Soʻnggi vaqtlarda “selfi” soʻzini eshitmagan odam boʻlmasa kerak. Qoʻl telefonidan tushirilgan selfilar ijtimoiy tarmoqlarda ham juda ommalashib ketdi. Hattoki, mashhur insonlar ham turli selfilari bilan tez-tez koʻzga tashlanishmoqda.
Xalqaro shifokorlar guruhi aynan qaysi holatlarda selfiga tushishga boʻlgan ishtiyoq inson ruhiyatida salbiy oʻzgarishlarga olib kelishini maʼlum qilishdi.
Tadqiqotchilar selfimaniyaning ruhiy xastalikka olib boruvchi uch bosqichini belgilab chiqishdi. Ularning fikricha birinchi bosqichda inson har kuni uch martagacha selfiga tushadi. Ammo tushgan rasmlarini har doim ham internetga joylashtirish haqida oʻylamaydi. Ikkinchi bosqichda ham uchtagacha selfi oladi. Biroq, ularni ijtimoiy tarmoqlarga albatta joylashtirish lozim, deb hisoblaydi.
“Selfiboz” uchinchi bosqichga qadar chiqar ekan, uning ruhiyatida jiddiy salbiy oʻzgarishlar kuzatila boshlaydi. Bu holat u kuniga oltitadan ziyod oʻz selfi suratlarini internetga joylashtirishni boshlaganda yaqqol koʻzga tashlanadi. U oʻzida suratlariga bildirilgan mulohazalar va “layk”lar soniga kuchli bogʻliqlikni his eta boshlaydi.
“Bunday holatda odamlar ehtiyotkorlik hissini butunlay yoʻqotadi va noodatiy suratga olish va internetning boshqa foydalanuvchilari bildirgan reaksiya orqali oʻziga boʻlgan bahoni oshirish uchun hech narsadan tap tortmaydi”, deya izohlaydi ekspertlar.
Selfi tushishga bogʻlanib qolish keyinchalik nevroz va hattoki yanada chuqurroq patologik holatlar – psixozga ham olib kelishi mumkin. Boshqalar tomonidan beeʼtibor qoldirilgan selfiboz oʻzida noqislikni his etib, oqibatda jizzakilik, norozilik yoki aksincha, ruhiy tushkunlikka (depressiya) tushib qolishi mumkin. Bunday odamlarga albatta psixologik yordam koʻrsatilishi lozim. Chunki, ular oʻzini suratga olish va uni internetga joylashtirish istagi chegaradan allaqachon chiqib ketganini va bu holat keyinchalik ogʻir oqibatlarni keltirib chiqarashi mumkinligini anglay olmasliklari ehtimoli yuqori.
Bu esa oʻsha insonning fojeasi. Selfimaniyaning yomon oqibatlaridan yaqinlaringizni asrang, azizlar!
Zuhra AHMEDOVA