
Ulugʻ sahobalardan Abu Dardoning (roziyallohu anhu) yoniga bir kishi kelib, dedi:
– Ey Abu Dardo, ogʻir kasalligim bor. Menga yordam bering.
– Qanday kasallik? – soʻradi Abu Dardo.
– Goʻyo qalbimni dunyo egallab olgandek, unga qattiq muhabbat qoʻyganman. Ibodatlarimda na huzur, na zavq bor…
– Bu – eng ogʻir xastalik. Tezda davolash shart. Zero, bu, Alloh saqlasin, imondan ayrilishgacha olib boradi.
Bu gapni eshitib yordam soʻragan kishi shoshib qoldi.
– Bilsangiz, davosini ayting, – dedi.
– Tez-tez kasal koʻrishga bor, – nasihat boshladi Abu Dardo (roziyallohu anhu), – janoza namozlarida qatnash, qabrlarni ziyorat qil! Bu uch ishda davomli boʻlish bilan, inshaalloh, xastalikdan qutulasan. Koʻnglingdan dunyo sevgisi koʻtariladi, qalb koʻzing ochiladi.
Odam bu ishlarni bir muddat aytilganidek bajarib yurdi. Biroq oʻzida hech qanday oʻzgarish sezmadi. Gʻamgin holda yana Abu Dardoning (roziyallohu anhu) yoniga keldi.
– Tavsiyalaringizga amal qildim, ammo samarasini koʻrmadim, – dedi.
– Kasal koʻrgani bording, janozalarda qatnashding, qabristonlarni ziyorat qilding, shundaymi?
– Ha, albatta, – dedi u kishi. Abu Dardo aytdi:
– Demak, soʻzlarimning mohiyatini tushunib bajarmabsan. Gaplarimni diqqat bilan eshit: bemor ziyoratiga borganingda, bir kuni sen ham u kabi majolsiz yotib qolishingni oʻyla. Bu haqiqatni bila turib, yana qanday qilib dunyoga bogʻlanish mumkin? Koʻrib turganingdek, dunyo matohlari kishini bunday holga tushishdan saqlab qololmaydi. Janozaga borganingda, nazar qil, tobut ichida yotgan jasad dunyo neʼmatlaridan butkul ayrildi. Yaqinlari, jondan sevganlari, butun umrini sarflab, ulgʻaytirgan farzandlari uni soʻnggi yoʻlga kuzatishmoqda. Qabristonga borganingda esa qabrda yotganlar holini, bir kuni oʻzing ham ular singari yer ostida boʻlishingni tafakkur qil.
Yordam soʻragan odam bu gaplarni eshitib, xatosini tushundi. Nasihatlarga aytilganiday amal qildi va tez orada xastaligi shifo topdi. Qalbi yorishdi, koʻngil koʻzlari ochildi. Haqni botildan farqlay oladigan boʻldi. U har gal Abu Dardoni koʻrganida: «Alloh sizdan rozi boʻlsin, koʻngil koʻzim ochilib, haqiqatlarni koʻra olishimga vasila boʻldingiz», deya minnatdorlik bildirardi.
Zumrad VAHOBOVA tayyorladi.
“Hidoyat” jurnalining 2014 yil 4-sonidan olindi.