
Goʻdakligidanoq ilm olishga chanqoq boʻlgan Abu Ali ibn Sinoning asarlaridan jahon tibbiyoti hozirgacha asosiy manba sifatida foydalanadi. Bolaligidan noyob qobiliyati, kuchli xotirasi bilan ajralib turgan vatandoshimiz Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy keyinchalik muhaddislar sultoni deya ulugʻlanadigan boʻldi. Yetuk mutafakkir va shoir Alisher Navoiy, Abu Rayhon Beruniy kabi mutafakkir zotlarni ham ota-onalari, ustozlari bolalikdanoq ilm-maʼrifatga yoʻnaltirganlar.
Biz-chi, farzandlarimizni ajdodlarga munosib qilib tarbiyalashga yetarlicha ahamiyat qaratyapmizmi? Albatta, qoʻldan kelgancha oʻgʻil-qizlarimizni toʻgʻri yoʻlga solish harakatidamiz, deymiz har birimiz. Ammo yon-atrofga, hayotga nazar solsak, farzandlarimizga bizdan televizor berayotgan “tarbiya”si, qoʻl telefoni, kompyuter oʻyinlari taʼsiri boʻlayotgani koʻzga tashlanadi.
Oynai jahonda mavzu-mohiyati jihatidan sharqona qadriyatlar, oʻzbekona urf-odatlar, dinu diyonatimizga toʻgʻri kelmaydigan film, multfilm va seriallar koʻpaygan. Zamonaviy multfilmlarning asosiy qismi AQSH, Yevropa mamlakatlari, Yaponiya va Xitoyda ishlab chiqariladi. Ular orasida biz uchun ham tarbiyaviy ahamiyatga ega boʻlganlari bor, albatta. Ammo bu oʻrinda bolajonlar sevib tomosha qiladigan, ularning milliy-maʼnaviy qarashlari shakllanishiga kuchli taʼsir etadigan multfilmlarning ayrim tashvishli jihatlariga toʻxtalsak.
Birinchidan, bolalarga moʻljallangan har qanday sanʼat asari ularning yoshiga mos boʻlishi shart. Unda hayotda yuz berishi mumkin boʻlgan yoki ibratli voqealar aks etishi lozim. Chunki kichkintoy beixtiyor oʻzini qahramon bilan solishtiradi, xayolan uning oʻrniga oʻzini qoʻyadi. Hozirgi chet el multfilmlari esa, asosan jangarilik mavzularida. Ularning qahramonlari koʻpincha tabiatda uchramaydigan maxluqlardir.
Ikkinchidan, ularda qoʻrqinchli vahshiyliklar tasvirlangan sahnalar koʻp. Tomoshabinni jalb etish uchun qoʻllaniladigan bir usul. Dahshatli sahnalarni koʻrgan bolada oldiniga qoʻrquv aralash qiziqish hissi yuzaga keladi. Bunday sahnalarni muntazam tomosha qilgan bolada rahmdillik tuygʻusi yoʻqolib, oʻrnini toshbagʻirlik, hatto shafqatsizlik egallaydi.
Uchinchidan, axloqsizlik targʻib etilgan sahnalar ham oz emas. Goʻyo qahramonlar “sevgi-muhabbati” tarannum etilgandek. Bu borada, hatto kattalar koʻrsa, xijolat tortadigan holatlarga ham duch kelish mumkin. Bunday sahnalar bolakaylar, qizaloqlarda hayo, andisha kabi milliy tuygʻularni yemirishi tabiiy.
Toʻrtinchidan, gʻarbda urf boʻlayotgan oiladan ayri, yolgʻizlikda yashash kabi holatlar zamonaviy multfilmlarda ham namoyon boʻlmoqda. Ahamiyat bersangiz, baʼzi qahramonlarning na ota-onasi boʻladi, na jigarlari. Har biri oʻzicha, oʻzi uchun, shaxsiy manfaatini oʻylab yashaydi. Oila aʼzolariga mehr-muruvvat koʻrsatish, yaqinlariga xizmat qilishdek xususiyatlar ularga butkul begona.
Beshinchidan, baʼzi gʻarb multfilmlarida gʻayridinlarga xos ibodat marosimlari namoyish etiladi. Olovga, butlarga sigʻinish sahnalariga ham guvohi boʻlish mumkin. Dunyoning yaralishi, boshqarilishi va shunga oʻxshash aqidaviy masalalarda film ijodkorlari oʻzlarining aqidalaridan kelib chiqadi. Bunday sahnalar koʻrgan narsasiga ishonadigan goʻdaklarning hali shakllanib ulgurmagan ongini buzishi tayin.
Oltinchidan, yuqorida taʼkidlanganidek, bola asar qahramoni oʻrniga oʻzini qoʻyadi. Undan oʻrnak oladi, feʼl-atvorini oʻziga singdiradi. Koʻpchilik multfilmlarning qahramonlari, ularning tabiatini sinchiklab oʻrgansangiz, rang-roʻyiyu millatidan, hatto odammi, hayvonmi, qatʼi nazar, taxminan bir xil manzaraning guvohi boʻlasiz: “Qahramon” boʻlaman desang, haqingni berma, hech nimadan tap tortma, maqsading yoʻlida yolgʻon-yashiq, firib, nayrangdan ishlataver. Niyatingga yetish uchun yoʻlingdagi har qanday toʻsiqni agʻdarib ketaver!.. Bolani buzishning, xudbin qilib oʻstirishning bundan oson yoʻli boʻlmasa kerak.
Xullas, multfilmday ixcham ekran asari ham farzandlarimiz ongi, yuragida ezgu hissiyotlarni uygʻonishiga xizmat qilishi kerak. Bola, jumladan, shunday asarlar orqali olamni, odamni idrok etadi, hayvonot va nabototni oʻrganadi. Biroq buning uchun multfilmlar ham tom maʼnoda sanʼat asarlari boʻlishi, qatʼiy talablarga javob berishi shart. Chet ellik ijodkor oʻzga xalqlarning milliy qadriyatlarini targʻib etishga jon kuydirmaydi. Boshqa yurt, millat anʼanalariga, urf-odatlariga putur yetkazib qoʻymasmikinman, deb oʻylab oʻtirmaydi ham.
Gʻiyosiddin MUHAMMAD YUSUF
“Hidoyat” jurnalining 2014 yil 4-sonidan olindi