– Oʻz oyogʻi bilan jildirabgina kelmagan suv suvlik qiladimi?! Ketaman bu Cahroyi kabirdan… ketama-an-n!
Dilshod shunday deya oʻrnidan sapchib turdi-yu, derazadan tashqariga termildi. U avval hovlisidagi qovjirab qolgan daraxtlarga, soʻng tik tepalik yonbagʻridagi yolgʻizoyoq yoʻlda chelakning ogʻirligidan zoʻrgʻa odimlayotgan qoʻshni bolalarga qaradi. Sharqirab oqayotgan soyning toshloq sohili boʻylab yurgan nigohi nihoyat Beshtut qishlogʻiga tushdi-yu, tagʻin dardi yangilandi.
U oʻttiz besh yillik umri kechgan Beshtutga hasad va nadomat aralash boqar ekan, ota hovlisi u yoqda qolib, oʻrtancha akasining oʻrniga – Yakkatepadagi uyga kuni qolganidan oʻkinar edi. Aslida-ku, Yakkatepa ham kishi havas qilsa arzigulik joy edi. Bundan uch yil burun ham soy boshidagi kichik buloq Beshtutga, biroz yuqorida joylashgan katta chashmaning suvi esa terak boʻyi baravar balandlikdagi toshariqdan Yakkatepagacha bemalol borar, oʻn-oʻn besh chogʻli xonadondan ortgani esa u tiklagan molxonaning yonginasidan soyga enib ketardi. Shuning uchun ham otasi Turdi polvon uni bu yoqqa koʻchiraman, deganida koʻp ham dili ogʻrimagan, qaytanga, pul topaman deb shaharma-shahar, yurtma-yurt kezib keksa ota-onasini yolgʻizlatib qoʻyganidan uyalgan va koʻch-koʻronini oʻz ixtiyori bilan koʻtarib kelgandi. Ne kasofat urdiki, u koʻchgan yili kuzakda sel kelib, tepadagi buloqning oʻzanini yuvib ketdi. Endi gʻordan suvning shildirashi eshitiladi-yu, oʻzi koʻrinmaydi, yomgʻir toʻxtashi bilan tepa qishloqqa boradigan ariqning oʻzani tars-tars yorilib ketadi. Shundoq ham lalmi gʻallayu bahorgi yaylovdan boshqasiga yaramaydigan bu kenglikda yakkatepaliklar qoʻl chayishdan tortib ichimlik suvigacha soydan tashib, kun koʻradigan boʻlib qolishdi.
Dilshod shular haqida oʻylar ekan, sinfdosh joʻrasi Anvarning gapi yodiga tushdi:
– Oʻzing oʻylab koʻr, pastga engan suvning yoʻlini toʻsib boʻladimi, a? Sen nasos oʻrnataman, qishloqqa suv chiqaraman, deysan. Lekin elning ogʻziga elak tutib boʻlarmidi?! Ming yil oʻtsayam, hamsoyalaring Oysifatning kasofati urib, nasosdan suv ichadigan boʻlib qolgandik, deydi.
Dilshod sham yorugʻida burqsiyotgan tutundanmi yoki Anvarning soʻzlarini tushunmaganidami, yuzini tirishtirib, navbatdagi qadahni dast koʻtarar ekan:
– Tushunmadim, nimaga xotinimning kasofati uradi, – dedi koʻngli ham yemakxona kabi qorongʻilashib.
– Lekin qoyilman senga! Bilib turib bilmaganga olasan-a?! Oʻzingcha mardlik qilaman deysan-da! …Polvon seni nima uchun badargʻa qilganini butun xalq biladi-ku!.. Xotining har ikki kunda shaharlik begona erkakning mashinasida shuncha yoʻldan yolgʻiz kelsa… Nima, Beshtutning taksisiga oʻt tushganmi, a? Bir balosi boʻlmasa…
Dilshod keyin nima boʻlganini eslay olmaydi. Ammo ertasiga chap qovogʻi shishib, aft-basharasi tirnalganidan kishi tanimas qiyofada uygʻondi. U ichidagi olovni oʻchirish uchun sovuq choyni yutoqib hoʻplarkan, eshikdan koʻrinish bergan Oysifatga qarata qoʻlidagi choynakni uloqtirdi. Oʻsha kuni kechgacha er-xotinning janjali tinmadi. Axiyri Oysifat: “Qanday qasam ich desangiz, ichayin! Ket, desangiz ketayin, lekin bunday nomaʼqulchilikni qilmaganman! Necha marta aytay, u uzoq qarindoshim boʻladi, ikki marta olib kelib qoʻydi. Shundayam tekinga emas, pulini sanab qoʻliga berganman!” – deb turib oldi.
U xotinining bu gaplaridan soʻng ne qilarini bilmay qoldi. Aslida, ayolidan shu vaqtgacha koʻngli toʻq edi. Hozir ham unga jon-jon deb ishonishga tayyor. Ammo anavi malomat gaplardan soʻng uning qarshisida ikki yoʻl bor: yo Oysifatga ishonib, bariga qoʻl siltab yashash yoki ajrashib, bolalarini oʻzi bilan olib qolish! Lekin har ikki holda ham farzandlariga jabr boʻladi. Illo, kun kelib bu mish-mishlar laʼnat tamgʻasiday ularning yuziga botsa, dodini kimga aytadi?! Dilshod shular haqida oʻylay-oʻylay, gʻiybatlardan qochib, hech kim tanimaydigan, bilmaydigan uzoq shaharga koʻchib qutulish kerak, degan qarorga keldi.
“…Ketaman bu Sahroyi kabirdan… ketama-an-n!”
Dilshodning soʻnggi soʻzlari Turdi polvonga toshday ogʻir botdi. Polvon jussasini tik tutmoqchiday, orqadagi yostiqqa suyangancha boshini koʻtarib, hamon deraza qarshisida turgan oʻgʻliga:
– Berman kel, – dedi.
Dilshod istamaygina onasining yoniga choʻkkalladi. Soʻng:
– Ota, toʻgʻrisiyam shu! Bu yerdan koʻchmasam boʻlmaydi, – dedi.
Hech bir gapdan xabari boʻlmagan polvon oʻgʻlining bu soʻzidan battar achchiqlanib:
– Shuncha odam ne boʻlsa, sen ham shu! Suvni borsakelmasdan tashisang ham, qishloqdan bir qadam nari ketmaysan! Begona elda bolalaring kimning qoʻliga tikiladi-a? Topgan bahonang – suv, suv! Ana, soy toʻlib oqib yotibdi. Bir kunda ikki satil koʻtarib chiqsang oʻlmaysan! Shahar koʻrib, juda naziklashib qolgan boʻlsang, enang ikkimiz tashib beramiz! – dedi. Shu bilan ota-bola oʻrtasidagi muzokara nihoyasiga yetdi. Dilshod boshqa bir ogʻiz ham gapirmadi. Polvon buni oʻzicha tushunib, kampirini oldiga solib, uyiga joʻnadi. Ikki kun oʻtar-oʻtmas, Dilshod yana oʻsha pultopar ishini axtarib, allaqaysi shaharga ravona boʻldi. U ketdi-yu, ortidan gap bolaladi: “Dilshod pul yigʻayotgan emish”, “U shahardan dangʻillama bir hovlining savdosini pishitib qoʻyganmish…”.
Buni eshitgan polvon kelinini qistovga oldi. Ammo Oysifat: “Bilmadim, aniqmas”dan nariga oʻtmadi. Chol bundan biroz taskin ham topgan edi, tagʻin mish-mishlar battar avj oldi. Oʻsha gʻiybatlar bilan aralashib, kelini haqidagi gap-soʻz ham qulogʻiga yetdi. Shundan soʻnggina polvon Dilshodning nega “koʻchaman”ga tushib qolganini fahmladi. Yakkatepaliklarning: “Bu gaplar rost boʻlmasa, shuncha yildan buyon oqib yotgan bulogʻimizni sel olib ketarmidi? Polvonning kelini kelib, qishlogʻimizdan fayz ketdi”, degan gapi uning gardaniga chilvirday botdi. Bir koʻngli oʻsha shaharlik taksichi bilan kelinini xumordan chiqquncha qamchilamoqchi ham boʻldi. Ammo bu tuhmat toshidan boʻlak narsa boʻlmasa, yuzi shuvut boʻlishidan choʻchib, shashtidan qaytdi. Tagʻin soy boshidagi buloq yodiga tushib, toʻrigʻining boshini oʻsha tomonga burdi.
Turdi polvon yilqini oʻz ixtiyoriga qoʻyib ketarkan, oʻrgimchak toʻriga ilingan oʻlja yangligʻ xotiralar girdobida qolgan edi. Huv oʻshanda, buloqni sel yuvib ketgan paytda polvon yakkatepaliklarni yigʻib, qishloqqa suvni qay yoʻsin qaytarish mumkinligi haqida gap tashlagan edi. Bunga har kim har turli soʻz aytsa-da, gap ravishi polvonning oʻziga borib taqalgan va suvni qaytarish imkonsizligi allanechuk tushkun bir ohangda aytilgan edi. Oʻshanda oʻgʻlining yon qoʻshnisi Rustam: “Ha, endi, polvon bobo, suvni pastga qaratib tortib ketgan boʻlsangiz, oʻzingiz qaytarib berasiz-da! Lekin bu bizning qoʻlimizdan keladigan ish emas. Gʻorning chuqurligini borib koʻrdingizmi?” degan edi. Turdi polvon esa bu gaplarni shunchaki hazil bilgandi. Endi oʻylab qarasa, Rustamning har bir soʻzida achchiq kinoya, kosa tagida nim kosa bor ekan. Turdi polvon oʻsha gaplarni eslar ekan: “Elning oldida boʻlarimcha boʻlgan ekanman-ku!” der va yer yorilishini kutib oʻtirmayoq, tuproq tagini makon tutgisi kelib ketardi. Axir oriyati togʻdan baland boʻlgan kishi uchun bu kabi soʻzlar oʻlim bilan barobar emasmi?! Boz ustiga bir zamonlar Eshmat toʻqimchi qoʻshni ayolga yovqarash qilgani uchun uni el oldida sharmisor qilib, bu yerlardan bosh olib ketishiga sababchi boʻlgan ham Turdi polvon edi. Mana endi kelini… Oʻrni kelsa togʻni ham jildirishga qurbi yetadigan polvonning qaddi bu gʻamdan dol boʻldi. U bir kunning oʻzida yana yetmish yoshni yashab oʻtdi. Yillar ayovsiz chiziq tortgan yuzi gʻamdan qorayib, soch-soqoli birdan oqargandek boʻldi. U Dilshodni farzandlarini yolgʻiz tashlab, oylab, yillab yoʻqolib ketgani uchun boʻralab soʻkar, xayolan oʻgʻlini ham, kelinini ham oʻlgudek qilib doʻpposlardi. Tagʻin Oysifatning bundayin telbalik qilishiga ishonmas va shu choqda yakkatepaliklarga qarata: “Koʻngillaring bir yutum suv bilan toʻladigan boʻlsa, chelaklab boshlaringdan quyganim boʻlsin!” derdi. Sirasini aytganda polvonning koʻngli gʻiybatparast va loqayd qishloqdoshlaridan ham, ular nafas olayotgan yorugʻ ochundan ham sovib ketgandi.
Polvon shunga oʻxshash oʻylar bilan buloq boshiga qoziq qoqib, xurjundagi uzun arqonning bir uchini unga bogʻladi. Boshqa tomonini esa gʻorga tashlab, arqonga osilgancha pastga tushdi. Polvon uning tubiga yetganda tizzasiga urib oqayotgan muzdek suvdan boshqasini his etmas, qorongʻida koʻziga hech narsa koʻrinmas edi. Odam burilib olishi mushkul boʻlgan torgina chuqurning chor tarafi tosh bilan oʻralgan, suvning qayerdan chiqib, qay tomonga ketayotganini bilish mushkul edi. Umrining yetmishinchi dovonidan oshib oʻtgan chol sovuqdan dirdiragancha dam qoʻli, dam oyogʻi bilan paypaslanib, suv oqib ketayotgan joyni axtarardi. Nihoyat, avval suv chiqayotgan, soʻng singib ketayotgan yerni topdi. Gʻorning tubidan bir qarich tepa joydan suv qaynab chiqar, biroq odamning beliday keladigan yoriq uni yutib yuborayotgan edi. Polvon gʻor tubidan tosh axtarar ekan, yakkatepaliklarni ham, oʻgʻli Dilshodni ham koyiy boshladi. Axir suv ketayotgan joy unchalik katta emas ekan. Ular boʻlsa koʻrmay turib: “Suv bunday joyda pastga qarab ketdimi, oldini toʻsishning foydasi yoʻq”, degandi.
– Yo, tavba, – dedi polvon Dilshod bilan yuzma-yuz soʻzlashayotganday, – bitta tosh bilan bitadigan chuqurni deb shunday yerdan koʻchib ketaman, deysan-a?! Mana, endi uying tepasidan bir ariq suv oqib tursin-chi, koʻchib qayerga borarkansan!
Turdi polvon shunga oʻxshash oʻylar ichra qoʻliga ilashgan tosh bilan suvning yoʻlni toʻsdi. Ammo toshning boʻrtigʻi koʻtarib qoldimi, toshning tagidan suv ketishi toʻxtamadi. Polvon biroz engashib, toshni oyogʻi bilan tepdi. Foydasi boʻlmadi. Tagʻin qattiqroq bir harakat qilgan edi, qoʻyayotgan toʻsigʻi baravar oyogʻi ham chuqurning narigi tarafiga oʻtib ketib, soni tosh orasida siqilib qoldi. Turdi polvon oyogʻini tortib olishga qanchalik urinmasin, majoli yetmas, yoriqqa toʻsiq boʻlib qolganidan suv sathi koʻtarilib borar edi. Polvon boyagidan ham battar dir-dir qaltirar, shu barobarda peshonasidan achchiq ter quyilardi. Oyogʻini chiqarib olishga behuda urinar, kimdir ichkariga qarab tortayotganday edi. Gʻor tepasida bogʻliq turgan ot esa xavfni oldindan payqagandek, yer tepsinib, qisqa-qisqa kishnar va qozigʻi atrofida tinimsiz aylanardi. Gʻor esa suv bilan toʻlib borardi. Polvon borgan sari holsizlanar, hamon oyogʻini tortib ololmay sarson edi. Nihoyat, zabonsiz jonivor bor quvvatini yigʻib, old oyoqlarini havoda oʻynatgancha siltab, arqonini uzdi-da, qishloq tomonga shiddat bilan yugurib ketdi. Toʻriqning shiddati vujudiga sigʻmasdi. Quloqlari orasidan vizillab oʻtayotgan sovuq shamol va hojasining gʻami aralash koʻzyoshi shashqator boʻldi. Yakkatepaning uch yildan buyon quruqshab yotgan tosharigʻida shildirab suv oqa boshladi.
Boboravshan GʻOZIDDINOV
1988 yili tugʻilgan.
Hikoya va esselari markaziy nashrlarda eʼlon qilingan.
“Yoshlik” jurnalining 2015 yil 12-sonidan olindi.