
Quyoshning singlisi
Koʻklamoy tashlaydi koʻz qirin,
Sen paydo boʻlasan taqib gul.
Bahorning qizisan oʻspirin,
Quyoshning singlisi qoqigul.
Tabiat ziynati betakror,
Saodatmand tuproqning erkasi.
Sen borsan, fayzli navbahor
Ortingdan keladi ergashib.
Bogʻimni gullarga belagin,
Muattar boʻyingni taratib.
Zaminning zarhal gul koʻylagi,
Bichimi olamga yarashiq.
Yam-yashil shohona libosning
Serjilo tugmasi soʻkilgan.
Havasim keladi, gulmisan
Yo quyosh parchasi toʻkilgan.
Qovjirab tuproqni quchadi,
Fusunkor lolalar soʻnggi yoʻl.
Qush boʻlib falakka uchadi,
Gul boʻlib tugʻilgan qoqigul.
Daryo – dunyo
Daryo ichidaman, koʻksimda mavji,
Tovonim qitiqlar qum zarralari.
Sochimga ilinar tomchilar sapchib,
Maysalarga qoʻngan shabnam singari.
Dunyo ichidaman, koʻksimda olov,
Yonib yashayapman – quyoshga taqlid.
O, mening yuragim sevishga qodir,
Ey, mening yuragim sevishga haqli…
Bedorlik
Allalaydi qishloqni
Tunda daryo tovushi.
Oy – toʻy kecha yoʻqolgan
Yorning bir poy kovushi.
Yulib oldim falakdan,
Quchogʻimda yashnasin.
Qoʻygan edim koʻksimga
Botayapti poshnasi…
Namozshomgul
Namozshomgul – sariq, pushti, oq…
Olam rangi mujassam bir gul.
Oftob sening chehrangga mushtoq,
Sen oqshomning erkasi butkul.
Yuzlaringni yashirib kunduz,
Quyoshdan nur emasan toki.
Shom chogʻida soʻng ochasan yuz,
Toʻkilasan osmondan yoki.
Shaffof tomchi dudogʻingda xol,
Yulduzlardek gullaysan qiygʻos.
Bosh egasan kelinchak misol,
Qaddingga koʻrk turfa rang libos.
Toʻkiladi harir koʻylaging,
Yana bezab zamin kaftlarin.
Bu guliston ichra, dilbarim,
Sendek gul yoʻq: goʻzal, kamtarin.
Podachining qizi
Oqshom choʻkar asta, qizarar shafaq,
Zaminning qaʼriga bosh qoʻyar oftob.
Har kun shunday kechar, tigʻiz kelar vaqt,
Yumushlar avj olar qishloqda shu tob.
… Echkilar maʼraydi, qoʻylar baʼraydi,
Podachining qizi yoʻlga qaraydi…
Dehqon bola qaytar daladan horgʻin,
Yelkasida ketmon, belida belbogʻ.
Tilida bir xonish, dilida sogʻinch,
Oyogʻi ostida koʻpchiydi tuproq.
… Echkilar maʼraydi, qoʻylar baʼraydi,
Podachining qizi yoʻlga qaraydi…
Koʻchani bolalar shovqini tutar,
Bir toʻpning ortidan quvlar galasi.
Hassasin doʻq qilib, Raim chol chiqar:
“Kimning bolasi, bu, kimning bolasi”.
… Echkilar maʼraydi, qoʻylar baʼraydi,
Podachining qizi yoʻlga qaraydi…
Koʻcha darvozadan hatlaydi asta,
Pinhona hislarning girdobiga gʻarq.
Yuragi bezovta, koʻngli-da xasta,
Ishqning tugʻyoniga berib boʻlmas sharh.
… Echkilar maʼraydi, qoʻylar baʼraydi,
Podachining qizi yoʻlga qaraydi…
Poda keldi, ana, koʻtardi toʻzon,
Qishloq chang ichida qoldi bir zumda.
Dehqon bola qani, avj olar hijron,
– Ana kelayapti, – boqadi zimdan.
… Echkilar maʼraydi, qoʻylar baʼraydi,
Podachining qizi yoʻlga qaraydi…
Nigohlar toʻqnashdi, koʻrindi visol,
Chehralarga koʻchdi shafaqning rangi.
Xira tortgan koʻkda yuz soldi hilol,
Bir zumda bosildi koʻchaning changi.
… Echkilar maʼraydi, qoʻylar baʼraydi,
Podachining qizi yerga qaraydi…
Izhor
Sevgi – yuragimga sanchilgan nayza,
Umid – ogʻushimda uygʻongan maysa,
Nahor shabnam kabi nurni qoʻmsaysan,
Oftob kabi har tong koʻtaraman bosh.
Sochlaringni silar yellar nafasi,
Ismingni aytadi shamollar sasi,
Rayhon iforiga yoʻgʻrilgan nasim,
Shivirlab yaproqlar etadi talosh.
Dilingni yayratar ikki qush raqsi,
O, ado boʻlmaydi muhabbat bahsi.
Eng avval, abadiy sevgiga tahsin!
Soʻngra yuragingni tingla, qalamqosh.
Yomgʻirlar shitirlab yogʻadi tanish,
Tomchilar tuproqqa botayotgan nish.
Mening saodatim, nasibamdir ishq,
Bir kun dardlarimni sogʻinch etar fosh:
Qishni oyogʻingga qilib payvasta,
Bahordan qoʻlingga tutib guldasta,
Yozni yuragingga joylayman asta,
Kuzda toʻkilaman, poyingga xasta,
Yoningga boraman, yoyib tur quloch…
Enamning eski kovushi
Har nening oʻz oʻrni bordir dunyoda,
Har kimning bajarar yumushi – ishi.
Ammo sadoqatda sendan ziyoda,
Bormikan, enamning eski kovushi.
Issiqda choʻzilib, qorda tirishib,
Jala-yomgʻirlarda loyga qorishib,
Baʼzida bukilib, baʼzida shishib,
Yuribsan, enamning eski kovushi.
Qadr soʻramaysan, mehr kutmaysan,
Manziling ostona, toʻrga oʻtmaysan,
Ammo bir enamdan darigʻ tutmaysan
Mehringni, enamning eski kovushi.
Elning hikmatida etilgandek qayd,
Enam bizni deydi, biz esa loqayd,
Sen esa ilhaqsan, shaysan hamma payt,
Ayvonda enamning eski kovushi.
Enam xislati shu – ogʻrisa joni,
Baʼzan toʻlib ketsa yo xonumoni,
Qargʻab, nolib qolar oʻzingdan tonib,
Bilasan, enamning eski kovushi.
Bugun huzuringda tortib xijolat,
Yuvib artib qoʻydim qilib bir toqat,
Buncha chiroylisan, tishlaring faqat
Tushibdi, enamning eski kovushi.
Enam bir lov yonar, qoʻy oʻz holiga,
Sira duch kelmas sendan afzaliga,
Dunyoning eng koʻhli poyabzaliga
Alishmas, enamning eski kovushi.
Sinfxonadagi birinchi parta
Sinfxonadagi birinchi parta,
Orzular kemasi edi u goʻyo.
Eslasam, qalbimda hayajon ortar,
Begʻubor ekan-da oʻsha dam dunyo.
Qarshimda oʻtirgan muallim kabi
Ravshan koʻrinardi kelajagim ham.
Sinf tor edi-yu, qalbim matlabi –
Muhabbatim kabi sarhadsiz olam.
Yonimda koʻzlari moviy dilrabo,
Ishqda koʻp ekan-da siru sinoat.
Tanaffus. Saboqlar oʻzgarar, ammo
Men uchun muhabbat darsi har soat.
Kitobimni uyda qoldirib atay,
Uning kitobiga termulaman jim.
Soʻng izn beradi, bir zum ham oʻtmay,
Qirmizi yuzida yonar tabassum.
Yana chulgʻanadi olam ranglarga,
Maktab quchogʻida lahzalar totli.
Har kun tahsin aytib oppoq tonglarga
Nurday sizib kirar qalbimga shodlik.
Sinfxonadagi birinchi parta –
Muhabbat koʻshki bu, ishqim qoʻrgʻoni.
Yodga olamanu koʻzimda qatra,
Yosh paydo boʻladi, oʻrtanar jonim…
O sen, yuragimning qaysi qatida
Yashaysan muhabbat qoʻshigʻi boʻlib.
Meni dunyolarga koʻrmaysan ravo,
Meni dunyolardan olasan uzib.
Sinfxonadagi birinchi parta…
Yaproqqa yozilgan sheʼr
Soat sakkiz. Darak yoʻq.
Soat toʻqqiz. Yoʻq darak!
Bizga hijron, azizam,
Sizga armon muborak!
Hamon seni unutganim yoʻq
Derazamdan moʻralar bahor,
Boshim uzra nur sochar oftob.
Dimogʻimda ajib bir ifor,
Koʻksimda ishq qiladi xitob.
Hamon seni unutganim yoʻq,
Yuragimda yashaysan, dilbar!
Fazilati goʻzal koʻklamning
Tabiatga jon etar ato.
Nigohida ravshan koʻrkamlik,
Xotiralar uygʻonar hatto.
Hamon seni unutganim yoʻq,
Yuragimda yashaysan, dilbar!
Bolalikday jilgʻalarning shoʻx
Kulgusida senmi, azizim?!
Oqshomlari oy erka suluv,
Koʻzgusida senmi, azizim?!
Hamon seni unutganim yoʻq,
Yuragimda yashaysan, dilbar!
Binafsharang koʻylaging muhri
Yuragimda bir jumla izhor.
Yodga olsam, toshadi mehrim,
Seni boshlab keladi bahor.
Hamon seni unutganim yoʻq,
Yuragimda yashaysan, dilbar!
Chillak
Chillak otdim,
Devoringdan oshib ketdi.
Hayajondan terga botdim,
Shoshib ketdim.
Boray desam,
Boʻysunmaydi oyogʻim-a,
Uyaltirib qoʻydi
Chillak tayogʻim-a.
Devoringdan moʻralayman,
Jonim halak.
Koʻrinasan
Gul hovlida xushroʻy malak.
Kapalakdek raqs tushasan
Kuylab qoʻshiq.
Har satrida
Men dallining ismim qoʻshib.
Soddaman-a, savlati bor,
Surʼati yoʻq.
Fahmi kalta, bir choʻpchalik
Jurʼati yoʻq.
Chillak sabab, bildim,
Koʻngling mendaligin.
Isming yozib toʻldiraman
Kundaligim.
Egizaklar
Qoʻsh beshikda qoʻsh quvonch,
Yayrab yotar xushqiliq.
Koʻzmunchoqdek koʻzlarga
Koʻz tegmasin ishqilib.
Yaproqlarni yelpisin
Mayin esgan shabboda.
Orom olsin ikki alp,
Ikki nodir shahzoda.
Uygʻotadi saharlab
Qushlarning shoʻx chugʻuri.
Beshigini toʻldirsin
Rayhon isi ufurib.
Tolariqdan zilol suv
Oqib tursin jildirab.
Odimlasin oy oʻtmay,
Yugirsin-a pildirab.
Gijinglasin toy kabi
Botir elning bolasi.
Yonib aytsin, soʻz aytsa,
Shoir elning bolasi.
Bola bersa, chaqinday
Charxlab bersin zehnini.
Eng avvalo, Vatanga
Bogʻlab bersin mehrini.
Qoʻsh beshikda qoʻsh quvonch,
Yayrab yotar xushqiliq.
Koʻzmunchoqdek koʻzlarga
Koʻz tegmasin ishqilib…
***
(Avtobusda oyogʻimni bosib olgan qizga)
Hech xijolat chekmang, azizim,
Kechirim ham soʻramang mendan.
Oyoqlarim rostdan ham uzun,
Oʻzi kalta qoʻllarim chindan.
Poshnangizning nimasi ogʻir,
Bosavering, siz istagancha!
Siz-ku oyoq bosibsiz, axir
Yuzim yanchib ketganlar qancha?!.
Qovoqari
Qovoqari – muttaham,
Aytaman-da ishini.
Bexos tegib ketsang ham
Sanchib olar nishini.
Qoʻyavering, bu bor gap,
Biroq, endi koʻrishim
Tegmasang ham vizillab
Arining nish urishin.
Eshik
Ochiladi xona eshigi,
Ingranadi, ovozi siniq.
Ostonamda kuyday eshilib
Yodga solar saxovatini.
Yopiladi. Yana behuzur,
Yigʻlaganday boʻladi hoʻngrab.
Shu eshik ham taʼmagir, qurgʻur,
Moy yalatib qoʻyasan soʻngra…
Oq kishmish, qora kishmish
Bahodir Bahromga
Oshib falon daradan,
Shoshib palang daladan,
Keldi Palandaradan:
Oq kishmish, qora kishmish,
Sarson, ovvora kishmish.
Tuproq emish onasi,
Oftobdek har donasi,
Sipqorgan togʻ havosin –
Sara, eng sara kishmish,
Sarson, ovvora kishmish.
Qizlar dudogʻida xol,
Botirlarga tutar bol.
Qay bogʻbon ekkan nihol?!
Qalbim sadpora, kishmish,
Sarson, ovvora kishmish.
Ikki rang – oqu qora
Bu hayotga ishora.
Aslin aytsam, bechora
Shoirga pora kishmish,
Sarson, ovvora kishmish.
Tutak ota ziyoratgohida
Saraton. Quyoshdan quyiladi nur,
Toshlar qoyalarga bosar koʻksini.
Tashnalik koʻngilni etar behuzur,
Maysalar alvido aytar oʻksinib.
Bir manzil keladi soʻngra bexosdan,
Yoʻq! Yoʻq!
Men kelaman unga talpinib.
Goʻyo yuragimga koʻchgudek osmon,
Boʻshatib ketgani zildek qalbimni.
Yuzimni chayaman sokin buloqqa,
Pichirlab aytaman tilaklarimni.
Ruhimni chayaman ilohiy boqqa,
Ohista kezaman yoʻlaklarini.
Bobo tut ming yillik tarixga guvoh,
Bobo tok asrlar shajarasidir.
Omon saqlayapti jonini, ey voh,
Necha avlodlarning mojarosidan.
Mardona kurashga chogʻlanayotgan
Keng supa sahnidir goʻyo jahonning.
Ezgulik sabogʻin hijjalayotgan
Nafasi keladi Sohibqironning.
Barmoq izlarida taftin etdim his,
Polvon toshlaridan quvvat oldi ruh.
Ziyorat qalbimda qoldirdi bir iz,
Alanga oldi soʻng yurakdagi choʻgʻ.
Baxmal kapalaklar oʻynaydi masrur,
Poyida maysalar boʻlar payvasta.
Ruhim, tanidingmi, bolalikday hur
Tuygʻularim kabi dilga vobasta.
Qaydan kelgan axir, buncha parvona,
Qabrda yotgan kim: kulol yo zargar?
Yo rixlat qilganmi, valiy bir odam,
Umrini ulashib kapalaklarga?!
Bedana
Tipirchilar qafasda hadeb,
Sogʻingandir bolalarini.
Koʻzlarida xavotir, hadik,
Chorlayapti dalalarini.
Biz shunchalar ojizmiz, Xudo,
Yovuzlikdan lovillaydi tan.
Lazzat olib yashaymiz hatto
Bedananing haqoratidan.