
Elbek Jumanov 1986 yilning 21 yanvarida Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidagi Qoratepa qishlogʻida tugʻilgan. Qarshi davlat universitetining oʻzbek filologiyasi fakultetini tugatgan. Ayni paytda “Akademnashr” nashriyotida mehnat qilmoqda.
Alpomish
Toʻrt tomonga qochib ketar vaqt,
Toʻrt tomondan siqib kelar choh.
Bilmam, qayda qolib ketgan baxt,
Bilmam, qaydan topib kelar oh.
Oyogʻimdan past kelgan botqoq,
Bugun, hatto boshimdan oshdi.
Bor vujudim taslim boʻlgan chogʻ,
Bir yuragim tepaga shoshdi.
Umidlarim bir-bir uzilgan,
Tavbaning ham yoʻqdir keragi.
Ilinj bilan koʻkka choʻzilgan
Qoʻllarimda titrar yuragim.
Achchiq-achchiq soʻzlar chordevor,
Tishim oʻtmas saboqlariga.
Bu yurakning yetmogʻi dushvor
Choʻloq gʻozning oyoqlariga.
Yetti yillab zulmatda yotdim,
Bir uchqunlik hayot ber, Xudo.
Yuragimni yuksakka otdim,
Yuragimga qanot ber, Xudo!
***
Yodingdami, senga, Dilnavoz,
Dilni qorga oʻrab otganim.
Shamol bilan boʻlib joʻrovoz,
Bulutlarga qoʻshiq aytganim.
Yodingdami, bizlar, Dilnavoz,
Dilni kuyga tigʻlatganimiz.
Hasratlarni kuylab joʻrovoz.
Chaqmoqlarni yigʻlatganimiz.
Yodingdami, oʻzing, Dilnavoz,
Dilni ishqda kuydirganlaring.
Baxtni gʻamga aylab joʻrovoz,
Hijronni ham suydirganlaring.
Pari
Koʻhi Qofda qolgan parilar,
Dev ming kuyga solgan parilar,
Ertak boʻlib bolalik chogʻim,
Xayolimni olgan parilar.
Yillar oʻtdi – oʻynoqi shamol,
Bugun pari sevgiga timsol.
Boshdan oyoq sirga oʻranib,
Kirib keldi parilar misol.
Kiprigi-la koʻksin berkitib,
Sochi bilan bellarin yopgan.
Koʻzlaringga tik qaray olmas,
Kipriklari ogʻirligidan.
Asta-asta yoqa boshlaydi,
Aytar soʻzi oʻzidan shirin.
Asta-asta yuqa boshlaydi,
Xayollari soʻzidan shirin.
Bir kun kelib, qartayar jismim,
Ammo ul qiz hamon navqiron,
Axir, koʻnglim u bilan ketgan,
Uni koʻnglim asrar beziyon.
* * *
Bilsang, oshno, bizning qishloqda
Qoʻshiq aytar sokin jilgʻalar.
Men gʻaribdan uzoq-uzoqda,
Bogʻ qoʻynida bir qiz uygʻonar.
U menga deb yozmaydi maktub,
Men haqimda surmaydi xayol.
Dimogʻiga iforlar tutib,
Izhorlarim yetkazar shamol.
Qanotlari uzun qaldirgʻoch
Yer bagʻrida yozilmas quloch,
Garchi dilda yonmoqda otash.
Qanotlari uzun qaldirgʻoch,
Senga qiyin boʻladi yashash.
Har lahzadan hikmat izlagan,
Galalarga yetmogʻing gumon.
Tuygʻulari toshday muzlagan,
Kaslar seni qoʻymadi omon.
El qatori uchayin desang,
Novdalardan egilar qanot.
Samolarni quchayin desang,
Bolalaring soʻraydi ovqat.
Nochor qolsang, oʻzing birma-bir,
Oʻldirasan orzularingni.
Sengga taslim boʻladi taqdir,
Kuyga solsang qaygʻularingni.