Suyundik Mamirov. Polvon

0
2138
marta koʻrilgan.

Ahmad polvon yiqildi. Alp kelbat tanasi tagidan arralangan azim chinordek gursillab quladi. Buni koʻrib, guvohi boʻlib turgan haloyiq gur etib oʻrnidan qoʻzgʻaldiyu hayqirib yubordi: “O-o-h-h…”

Barchasi shunchalar tez yuz berganidan musobaqaga hakamlik qilayotgan choʻqqi soqolli chol ham angrayib qoldi. Tomoshabinlardan biri olib, biri qoʻyib, hozirgina roʻy bergan voqeani muhokama qila boshladi:

– E, Ahmadni nima jin urdi?

– Odamning ishongisi kelmaydi, ustunlik unda edi-ku?

– Zoʻrni zoʻr yengdi! Otasiga balli, anavi polvon ham kurashning ja hadisini olgan ekan.

– Oʻrgildim unaqangi zoʻrdan, gʻirromlik qildi…

Kim nima desa desin-u, Ahmad polvonning yengilgani rost. Shu paytgacha uning kuragi yerga tegmagan, uncha-muncha polvonni bir bel olishda yiqitar, tomoshabinlar olqishiga sazavor boʻlardi. Ammo bu gal undan omad yuz oʻgirdi.

Ahmad hali aqli-xushini yigʻib, oʻrnidan turib ulgurmasidan, hamrohi, mucobaqalarga hamisha u bilan birga keladigan yoshroq yigitcha yoniga yugurib keldi. Ikkisi nimanidir gaplashdi. Soʻng yigitcha polvonning davra chetiga chiqishiga yordamlashdi. Ahmad olishuv paytida jarohatlangan ekan, oqsoqlanar, ustiga-ustak koʻziga ham nimadir kirgan shekilli, kipriklarini ocholmasdi.

Folib polvon esa qoʻllarini balandga koʻtargancha, davrani gir aylanar, goh-goh tomoshabinlarga taʼzim qilib qoʻyardi. Uning ogʻzi qulogʻida edi. Ahmad polvonni yengadi-yu, xursand boʻlmasinmi? Axir, u bajargan ishni qilaman deb ne-ne yigitlar armonda qolishgan. “Qalovini topsang, qor ham yonadi”, degani shu-da, raqibining dovrugʻi olamni buzardi, davosi bir chimdim qum ekan.

Baribir quvonishiga hali erta. Ana, hakamni olomon oʻrab oldi. Norozi ohangda baqirib-chaqirishayapti. “Polvon gʻirromlik qildi. Yutganini tan olmaymiz. Bellashuv qaytadan oʻtkazilsin”? deyishayapti. Nahotki, sezib qolgan boʻlishsa? Agar aybi isbotlansa…

Choʻqqi soqolli chol olomonni tinchlantirishga urinib, buning uddasidan chiqolmagach, oʻziga xos hakamlar hayʼati vazifasini oʻtovchi oqsoqollar oldiga bordi. Kuyib-pishib gapira boshladi. Oqsoqollar jimgina quloq tutishdi. Soʻng oʻzaro kelishib, gʻolibga yana talabgor boʻlmasa, sovrinni unga beradigan boʻlishdi.

– Toʻxtanglar! Men, men u bilan olishaman!

Hamma ovoz kelgan tomonga oʻgirilib qaradi. U Ahmad polvonning hamrohi, yoshgina yigitcha edi.

Falaba nashidasini surayotgan polvon raqibga boshdan-oyoq razm solgach, qah-qah otib kulib yubordi.

– Sena-a, mana shu pachoq gavdang bilan-a, – dedi u. – Yaxshisi fikringdan qayt. Oʻzingga jabr boʻladi. Mayib-payib qilib qoʻysam…

– Siz nomard ekansiz, akamni gʻirromlik qilib yiqitdingiz, – dedi yigitcha shashti pasayish oʻrniga koʻtarilib. – Qani, davraga chiqing!

– E, sen hali uning ukasimisan? Turqing tuppa-tuzukka oʻxshasa-da, qip-qizil jinni ekansan-ku, – dedi polvon avzoyi oʻzgarib. – Kim aytdi senga meni gʻirromlik qildi deb?

– Firromlik qildingiz, – dedi yigitcha gapini takrorlab. – Kurash tushayotganda akamning koʻziga qum sepib yuborgansiz.

– Tuhmat!

– Yoʻq, rost!

– Kim isbotlaydi?

– Toʻgʻri, isbotlay olmayman. Siz bu ishni ustalik bilan, hech kimga sezdirmay bajargansiz. Shuning uchun ham maydonga chaqiryapman.

Hakam oqsoqollar bilan maslahatlashib olgach, tomoshabinni tartibga chaqirdi. Kurash davom etadigan boʻldi. Dargʻazab polvon yengini shimarib, raqibiga tashlandi. Ammo yigitcha juda abjir ekan, chap berib, kutilmaganda hujumga oʻtdi. Uning bu harakati polvonni shoshirib qoʻyardi. Olishuv hiyla choʻzildi. Polvon holdan toyib charchay boshladi. Bu yosh polvon uchun ayni muddao edi. Bir toʻgʻonoq soldiyu raqibini belbogʻidan ushlab yerga bosdi. Olomon yana oyoqqa qalqdi. Hayqirigʻu olqishlar yangradi. Yosh polvon esa qoʻlini koʻksiga qoʻyib, taʼzim qildi-da, birdan oʻtirib qoldi. Maʼlum boʻlishicha, kurash paytida u jarohatlangan ekan.

Olomon orasidan bir kishi chiqib, yigitchaga yaqinlashdi. “Men tabibman”, dedi va uning oʻrnidan turishiga koʻmaklashdi. Ahmad polvonning ham ahvoli yaxshi emas, koʻzlarini bazoʻr ochardi.

– Ukangizning beli lat yeganga oʻxshaydi. Hechqisi yoʻq, tez kunda tuzalib ketadi. Ikkingizni birga davolayman. Uyim shu yaqin atrofda, – deb tabib ularni olib ketdi.

Oradan bir necha kun oʻtdi. Aka-uka polvonlarning jarohatlari bitay deb qoldi. Lekin negadir tabib Ahmad polvonning koʻziga tik qaray olmas, unga yuzma-yuz kelishdan oʻzini olib qocha boshladi. Xoʻsh, buning sababi nima? Gap shundaki, nomard raqibning taʼzirini bergan Ahmadning ukasi emas, singlisi edi!

Xullas, tabib polvon akasining gʻururini himoya qilgan qizga uylanishga qaror qildi. Bu fikrini Ahmad polvon ham maʼqulladi.

Ajablanmang, bu voqeani kimdandir eshitgan yoki allaqaysi kitobdan oʻqigan boʻlishingiz ehtimoldan xoli emas. Balki oʻzingiz hayotda aynan shunga oʻxshash voqeaga guvoh boʻlgandirsiz. Qayerda va qachon degan savol ham atayin ochiq qoldirildi. Zero, bunday voqealarga zamon va makon tushunchalarining unchalik ahamiyati yoʻq. Muhimi, barcha davrlarda or-nomus, oriyat hamma narsadan ustun boʻlgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.