzodlar koʻrib chiqilgan, koʻpchilik taxminicha mudirlik xodimi ham mana Mirzamurod aka eng munosib nomzod ekanini taʼkidladi, ammo u joyidan qoʻzgʻalib dedi:

– Men bu vazifani uddalolmayman.

Shu payt hayajondan kimdir qichqirib yubordi.

– Siz eplolmasangiz, mana men eplayman.

Atrofdagilar biroz oʻylanib turdi–da, birdan chapak chalib yubordi. Mirzamurod aka ogʻzini lang ochib, angraygancha qolaverdi.

 


Muallif haqida

Olim Jumaboyev 1987 yil 15 aprelda Jizzax viloyatining Baxmal tumanidagi Qatortol qishlogʻida tugʻilgan. Shu tumandagi 48-maktabda tahsil olgan. Keyinchalik JDPI qoshidagi “Sayiljoy” akademik litseyida oʻqidi (2003-2006).

2013 yili OʻzDJTU xalqaro jurnalistika fakultetini tugatgan. Hozir “Ma’rifat” gazetasida ishlaydi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.