Najmiddin Kubro

0
7895
marta koʻrilgan.

Mashhur tasavvuf shayxlaridan biri, kubroviylik tariqati asoschisi Najmiddin Kubro shaxsiyati va faoliyatiga Oʻrta Osiyo xalqlari qadimdan katta qiziqish bilan qaragan. Uning hayoti, karomatlari haqida el orasida koʻplab rivoyatlar bor. Muhammad Doroshukuhning “Safinatul avliyo”, Rizoqulixon Hidoyatning “Riyozul orifin”, Mavlaviy Gʻulom Sarvar Sohib Lohuriyning “Xazinatul asfiyo”, Abdurahmon Jomiyning “Nafahotul uns” kitoblarida Najmiddin Kubroning hayoti, soʻfiylik tariqati va faoliyatiga doir maʼlumotlar keltirilgan.

Najmiddin Kubro 1145 (540 hijriy) yili Xiva shahrida dunyoga keldi. Asl oti Ahmad ibn Umar Muhammad Xivaqiy Xorazmiy boʻlib, ismiga “Najmiddin”, “Abuljannob”, “Valiytarosh” kabi unvon va kunyalar ham qoʻshib aytilgan.

Abdurahmon Jomiyning “Nafahotul uns” asarida qayd etilishicha, Ahmad yoshligidan ilmga qiziquvchanligi va qobiliyati bilan ajralib turgan. U Islom asoslari, shariat ilmlarini juda tez oʻzlashtirib, Xorazmning oʻsha paytdagi ulamolaridan ancha ilgarilab ketadi va “Najmiddin” – “Din yulduzi” degan nom oladi. Shundan keyin Ahmad ibn Umar Najmiddin Kubro nomi bilan mashhur boʻlib ketadi.

Ali Akbar Dehxudo u kishining Kubro deb atalishiga behad ziyrakligi va oʻtkir zakovati, har qanday muammoli masalaga yechim topib berishi sabab boʻlganini qayd etadi.

“Abuljannob” soʻzi esa Najmiddin Kubroning kunyasidir, bu soʻz “Dunyodan oʻzini saqlagan taqvodor” degan maʼnoni beradi. Jomiyning yozishicha, Najmiddin Kubro Iskandariya shahrida muhaddis ulamolardan hadis ilmini oʻrganib qaytayotganida yoʻlda bir kecha Paygʻambarimizni (sollallohu alayhi va sallam) tush koʻradi va “Menga kunya bagʻishlang”, deb soʻraydi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Najmiddinga: “Sening kunyang Abuljannob boʻlsin”, deydilar. Najmiddin shu bashoratdan keyin tasavvuf yoʻliga kiradi va munosib piri murshid qidirishga kirishadi

Najmiddin Kubro oʻn olti-oʻn yetti yoshida ilm izlab Misrga boradi. Misrda Roʻzbehon Vazzon Misriydan (milodiy 1189/584 hijriy yili dunyodan koʻz yumgan) taʼlim oladi. Shayx Roʻzbehon mashhur mutasavvif Abu Najib Suhravardiy qoʻlida tarbiya topgan edi. U Najmiddin Kubroni oʻz oʻgʻliday yaxshi koʻrib, alohida mehr bilan tarbiyalaydi. Keyinchalik qizini shogirdiga nikohlab beradi va oʻziga kuyov qiladi.

Ilmga chanqoq Najmiddin Kubro koʻp oʻtmay Tabrizga borib, Imom Abu Mansur Hafda degan donishmanddan Islom ilmlarini oʻrganadi. U yerda Shayx Bobo Faraj, Ammor Yosir, Ismoil Qasriy kabi mutasavvif olimlardan tasavvufga oid zohiriy va botiniy ilmlar boʻyicha saboq oladi. Shayx Ismoil Qasriy qoʻlida komillik darajasiga yetib, ustozining oq fotihasini oladi. Yigirma besh yildan ortiq umrini ilmga bagʻishlagan Najmiddin Kubro 1185 yili Misrdagi ustozi va qaynotasi Roʻzbehon maslahati bilan oʻz vatani – Xorazmga qaytib kelib, xonaqoh quradi va shogirdlar tarbiyasiga katta eʼtibor beradi. Xorazmda kubroviylik tariqatiga asos soladi. Ushbu tariqat soliklari orasida zikrni xufiya (ovoz chiqarmasdan) aytish usuli joriy boʻlgan.

Najmiddin buyuk soʻfiy shayx boʻlib yetishishida uch buyuk inson – Shayx Roʻzbehon Misriy, Shayx Ammor Yosir va Ismoil Qasriylarning xizmati katta boʻlgan.

“Valiytarosh” laqabi esa, valiylarni tarbiyalovchi deganidir. Najmiddin Kubro umri davomida oʻn ikki kishini muridlikka qabul qilgan boʻlib, ularning barchasi shayx darajasiga yetishgan. Ular orasida mashhur shayxlardan Fariduddin Attorning otasi Majiduddin Bagʻdodiy (1219 yili dunyodan oʻtgan) va Jaloliddin Rumiyning otasi Bahouddin Valad (1152–1231), Najmiddin Doya Roziy (1255 yili dunyodan oʻtgan), Saʼduddin Hamaviy (1252 yili dunyodan oʻtgan), Sayfuddin Boharziylar (1259 yili dunyodan oʻtgan) bor.

Najmiddin Kubro bir qancha asarlar yozgan. Ularning koʻpi arab tilida bitilgan. Jumladan, “Favoih al-jamol va favotih al-jalol” (Jamol xushboʻyliklari va jalol kashfi), “Al-usul al-ashara” (Oʻn usul), “Risola at-turuq” (Tariqatlar risolasi), “Risolat al-xoif al-hoim min lavm al-loim” (Malomatchining malomatidan hazar qiluvchi haqida risola) va boshqalar. Shayxning fors tilida yozilgan “Fi odob us-solikin” (“Soliklar odobi haqida”) risolasi ham bor. Forscha ruboiylarida javonmardlik, pok axloq gʻoyalari ifodalangan.

Najmiddin Kubro kishilarni ezgulikka, ilmga, saxovat va mardlikka daʼvat etdi. Bu yoʻlda oʻzi boshqalarga oʻrnak boʻldi. 1221 yili moʻgʻul bosqinchilari yurtga bostirib kelganida, garchi unga shaharni tashlab chiqish imkoni berilsa-da, Vatanini dushman qoʻliga topshirmadi. Moʻgʻullar bilan jangda mardonavor kurashib, jon fido qildi. Shayxning qabri Koʻhna Urganchda. Buyuk bobolarimizning hayot yoʻli biz avlodlar uchun goʻzal oʻrnakdir.

 

“Yakkasaroy” jome masjidi imom noibi Fazliddin HUSANOV tayyorladi.

 


“Hidoyat” jurnalining 2014 yil 4-sonidan olindi.


 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.