Elmurod Nishonov. Maqolalar (2014)

0
2168
marta koʻrilgan.

Mulkdan foydalanish madaniyati

(Feletonnamo)

Dam olish kunlarining birida eshik qoʻngʻirogʻi asabiy jiringladi. “Svet”dan kelishgan ekan. “Falon ming soʻm qarzlaring bor”, degan “xushxabar”ni yetkazishdi. Uch kun oldin elektr energiyasi haqini toʻlab kelgan boʻlsak, qanday qarz boʻlishimiz mumkin? Toʻlov qogʻozlarini koʻrsatdik. Harqalay, tokni uzib ketishmadi.

Oradan biroz oʻtib, qoʻngʻiroq yana jiringladi. Bu safar qattiqroq va uzunroq. Chiqsak, endi issiq suvdan ekan.

– Falon ming soʻm qarzlaring bor, falon oydan beri toʻlanmagan, mana!

Qarasak, chindan ham shunday yozilgan. Yana hayronmiz. Uch kun avval issiq suv haqiniyam toʻlagan boʻlsak…

– Qanaqa qarz boʻlishi mumkin? Kommunal haqlarni har oy toʻlab boramiz…

– Yoʻq, aka, qarzlaringiz bor. Hozir toʻlamasangiz, keyin sudda toʻlaysiz baribir.

Oʻzbekchilik emasmi, bunday soʻzlarni eshitganda odam sergak tortadi. Lekin rost, oyma-oy toʻlovlarni toʻlab borsak, nega bular qarzni boʻyinga ilayapti?..

Xullas, u boʻldi, bu boʻldi, qoʻlda kvitansiya bilan yozning issigʻida bir haftamiz issiq suvdan “qarzdor emas”ligimizni isbotlashga ketdi.

Savol tugʻiladi: nega shunday boʻldi? Buning nomi nima? Bizning oʻz huquqimizni yaxshi bilmasligimizmi yoki uni himoya qilishdagi ojizligimiz? Kommunal toʻlovlarni undiruvchi idoralarda ishlovchi ayrim xodimlarning, oʻzlarining tili bilan aytganda, shunchaki “anglashilmovchilik tufayli “adashish”larimi?

Yoʻq, muammoning asl sababi, bizningcha, bular emas. Oʻylashimizcha, mulkdan foydalanish madaniyati bilan bogʻliq ogʻriqli joylarimiz bor. Keling, shu haqda fikrlashamiz.

 

Orqaga yuradigan hisoblagich

Dunyoda bizdek innovatsion gʻoyalarga boy odamlar kam boʻlsa kerak. Esingizda boʻlsa, bir paytlar qishloq joylarda elektr hisoblagichni orqaga aylantirib qoʻyishardi. Qasam ichib aytish mumkin, oʻsha asbobni ixtiro qilgan olim yoki uni ishlab chiqargan muhandis-texnologlar ham buni koʻrsa, hushidan ketib qolishi hech gap emasdi. Ammo bu yangilikka oʻch odamlar uchun oddiy gap edi. Qoyil qolasiz, “uchyorchik”ni toʻxtatib qoʻyish yoki orqaga yurgizish uchun unga choʻp tiqisharmidi-yey, sim oʻtkazib qoʻyisharmidi-yey, ishqilib, nima qilsa, qilishardi. Mahallaga “svet”dan odam kelib qolsa, koʻring edi tomoshani. Hamma uyiga yugurgilab qolardi. Ishlatgan elektr energiyasi haqini toʻlab qoʻyish uchun emas, albatta. Tezda borib, elektr hisoblagichdan choʻpni sugʻurib qoʻyish uchun! Ulgurmaganlari kelgan montyorning (elektrdan kelgan odamni shunday atashardi) oyogʻiga yiqilgudek boʻlib, yalinardi. “Montyor” ham yaxshi odam boʻlardi. Yaxshi muomala, qolaversa, chap choʻntagiga tushib turgan toʻrt-besh soʻm choychaqaning tafti tufayli, odamlarga “muruvvat” koʻrsatardi. Hatto, “kelishish”ning evini qilganlarning uyidagi “uchyorchik”ning qulogʻini oʻzi burab berardi. Shunday burardiki, hisoblagich zingʻillab ortga chopqillardi…

Bugun bu tomoshalar yoʻq. Aytishlaricha, yangi chiqqan raqamli hisoblagichlarning qulogʻini burab boʻlmaydi. Ammo tomoshaning ikkinchi pardasi namoyish etiladi hozir. U mahalla idoralarida qoʻyiladi. Har bir seans oyning muayyan kuniga belgilangan boʻlib, uning ijrochilari – bolalar va kam taʼminlangan oilalarning nafaqa pullarini tarqatuvchi shaxslar, kommunal toʻlovlarni undiruvchilar va nafaqani olishga kelgan kishilar boʻladi.

– Falonchiyeva, tez pulingizni oling-u, “svet”ning pulini toʻlang!

“Svet” puli qishloqlarda, negadir, standart qilib belgilangan. Hamma – uch xonali uyi borlar ham, olti xonali uyi borlar ham bir xil, deylik, oyiga yigirma ming soʻmdan toʻlaydi. Mahalladagi tomoshaga qaytamiz.

– Nima, toʻlab ahmogʻingiz bormi, akasi? – deydi Falonchiyeva. – Kuniga oʻn soat chiroq oʻchiq boʻladi-yu, men sizga pul toʻlarkanmanmi?

– Koʻp gapirmang, – deydi “mutasaddi”. – Eringiz ishlaydi, qaynotangiz ishlaydi, tagʻin yil boʻyi davlatdan nafaqa olasizlar. Toʻlang, boʻlmasa, bolalaringiz pulini oʻchirtiraman!..

Kun davomida, nafaqa pullari to oxirigacha toʻlab boʻlingunga qadar, u yerdan “qiy-chuv”, “sen-men” tugamaydi.

Birorta insofli oqsoqol turib aytmaydiki, ey, birodarlar, davlat mulki, bu – xalq mulki! Tok boʻladimi, gaz boʻladimi, suv boʻladimi, xonadoningizga oʻzi kirib borayotgan boʻlsa, undan foydalanyapsiz, shu aziz neʼmatlarning hurmati, ishlatganingiz haqini toʻlab qoʻying! Kambagʻal boʻlib qolmaysiz! Elektr ham yerning ostidan buloqdek oqib chiqmaydi, uni paydo qilish uchun milliardlab mablagʻ sarflanadi. Ming-minglab qorakoʻz insonlar sogʻligʻidan kechib, mehnat qiladi. Gaz ham shunday. Suvni-ku aytib oʻtirmaylik. Manaman degan rivojlangan mamlakatlar ham ichimlik suvini oltin narxida sotib oladi. Siz uyingizda, qoʻpol boʻlsa ham aytaman, yotib olib, suv ichayapsiz-ku. Baraka topkurlar, shuning shukrini qilmaysizlarmi?..

Yoʻq, shukr qilish tuygʻusi koʻpchiligimizdan yiroqlashib ketgan. Keling, tan olaylik, bizda yomon bir illat bor. “Ha, bu davlatniki-da”, deymiz. “Davlat mening bir soʻmim bilan boyib yo kambagʻallashib qolarmidi”, deymiz.

Koʻrgan boʻlsangiz, baʼzi avtobus oʻrindiqlarining orqasiga qarab boʻlmaydi. Ularga nomaʼlum “rassom”larning “shedevr kartina”lari tushirilgan. Betayin “muallif”larning “+”, “-” “asar”lari bilan toʻldirib tashlangan oʻrindiqlarniyam koʻp uchratganmiz. Shu ishni qilayotgan oʻspirin yaxshi oilada tarbiya topyapti deb oʻylaysizmi? Ota-onasi unga: “Bolam, koʻcha-koʻydagi narsalar davlatniki, davlatnikimi, demak, shu xalqniki, uni eʼzozla, undan toʻgʻri foydalan”, deya nasihat qilib turadimi? Bu gaplar ular uchun kulgili-ku!

Eʼtibor berganmisiz, birovning avtomobilini ijaraga olib yurgan koʻp haydovchilar moshin jonivorni eshakdek boshqarishadi. Ariqlardan sakratib oʻtib ketayotgan, joyidan yerni kavlatib qoʻzgʻatayotgan, chiyillatib tormoz berayotgan (katta shaharlarimizda tunlari ana shunday “chiyillash”lardan quloq bitib qolay deydi) haydovchilarni koʻrsangiz, bilingki, yo mashina ularniki emas, yo boʻlmasam, ular mashinaga orqasi terlab mehnat qilib erishmagan.

Bu holat nimadan? Davlat mulkiga “oʻzganing mulki” sifatida qarashdan, birovning mulkiga “ha, endi birovniki-da, oʻzimniki boʻlsa, shunday qilarmidim?” degan insofsizlarcha munosabatdan, umuman olganda, mulkdan foydalanish madaniyatining pastligidan emasmi?

 

Taklif

Oʻylab koʻrsam, shu paytgacha maktabda ham, litseyda ham, universitetda ham hech kim menga mulkdan foydalanish madaniyatidan saboq bermagan ekan. Maktabda sinfdoshlar oʻynab-oʻynab, necha marta maktab deraza oynalarini chil-chil qilganmiz. Oʻrniga olib kelganmiz-u, lekin olgan saboqlarimiz koridorlarda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosarining koyigani, ota-onamizning dakkilaridan nariga oʻtmagan.

Oʻynab-oʻynab, nechta partaning ustiga ruchka-qalam bilan “bezak” berganmiz. Hatto baʼzi stol-stullarning “naqqoshlik” sanʼati namunalari bilan toʻla ekanini koʻrardik. Lekin ana shu qilgʻiliqni qilgan birorta oʻquvchining tuzukroq jazoga tortilgani toʻgʻrisida eshitmaganmiz. Demak, bu kabi holatlarga, juda ham jiddiy qaralgan, deb boʻlmaydi.

Ehtimol, maktabgacha taʼlim muassasasidan boshlab mulkdan foydalanish madaniyati haqida saboq berilishi kerakdir, deb ham oʻylab qolasan, kishi. Masalan, oʻynab oʻtirib, qalamini “choʻrt” ikkiga boʻlib qoʻygan bolakayga, qalam uning mulki ekani, uni ehtiyot qilib ishlatishi zarurligi, boʻlmasa yomon boʻlishini aytish qanday yaxshi. Ayrim yosh onalardek quloq-chakkasiga “shart” etkazib shapaloq tortib yuborish qayerdayu kattalarga muomala qilgandek mulkdan foydalanish madaniyatidan saboq berish qayoqda? Yo bir qiziqchimiz aytgandek, mashinasini simyogʻochga “qars” etib urib olgan oʻgʻillarga: “Qoʻyavering, oʻgʻlim, xuddi shu rangidan boshqa mashina olib beraman”, deyish kerakmi?..

 

Xulosa

Fikrimizcha, yaxshiliklar bizga uni suiisteʼmol qilishimiz uchun ato etilmaydi. Xuddi shuningdek, neʼmatlar ham ularni isrof etishimiz uchun berilmagan. Ular bizga yaxshi foydalanish, oʻrni kelganda, haqini ado etish, shukr qilish uchun beriladi.

Farovonlik, toʻkin-sochinlikning boriga shukr! Lekin ularing borligi, neʼmatlarning qoʻlimizga yaqinligi, nima istasak, unga yetisha olishimiz hech birimizga ularni toptash, xor qilish, isrof etish huquqini bermaydi-ku.

 

PS. Issiq suvdan kelib, bizni bir hafta sarson qilgan yigitdan xafa boʻlganimiz yoʻq. U ham nima qilsin, uyma-uy yuradi, baʼzi xonadon egalari bilan “mushuk-sichqon” oʻynaydi. Kommunal toʻlov uchun kelishganini bilib qolsa, uyiga berkinib, oʻzini uyida yoʻqdek koʻrsatadigan kimsalar ham bor. Tagʻin, hech kimga sir emas, oʻsha issiq suv, issiqlik energiyasi haqidan qarzdor xonadonlar ham juda koʻp. Shular haqida oʻylaganda, yana va yana bir bor kommunal haqlarni undiruvchi tashkilotlar va foydalanuvchilar oʻrtasidagi munosabatlarda muammo borligini payqaysiz. Bu ham boʻlsa, ayrim odamlarning oʻsha eskidan qolgan “davlat mulki – cheksiz” qabilidagi xato fikr domidan qutula olmaganini koʻrsataadi.

Nima ham derdik. Bu munosabatlar vaqti kelib, barqaror iziga tushishiga umid qilamiz. Ana shunda haligi aytgan “mushuk-sichqon” oʻyinlari ham tugaydi.

Axir har qanday oʻyinning ham oʻz yakuni boʻladi-ku!

 

“Turkiston” gazetasida chop etilgan.

2013 yil

 

 

Tilingga chipqon chiqqanmi?!

(Bobomdan maktub)

Assalomu alaykum, mening shirinkulgi bolam Shakarxandajon! Chopqillab yuribsanmi? Akalaring Zaharxanda, Bahorxanda, Nahorxanda, opang Tabassumxon, ammalaring Qalampirxon, Alampirxon, xolang Oytovoq, pochchang Kuntovoq, togʻang Oshqovoq, yangang Gulqovoq, amakilaring Mullaboy, Mallaboy, Kallaboy, ukalaring Choʻliboy, Joʻliboy, Eliboy… Hammasi ogʻzidan kulgi sochib, uni koʻrgan gʻam-anduh, alam-hasratlar qochib… Yaxshilarning etagini ushlab, kulmaganiga qoʻymay, koʻnglini xushlab yuribsizlarmi?

Shu desang, bolam, keyingi paytlarda asabim oʻynoqi boʻlib qolgan. Yana momom bilan aytishib qoldingizmi, deyapsanmi? Qoʻysang-chi, bobom ayol zoti bilan aytishib oʻtiradigan boʻp qopti, deb oʻylayapsanmi? Momong bilan yaxshimiz! Lekin, bolam, manavi telivizor bilan radioda chiqadigan baʼzi oʻrtoqlaringning gaplari yomon xotinning diydiyosidan battar jonni egovlayapti! Bilmayman, bularingning tiliga nima chiqqan?

Toʻgʻri gapni teskari aytadi. “A”ni “B” deydi, “B”ni “V” deydi, odamlarni ahmoq biladimi…

Anov kuni bittasi futbol sharhlayapti. Oʻzicha sharhlayapman deb oʻylayapti-da. Har ikki soʻzdan keyin bir “A-a-a-a” deb oladi. Qulogʻim ogʻirlashib qolmaganmi, u qulogʻimga xuddi hoʻkiz “Mo-o-o” deganday eshitiladi. “Krishtianu Ronaldu aniq sherigiga toʻp oshirishni amalga oshirdi”. Bolam, shunday gapni sening yo boshqa bir nevaramning ogʻzidan eshitsam, bilasan-a, nima qilishimni. Ha, ketingni olib tepaman! Afsuski, televizorning orqasiga tepib boʻlmaydi! Birinchidan, Ronaldu “aniq sherigiga” emas, “sherigiga aniq…” boʻlishi kerak. “Aniq sherigi, aniq sherigi!”, nima, uning noaniq sheriklariyam bormi? Ikkinchidan, shu bechora nima qiladi-ya oʻzini qiynab? “Toʻp oshirishni amalga oshirdi”. Toʻrtta soʻz-a? Undan koʻra, ikkita soʻz bilan “toʻpni oshirdi” desin! Yana nima deydi, degin? “Falonchi oʻtgan oʻyinda jarohat ishlab oldi!”. Shu gapni aytayotgan odamning es-hushi joyidami, yoʻqmi, tekshirib koʻrish kerak. Balki oʻzi qachondir “jarohat ishlab olgandir”? “Falonchi oʻz nomini tabloga yozdirib qoʻydi”. Futbol koʻrib oʻtirgan odam bu jumladan oʻsha Falonchining gol urganini fahmlaydi, albatta. Biroq futbol koʻrmaydiganlar-chi? Bundan nimani tushunishlari kerak? Yoki birorta futbolchining gol urib, soʻng tentak qoʻyday yugurib, tablochilarni izlab qolganini koʻrganmisan? Tasavvur qil, Messi “Real-Madrid”ga gol urib, stadion tablochisining oldiga yugurgilab borsa: “Tez mening nomimni tabloga yozib qoʻyinglar, gol urdim!..” Bu gʻirt jinnilik-ku, bolam! Hamma biladigan Barsalini yuzing-koʻzing demay, Barzagli deydi! Oʻzing Barzagli, soʻtak! Kenni Dalglish yaxshiyam shuning sharhlarini eshitmaydi. Eshitsa, Sport arbitraj sudiga berardi. Uning nomini biror marta toʻgʻri aytmadi-ya shu bola! “Liverpul”ga kelgan kunidan boshlab uni “Danglish” dedi, ketgunicha. Bechora isteʼfoga chiqdi-yu, ekranda koʻrinmay qoldi, buning “qovun”idan qutuldi.

Xabarchilaring oʻn yildan beri shaxmatchilardan boshqalarni aqlsiz– ahmoqqa chiqarib yuribdi. Ular uchun shaxmatchilargina “aql-idrok sohiblari”. Boshqalarda aql-idrok yoʻq. Ular uchun futbolchilar – “charm toʻp ustalari”, bokschilar – “charm qoʻlqop ustalari”. Yaxshiyam sportchilarning soʻzlarni muhokama qilib oʻtirishga fursati boʻlmaydi. Aks holda, bilmadim, minglab futbolchilar oʻzlarini charmdan koptok tikadigan kosibga aylantirib qoʻygani uchun, ularni nima qilardi! Bokschilar-chi, ular masalaga sal chuqurroq kirishsa, nima boʻlishini bilasanmi? Oʻzlarini charm qoʻlqop tayyorlaydigan hunarmand qilib taʼriflagani uchun birovni sogʻ qoʻyadi, deb oʻylaysanmi?

Har kuni radio eshitib yotaman. Oh-oh, biram ajoyib qoʻshiqlar beradi-yey “Oʻzbekiston” kanali bilan “Mashʼal”. Eshitib maza qilasan. Baʼzan yoshligiga borib nevaram haligi, shoʻx-shoʻx kanallaring bor-ku, shularga qoʻyib qolishi chatoq-da. Ular ham yaxshi-ku, yaramaslarning tilni buzishlari yomon-da! Bir yildan beri ularning qoʻshiq bilan taronaning farqiga bormay uloqishlaridan bezor boʻlib ketdim. “Ozodbek Nazarbekovdan yangi tarona…” desa, ishonibman de, birinchi marta eshitganimda. Ha-a, Ozodbek oʻgʻlimiz yaxshi qoʻshiqchi edi, endi sozandalikka ham oʻtibdi-da, kuy chala boshlabdi, desam, “Kutaman, kutama-an, kutaman…” deb qoʻshigʻiniyam kuylab qoldi. Menimcha, xonanda radioboshlovchilarning nutqini toʻgʻrilashlarini kutayotgan boʻlsa kerak. Tushunmayman, bir toʻp sanʼatshunoslaring, bir toʻp tilshunoslaring bor, yiliga bittasi fan nomzodi boʻladi. Lekin qoʻshiq bilan taronaning farqiga bormay sandiroqlayotgan bir gala til bezorisining ogʻzidagi chalagapni toʻgʻrilash xayoliga kelmaydi ularingning!

Bolam, xafa boʻlmasang, yana bir gap aytay. Tilni buzayotganlar faqat televideniye bilan radioda bor ekan, desang adashasan. Koʻnglingga olma-yu, ayrim gazeta-jurnallaringdayam shu ahvol. Masalan, keyingi vaqtlarda “falon tadbirda maʼruza tinglandi” deb yozayapsizlar. Ishonmasang, sanab koʻr. Bir sonda kamida toʻrtta matbuot anjumani haqida yozilsa, ularning barida shu gap chaynaladi. “Maʼruza qildi” yoki “maʼruza oʻqidi” desalaring boʻlmaydimi? Misol uchun, “konsertda qoʻshiq eshitildi” deyilmaydi-ku? “Qoʻshiq kuylandi” deyiladi… Oʻylab qolaman, sizlar faqat matbuot anjumani haqida yozasizlarmi yo boshqa mavzularing ham bormi?..

Bolam, dardimni yozsam, daftar kuyadi. Yozmasam, dilim kuyadi. Dardimni senga aytay dedim, Shakarxandajon! Bular mening ichimdagilarning yuzdan biri. Ay-y, shu hech kim tilni buzmasa, tilimizni avvalo oʻzimiz hurmat qilsak, deyman-da menam, boʻtam?

Senga kuch-quvvat, ijodiy omadlar tilab, katta bobongning bobosiga qarindosh bobong: Eshmon.

Boboning soʻzlari rosa “yumshatib” tayyorlandi

“Turkiston” gazetasida chop etilgan.

2013 yil

 

Toʻylarimiz qanchaga tushmoqda?

Yoxud buxgalteriyaga aslo aloqasi boʻlmagan uch mulohaza

Uzoq vaqt boʻlgani yoʻq, qaysidir boyvachchaning qaysidir xorij mamlakatida oʻtkazgan toʻyining DVD disklari tarqab ketdi. Bu haqda xuddi toʻy oʻsha falonchiboyning emas, amakisining toʻyidek ogʻzidan bol tomib gapirib yurganlar ham boʻldi. Hayratlanarlisi, oʻsha toʻyni qiziqish bilan tomosha qilgan tanishlarim toʻyga qancha xarajat qilinganini sentigacha aytib berishdi. Manbasi aniq koʻrsatilmagan boʻlsayam, bu axborotning haqiqatdan yiroq emasligini toʻyga ozgina koʻz tashlagan odam yaxshi anglaydi. Masalan, men shunday qildim. Qarasam, chet ellik mallasoch artistlar ham toʻyda oʻzbekcha gapiryapti. gʻirt yevropalik, amerikalik xonandalarning shunday qilayotganini koʻrib, bir tomondan odamning zavqi ham keladi. Beixtiyor, pul odamni nimalarga majbur qilmaydi, kerak boʻlsa, sayratar ham ekan-da, degan fikrga borasan kishi.

Darvoqe, gapimiz ayrim artistlarning pul bergan kishi yoʻrigʻiga yoʻrgʻalashlari haqida emas. Osilsang, baland dorga osil, deganlaridek, undan kattaroq mavzuga qoʻl urdik – toʻylar mavzusiga.

Qalay, charchab ketmadingizmi?..

 

1-mulohaza: “Kimning qanday yashashini bilmoqchi boʻlsang, toʻyiga bor…”mi?

Hayot murakkab, yashash qiyin boʻlib ketyapti, deganlar bekorlarning beshtasini aytadi. Ana shunday odamning toʻyini koʻrsangiz, uning qanchalar yolgʻonchi, vahimakash ekanini oʻz koʻzingiz bilan koʻrasiz.

Oʻzingiz insof bilan oʻylang, toʻyiga kam deganda besh-oʻn million soʻm pul sarflagan “kambagʻal”ni kambagʻal deyish mumkinmi? E, men bugunning eng kamxarj toʻyini misol qilyapman. Bu summani “novator” toʻychilar eshitsa, ichagi uzilib kuladi. Chunki toʻyda xizmat qilgan mashinalarning oʻziga bu pullar urvoq ham boʻlmasligi mumkin. Kishi aybni avvalo oʻzidan qidirishi kerak, deydi oqillar. Ushbu soʻzlarni qogʻozga tushirayotgan hamyurtingiz toʻyida eng katta xarajatni “avtomobillar karvoni”ga baxshida etgan. Nima emish – shunday qilmasa, boʻlmasmish, nima emish – zamondan orqada qolmaslik kerakmish… Kelinni olib kelish uchun bitta, qolganlar uchun beshta mashina nega yetmaydi? Kuyov tomondan quda tarafga butun bir “armiya” boʻlib borilmasa, qiz berishmaydimi?.. Berishmas ekan. Shunday voqealar boʻlgan ekan: tuppa-tuzuk, odamlar hurmat qiladigan bir inson qiz uzatayotganda, kuyov taraf sal aqlliroq ekanmi, kamroq mashina yuborsa, kelin chiqmayman deb turib olibdi. Na ota, na boboning soʻziga kiribdi oppoq libosli “farishta”. Ehtimol, u uylarda hal qiluvchi soʻzni ayollar aytadigan boʻlib chiqar, ona bilan kelin bola to kuyov tomon yetarli mashina olib kelguncha, toʻyni vaqtincha “toʻxtatib turishibdi”… Qoyil-a! Hayotiy hangomalar konkursi boʻlib qolsa, ushbu voqea ijodkorlari sovrindor boʻlardi-da oʻziyam, nima dedingiz?..

Umuman, bugun toʻylarimiz oʻzining qadriyat, ezgu urf-odatlarimizning yorqin namunasi, degan muborak sifatini tobora yangiliklar “ijod” etilib, amaliyotga tatbiq qilinadigan joy, degan sifatga almashtirayotgandek tuyuladi.

Hayron qolasan va Prezidentimiz Islom Karimovning “Yuksak maʼnaviyat – yengilmas kuch” kitobidagi: “Maʼnaviyat haqida har qancha daʼvatlar, muhim nazariy fikrlar bildirilmasin, agar ularni jamiyat ongiga singdirish uchun doimiy ish olib bormasak, bu boradagi faoliyatimizni har tomonlama puxta oʻylangan tizimli ravishda tashkil etmasak, tabiiyki, biz koʻzlangan maqsadga erisholmaymiz, yaʼni, inson qalbiga yoʻl topolmaymiz”, degan mulohazalarining naqadar haq va hayotiy ekaniga bot-bot iqror boʻlasan, kishi. Qiziq holat-da: matbuotda ham, radioda ham toʻylarimizda isrofgarchilikka yoʻl qoʻymaslik, ularni milliy qadriyatlar asosida, kuchanmasdan, el qatori oʻtkazish kerakligi toʻgʻrisida chiqishlar qilingani sayin, toʻylarimizdagi “yangilik”lar bolalayveradi. Antiqa-antiqa, kulgili-kulgili qiliqlar ijod qilinaveradi. Bu nima, kimnidir masxara qilishmi? Nima, oʻsha toʻy boʻlayotgan hududda mahalla yoʻqmi? “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining viloyat, tuman, shahar kengashlari yoʻqmi? Menimcha, ular ham oʻsha toʻylarga “lutfan” taklif etilsalar kerak. Yegan ogʻiz uyalar, deyishadi-ku, qaysi nodon oʻzi tuz ichgan joyni yo tuz tutgan odamni tanqid qiladi? “Hoy, baraka topkur, puling koʻpaygan boʻlsa, oʻgʻlingni universitetda oʻqit, oʻtgan yili bechora “kontrakt”ga ilashganda oʻqitmading. Toʻyingga sarflagan oʻttiz million soʻmingga uni ikkita universitetda oʻqitsang boʻlardi” yoki “Akamboy, toʻyingizda kelin-kuyovning yarim ming odam – mingta koʻz oldida quchoqlashib-oʻpishishiga yoʻl qoʻydingiz. Undan koʻra, toʻy oʻtkazmay qoʻya qoling edi, yoshlar oʻynab-kulib, kerak boʻlsa, topishishardi-da”, deydigan bir inson topilmaydi. Oʻzbekchilikning andishasi qursin. Baʼzan oʻzingnikiga soʻzing oʻtmaydi. Misol uchun, oʻgʻil toʻy qilayapti. U toʻyga sakson yashik aroq olishni niyat qildi. Sababi oddiy: “polvon”ning oʻzi birorta toʻydan oʻz oyogʻi bilan kelmagan. U yerni rosa obod qilgach, minnatdorlik ramzi sifatida toʻy egalaridanmi, bagʻrikeng hamqishloqlardan biror oqibatli kishimi, uyiga olib kelib qoʻygan… Ota-ona shu shishadan qoʻyma, demaydi. Qoʻy, oʻgʻlim, shu zahardan kamroq ulashsang ham boʻladi, deydi ming istihola bilan. Ie, deydi pahlavon toʻychi oʻgʻil… Shunday demasinmi? Shuncha haq yeb, haq ichib, bu haqni qaytarmaydimi? U, axir, yigit! Oʻzi har besh-oʻn yilda bir toʻy qilsa, toʻyni toʻyga oʻxshatib oʻtkazish kerakmi, yoʻqmi? Dunyoqarash shunday, fikrlash shunday, hayot tutumi shunday boʻlgach, nima qilsin?..

 

2-mulohaza: “Kalta ip boylovga yetmaydi”

Qoʻshni qishloqlarning biriga har yili kazo-kazo xonandalar tashrif buyuradi. Oʻsha yerlik odamlarning oʻzlari aytgan: bu elda shunday musobaqa bor ekan. Toʻychilar mashhur sanʼatkorni olib kelish boʻyicha kimoʻzarga bahslashar ekanlar. Insof bilan aytganda, buning sira yomon tomoni yoʻq, aslida. Dala mehnatidan toliqqan odamlar uchun mashhur sanʼatkorni koʻrish bayramning oʻzi. Lekin bu musobaqaga qoʻli qisqaroq oilalarning qoʻshilishi ham bor-da! Yillab mehnat qilsang-u, odamga oʻxshab yashamasang, qizing sinfdosh dugonalari oldida oʻzining kiyimidan uyalib yursa, oʻgʻling teng-toʻshlari oldida uyingning haliyam loysuvoq, pastak ekanligidan orlanib yashasa-yu, sen qaysidir boyvachcharoq hamqishlogʻingga bahs solib Toshkandan kimsan Falonchini toʻyingga olib kelsang… Bu afandim ham koshki sening yo toʻy boʻlayotgan farzandlaringning baxtini taʼminlab berolsa. Xudo koʻrsatmasin, ikki yoshning biron-yarim orasidan ola mushuk oʻtib qolguday boʻlsa, oʻsha sanʼatkorga yugurib borilmaydi-ku, Falonchi aka yo opa, siz bizning toʻyimizga boruvdingiz, bolalarim ajrashaman deyapti, borib yarashtirib qoʻying, deyiladimi? Kulgili-ku bu?.. Yoʻq, kulgili emas, shon-shuhratni, baxt-xursandchilikni mana shunday tushunadiganlarga achinish kerak…

 

3-mulohaza: “Qadriyatdan voz kechib boʻlmaydi, lekin…”

Bir savol hamisha qiziqtirib keladi: nega biz toʻyga shunchalar katta urgʻu beramiz? Eʼtiborimiz markazida hamisha toʻy boʻladi. Baʼzan butun hayotimizni shuni deb oʻtkazamiz.

Gap-gashtagimiz, qoʻshiqlarimiz, filmlarimizda ham shu mavzu. Kechirasiz-u, hayot faqat toʻyu xursandchilikdan iboratmi? Ana, yangi chiqayotgan koʻp filmlarimizni qarang. Professional olingan boʻlsayam mayliydi, mavzusiga ham qaramasdan, ha, nima boʻlsa ham yaxshi olinibdi, aktyorlar rolni tabiiy oʻynashibdi, qoyil, deb indamay ketaversangiz. Qaysi filmni koʻrsangiz, sovchilik, qudachilik, idish-tovoq, mebel-tayoq, sarpo muammosi. Toʻy boʻladigan yigit bilan qizning uchrashuvi (boʻlajak kuyov, albatta, Alisher Uzoqov yo Adiz Rajabov boʻladi, kelinlar obrazidayam sanoqli aktrisalarimiz, qaynotalarni Matyoqub Matjonov, Ubaydulla Omon va yana sanoqli aktyorlar talqin etishadi), qudalar mojarosi (avvaliga boy-kambagʻal munosabatlari tufayli kelisha olishmaydi, ammo filmning oxirida albatta yarashishadi)… Ishonmasangiz, kuzatib koʻring, ana shu mavzudagi har oʻnta filmning toʻqqiztasida yoshlarning toʻygacha boʻlgan munosabatlari koʻrsatib beriladi. Holbuki, buni hamma biladi – haqiqiy hayot toʻydan keyin boshlanadi-ku! Gaping yolgʻon deng! Qani, mahoratli rejissyorlarimiz, ssenariychi-adiblarimiz koʻrsata olsalar, yosh kelin-kuyovning toʻydan keyingi murakkab munosabatlari, yangi hayotdagi pastu balandliklarni qanday yengib oʻtishlarini koʻrsatishsin! Mana, mushkulotlarni qanday yengish mumkin, deya ibratli yosh oila timsolini yaratishsin. Aktyorlarimiz oʻz isteʼdodlarini ana shunday murakkab obrazlarda namoyon qilishsin!

Toʻy – har bir xalqning maʼnaviy qiyofasini koʻrsatib turadigan koʻzgu. Unda oʻtmishning ruhiyu bugunning nafasi ufurib turadi. Inkor qilish ahmoqlik boʻlardi. Ha, chindan ham toʻy – orzu-havaslarning javhari. Umidlarimiz, ezgu niyatlarimizning mehvari. Biroq unga jonni fido qilish qanchalar toʻgʻri? Menimcha, unga hayotning shunchaki bir boʻlagi, umrimizning bir goʻzal lavhasi sifatida qarashimiz yetarli boʻlardi. Uni kimgadir nimanidir isbotlab qoʻyish vositasiga, boshqacha ifodalaganda, toʻyxonanani raqobatlar maydoniga aylantirish bilan faqat oʻzimizga ziyon qilgan boʻlamiz va ishoning, shunday qilayapmiz ham…

Hayotda qancha isteʼdodli odamlar mayda tashvishlar qurboniga aylanib ketmaydi, deysiz? Qandayin tiynati pok, gʻururli insonlar qandaydir mayda-chuyda gaplarda kimlargadir teng boʻlaman deb ado boʻladilar?

Fikrimizcha, insonning ikki dunyosi uchun zarur, el-yurtga nafi tegadigan, qilinishi shart boʻlgan ezgu ishlari, amallari yetarli boʻla turib, umrni ortiqcha tashvishlar, dabdabayu vasvasalar girdobida xor qilishining hecham keragi yoʻq.

 

“Turkiston” gazetasida chop etilgan.

2012 yil

 

Shafqatsizlik…

Uning tomir otishiga yoʻl qoʻymang!

Har biri haqida alohida toʻxtalishga hojat yoʻq, ommaviy axborot vositalari orqali bu voqealarning koʻpidan boxabarsiz. Qay yurtlardadir yuz berib turibdi shunday koʻrgiliklar: oʻn ikki-oʻn uch yoshlardagi oʻspirin qoʻlida toʻpponcha yoki avtomat bilan maktabdoshlari va oʻziga saboq berib kelgan oʻqituvchilarini ayovsiz oʻqqa tutadi. Qariyb bir-birini takrorlaydigan hodisalar: xuddi shu yoshlardagi bolalarning xuddi shunday qurol bilan bir xil obyektga hujumlari… Yoqa ushlaysiz, bu voqeani qandaydir “hujum” deyishga ham, aslida til bormaydi… Tagʻin bunday koʻngilsizliklarning koʻpi bir xil yakunlanadi: oʻnlab oʻzi tengi oʻquvchilar, ustozlaridan keyin ular oxirida oʻzlariniyam otishadi…

Shafqatsizlik… Bu – kasallikmi, xunuk odatmi? Uning ildizi qayerda? Zoʻravonlik-chi? Bu tuygʻular nimadan oziqlanadi? Undan voz kechib boʻladimi?

Superzamonaviylashayotgan, oʻzini taraqqiyotning choʻqqisida hisoblayotgan odamzot oʻzining asl insoniy tuygʻularini boy bermayaptimi?

Toqatingiz boʻlsa, bu savollarga, keling, birgalikda javob qidirib koʻramiz.

 

Tuygʻuning tugʻilishi…

Ezgulik ham, yovuzlik ham inson fitratida bor, deyishadi. Yaʼni ularning ikkisi ham insoniyatning qonida yashaydi. Faqat aql ularni boshqarib – yaxshilikni yoʻnaltirib, yomonlikning yoʻlini toʻsib turadi, xolos. Mehr bilan qahrning, shafqat bilan shafqatsizlikning, hilm bilan zoʻravonlikning farqini aql-hushi joyida odam biladi. Uning chegarasi aniq belgilanganki, uning buzilishi bilan inson muvozanatdan chiqadi.

Tabiatda shunday qonuniyat bor: har qanday jonli mavjudot sharoit boʻlgan joyda yashaydi va oʻsadi. Shafqatsizlik tuygʻusining ham unib-oʻsish sharoitlari, rivojlantiruvchi oziqlari bor. U eng avvalo oilada kurtak otadi. Ota-ona farzandining berahm, qalbi qattiq, shafqatsiz boʻlib oʻsishi uchun unga, bolam, sen shunday boʻlgin, deya “nasihat” qilishi shart emas. Shunchaki, undagi xatti-harakatlarni nazorat qilmasa, tizginsiz tuygʻularini jilovga olishni oʻrgatmasa, kichkina xatolardan qaytarib turmasa, boʻldi. Uning kelajakda birovlarning tuygʻularini nazar-pisand qilmaydigan, birovning jismonan yoki ruhan ozor chekishidan vijdoni qiynalmaydigan kimsa boʻlib ulgʻayishi uchun yaratilgan eng qulay sharoit shu boʻladi.

 

Shafqatsizlikka oid teleragʻbatlar

Bundan oʻn-oʻn besh yil oldin telekanallarimizning birida namoyish etilgan “Ramayana” seriali taʼsirida “Janobi Ramga sharaflar boʻlsin!” deya yogʻoch qilich, gurzilar bilan, qiyqirishib “jang” qilganimizni yaxshi eslayman. Bugunning bolalari Dejo Yong, Jumongga oʻxshagan uchib jang qiluvchi qahramonlar taʼsirida ekanini hammamiz koʻrib turibmiz. Biz ancha yuvosh edik chogʻi, faqat afsonaviy qahramonlarni “sharaflash” bilan kifoyalanardik. Hozirgi “jangchi” bolalarning nutqlari juda oʻtkir. “Oʻldiraman! Yaramasni zindonga tashlang! Qotilni aniqladinglarmi?” degan esi bor odam eshitganda eti junjikib ketadigan jumlalarni aytib “qilichlashishyapti”.

Amerika Qoʻshma Shtatlarida bir guruh tadqiqotchilar sakkiz ming soatlik koʻrsatuvlarni tahlil qilishganda, ularning naq oltmish foizida zoʻravonlik sahnalari borligi aniqlangan ekan. Savol tugʻiladi: oʻsha mamlakat televideniyesini shunday sahnalarni koʻproq namoyish etishga nima majbur etgan? Javobi oddiy: auditoriyani oʻziga jalb etish. Bu tendensiya faqat bir yoki ikki mamlakat emas, jahondagi juda koʻp mamlakatlarda kechayotgani bor gap. Faqat oʻz milliy qadriyatlarini, maʼnaviyatni birinchi oʻringa qoʻyadigan mamlakatlardagina bu narsaga jiddiy eʼtibor qaratiladi.

Mutaxassislarning fikricha, kishilarning bir-biriga jismoniy ozor berayotgani tavsirlangan lavhalarni koʻrgan oddiy tomoshabinda shunday jarayon kechadi: avvaliga ozorlanayotgan qahramonga qaygʻuriladi. Soʻngra beixtiyor, oʻzi ham anglab-anglamagan holda namoyish etilayotgan voqeaning ishtirokchisiga “aylanadi”. Oxirida shunday boʻladiki, u oʻsha lavhalarni qayta-qayta koʻrgisi keladi, agar koʻrayotgani serial boʻlsa, uning davomini intizorlik bilan kutadigan boʻlib qoladi.

Aql-hushini yigʻib olgan, suyagi qotgan, hayotda oq-qorani ajrata oladigan yoshdagi kishilarga bu shunchaki qiziqishni qondiruvchi vosita boʻlib xizmat qilishi mumkin. Biroq hali tajribasiz, oq-qorani mustaqil ajrata olmaydigan bolalar va oʻsmirlar uchun-chi? Psixologlar qonxoʻrlik, vahshiylik lavhalarini koʻraverib, koʻzi erta pishib qoʻyayotgan bolalarga nisbatan “sotsial maugli” iborasini qoʻllashadi. Bu shunchaki surati odam, siyrati insoniylik tuygʻularidan mosuvo boʻlayotganlar, degan maʼnoni bildirmaydimi? Toʻgʻri, butun dunyo ahli qabul qilgan meʼyorlarni inkor qilish xato. Televizor ham, kompyuter ham hayotimizning bir boʻlagi boʻlib qoldi. Ammo ulardan toʻgʻri maqsadda foydalanish ham mumkin-ku?..

 

Qolgan ishga qor yogʻadi

Yoxud hamma narsa oʻz vaqtida goʻzal

“Uchrashuv” filmidagi bezori oʻgʻlining ustidan shikoyat qilib kelgan kishilar ustidan kuluvchi Ergash Karimovning qoʻngʻizmoʻylov qahramoni esingizdami? Xuddi shunday otalar hozir yoʻqmi? “Bola boʻlsang, shoʻx boʻl…” degan naqlni eshitgansiz. Baʼzan buni meʼyorida tushunmaslik holatlari ham uchraydi-da. Deylik, oʻzingiz ham guvoh boʻlgandirsiz. Ayrim oilalarda ha, endi bola-da, shoʻx-da, deya bolalarning juda koʻp “shoʻxliklari” kechiriladi. Bu “shoʻxlik” bora-bora undan kattaroq “shoʻxlik”larga aylanib ketishi ham mumkin. Bezorilikka yoʻl mana shundan boshlanmaydi, deb hech kim aytolmaydi.

Tadqiqotchilarning taʼkidlashlaricha, qasddan odam oʻldirish jinoyatlari umumiy sonining toʻrtdan bir qismi oddiy bezorilik oqibatida sodir etilar ekan. Mayda bezori (kissavur, sumka oʻgʻrisi, oʻtgan-ketganga teginib koʻradigan) sekin-asta ashaddiy, keyinchalik esa zoʻravon qotilga aylanib borar ekan. Vaqtida butalmagan shox tarvaqaylab hammaga xalaqit bergani singari, oʻz vaqtida tarbiya olmagan kimsa ham bora-bora jamiyat uchun xavfli nusxaga aylanadi.

Kuzatgansiz, bolalar, oʻsmirlar orasida tengqurlaridan dadilroq, kuchliroq, jurʼatliroq, botirroqlari boʻladi. Juda oddiy haqiqat: ularning oʻsha jurʼati, kuchi, botirligini toʻgʻri yoʻnaltirish kerak, xolos.

Kuni kecha, ushbu maqolaga qanday nuqta qoʻysam ekan, degan xayol bilan televizor koʻrib oʻtirsam, vaqtida ayshini surgan, “valyuta” biznesi bilan shugʻullanuvchilarga “qoʻriqchilik” qilgan yigitlarni koʻrsatib qolishdi. Bilaklari dirkillab turishidan, sportsmen bolalar ekani shunday bilinib turibdi. Ularning vazifasi nima boʻlgan ekan, deng? Valyuta ayirboshlash shoxobchalarining oldida sunʼiy tirbandlik yuzaga keltish, oʻzlarining odamlariga xalaqit beruvchi fuqarolarga kuchini koʻrsatib qoʻyish, kerak boʻlsa, koʻcha janglarini (mushtlashuvlar) tashkil etib turish boʻlgan ekan. Boshqalarni bilmadim-u, men shunday qobiliyatli, boʻlaman desa, boks boʻyicha jahon chempioni boʻlish siyoqi bor tengdoshlarimning qismatiga achindim. Ularga kimdir toʻgʻri maslahat berishi, kuchini koʻchada oddiy odamlarga emas, ringda, jahon chempionatlari, olimpiya oʻyinlarida zoʻr-zoʻr raqiblariga qarshi ishlatsa, oʻzi uchun ham, mamlakat uchun ham beqiyos naf boʻlishi mumkinligini tushuntirishi mumkin edi-ku, deya qaygʻurdim. oʻisht qolipdan koʻchsa, qolip emas, uni tutib turgan qoʻl aybdor boʻladi. Dilga taskin beradigani, ular oʻzlarining bu qilmishlaridan afsusda ekanliklarini tan olishdi.

Hamma dardning davosi bor, deyishadi tabiblar. Faqat uning paydo boʻlish sababini oʻrganib, keyin davolash kerak ekan-da.

Oʻylanib qoldim. Shafqatsizlik, zoʻravonlik ham aslida bir kasallik. Demak, uning ham davosi bor. Uni ota-bobolarimizning hikmatlaridan, pedagog xalqimizning mingyillik tarbiya usullaridan, oʻlmas qadriyatlaridan izlaylik. Shunda, pushaymon boʻlmaymiz. Millat farzandlari shafqat, mehr-muruvvat, insonlarga muhabbat, saxovat tuygʻulari bilan oʻsadi, ulgʻayadi. Shuning oʻzi ham kichkina davlat emas.

 

“Turkiston” gazetasida chop etilgan.

2012 yil

 

Qorbobo bilan suhbat-3

(Davomi, boshi hu-u oʻtgan sonlarning birida)

Gazetamizning bayram soniga dunyodagi eng mashhur odam bilan suhbat uyushtirishni reja qilgandik. Jan-Klod van Damm, Krishtianu Ronaldu, Britni Spirslardan birovi bilan gaplashib kelsakmi, dedik. Baxtga qarshi, ularning telefonlari oʻchiq ekan. Shunda, hamkasblarimizdan biri, “dejurniy” respondentingiz bor-ku, deb qoldi. Kim desak, Qorbobo, deydi… Shu doʻstimizning “sovuq” soʻzini yerda qoldirgimiz kelmadi va hamisha uzoq-uzoq oʻlkalarni kezib yuruvchi jahongashta qahramon Qorbobo bilan yana bir bor uchrashib, suhbatlashish baxtiga muyassar boʻldik. “Talablarga binoan”, uni qisqartirmasdan eʼlon qilishini maʼqul koʻrdik.

 

Qorbobojon, suhbatimizni anʼanaviy savol bilan boshlayman. Xafa boʻlmaysizmi?

– Soʻkib boshlamasang boʻldi bolam, xafa boʻlmayman.

Qiziqmisiz, bobo, nega soʻkaman? Savolim shunday: yangi yilni yaxshi kutib oldingizmi?

– Ie? Qanaqasiga “yangi yilni kutib olganman?”. Axir, hali 2012 yildamiz-ku?

Ha, endi suhbatimiz gazetaning yangi yildan keyingi soniga moʻljallangan-da, bobojon, tushunmaysizmi?

– Ho-ho-ho-o! Shunday demaysanmi, boʻtam. Demak, men xuddi kelayotgan yilning boshida sen bilan suhbatlashayotganday boʻlib gapirishim kerak, shundaymi?

Shunday…

– Taxminan yanvarning nechanchi chislolarida “gaplashayotgan” boʻlishimiz kerak?

Bobojon, toʻgʻri tushuning, diktofonimning batareykasi oʻtirib qoladi hozir, gazetada ketadigan joylariga javob bering savollarimning…

– Yoʻq, boʻtam, sen meni tushunmayapsan, gap shundaki, yangi yilni momong bilan boshqa joyda kutib olmoqchimiz. Shunda, oʻzing oʻyla, sen bilan qanday qilib gaplashgan boʻlaman?

Oʻquvchilar buni bilib oʻtiribdimi? Qolaversa, ularga buning farqiyam yoʻq. Shuning uchun iltimos sizdan, savollarimga men aytgandek qilib javob bering, maylimi?

  • Boʻpti, beraver-chi savollaringni.

Ayting-chi, Yangi yil bayrami siz uchun qanday ahamiyatga ega?

– Bolam, xuddi fermerlarga berayotganday berayapsan savolingni. Baʼzan televizordayam shunday savol-javoblarni koʻrsatib qoladi. “Qanday ahamiyatga ega?”, “Qanday taassurot oldingiz?”, “Bu tadbirdan koʻzlangan maqsad nima?”. Menimcha, shunday savol berayotgan hamkasbing yo oʻsha tadbirga kechikib borgan, yo erta borgani bilan tadbirdan koʻzlangan maqsad nimaligini anglamagan… Durustroq savol bersang-chi?

Mayli, boshqa savol beraman: nega faqat har Yangi yilda koʻrinish bersiz? Boshqa mahal, masalan, deylik, saratonda sizning qorangizniyam koʻrmaymiz.

– Eʼtiboring uchun, qoʻzichogʻim, mening odamlar bilan “kontrakt”im shunday. Bu bilan sening ishing boʻlmasin, yaxshimi? Men sendan nimaga har gal faqat mendan intervyu olasan, boshqa odam quriganmi, deb soʻramayman-ku?

Soʻrang!

– Nimaga hech Yalmogʻiz bilan gaplashmaysan? Bechora oʻzi bir yolgʻizhol kampir. Yomonligi yoʻq uning. Toʻgʻri, yoshligida (men uni yaxshi bilaman-ku) sal oyogʻi yengilroq edi-yu, lekin birovga ogʻiri tushgan emas.

Shunday deysiz-u, momosi tushmagurning bolalarni qoʻrqitadigan qiligʻi bor-da! Burniyam katta!

– Ie? Burni kattaning yomon sanalishini eshitmagan ekanman. Yangilik boʻldi. Lekin bu mengayam tegib ketayapti…

Uzr, bobojon, maqsaddan chalgʻimaylik. Muharririmiz sizning bugungi kunda nimalar bilan bandligingiz toʻgʻrisida suhbatlashishimni buyurgan. Savol shu: hozir nima bilan bandsiz?

– Qorbobolik bilan.

Yoʻq, siz tushunmayapsiz. Qorbobolikda nimalar bilan bandsiz, demoqchiman?

– Yomon ezma bolasan-da, oʻgʻlim. Nima bilan band boʻlardim: shu kunlar kaminaning “sezon”i. Oʻzing bilasan, bunday paytlarda soqolni silashgayam vaqt boʻlmaydi. Bir hafta oldin qormomong mahallama-mahalla yurib, xonadon sohiblarining choʻntagini (k)ovlab chiqqandi. Endi men oʻsha uylarga borib, bolalarning koʻnglini ovlab chiqayapman.

Yaxshi. Bobojon, mana, eski yilniyam ortda qoldirayapmiz?

– Shunga nima qilay?

Tushunmadim, negadir, kayfiyatingiz chatoqroqmi deyman?

– Ay, oʻtib ketadi. Kecha, Boʻrivoy bilan sal jiqillashib qoluvdik…

Aytgancha, sizning “komanda”ngiz bor-ku, a? Esimdan chiqayozibdi. Oʻtgan yiliyam suhbatga oʻzingiz keluvdingiz? Yalmogʻiz, Qorqiz, Boʻri, Tulki deganlarini ergashtirib kelaversangiz boʻlardi?

– Biz hozir alohida-alohida chiqishlar qilishni moʻljallayapmiz.

Shou-bizneschilarga oʻxshab gapirayapsiz.

– Meni shularga tenglayapsanmi? Bilsang, shou-bizneschilaringni bir choʻqishda qochiraman. Ularing faqat shov-shuv qilishni biladi. Mendagi avtoritet birontasida bormi? Meni dunyoning yuz ellikta mamlakatida tan olishadi, bildingmi?

Toʻgʻri, shuning uchun ham sizni hamma yaxshi koʻradi-da, Qorbobojon! Ayniqsa, shu sovgʻa toʻla qopingizni…

– Koʻzingni ola-kula qilma. Bu sovgʻalarning egasi bor.

Nimalar deyapsiz, bobo?

– Hazil, boʻtalogʻim. Menga qara, sen toʻqqizinchi “dom”da turasan shekilli?

Ha, Qormomom yaxshi biladilar. Chiqib turadilar-ku biznikiga.

– Ey-y, sen anavi Qorkelinning erimisan? Qorboyning kuyovi…

Ifodada sal yanglish ketayapsiz. Qorkeliningiz mening xotinim, oʻsha Qorboy aka mening qaynotam boʻladi.

– Shunday demaysanmi? Ma, manavilarni ol… Olaver, qachondan beri uyaladigan boʻlib qolding. Oʻzgarganman, deb meni ishontirmoqchimisan?

Yoʻgʻ-e, sizday tabarruk zotning qoʻlini qaytarish ayb boʻlar, bobo…

 

Suhbatimiz shu yerga kelganda, Qorboboning sotkasi jiringlab qoldi. Qarash ayb boʻlsa ham, qiziqish ustun kelib, moʻraladik. Unda “Qorgul qoʻngʻiroq qilayapti” degan vahimali yozuvga koʻzimiz tushdi-yu, “Ha, Qorbobosi qurmagʻur, chatoqsiz” deb yuborishimizga oz qoldi. Keyin bilsak, bobomiz momomizni erkalab “Qorgul” deb chaqirar ekan… Suhbatimizga nuqtali vergul qoʻydilar-u, bobomiz shoshgancha ketdilar. Orqasidan qoʻllarimizni “kuh-kuh”lagancha kulib qarab qoldik…

Qorbobo bilan qor yoqqan kuni

Qor… E, yoʻgʻ-e, har galgidek ELMUROD suhbatda boʻldi

 

“Turkiston” gazetasida chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.