Ayb kimda?

Ayb kimda?

Hamroyev kechki ovqatdan keyin birpas choʻzilmoqchi boʻlgan edi, toʻgʻri kelmadi: narigi uy toʻpolon – bolalar bir-birini yostiq bilan urib oʻynayotibdi; soat sakkiz yarimda majlisga borish ham kerak. Kecha Hamdam ota-onalar majlisi boʻlishi toʻgʻrisida maktabidan qogʻoz olib keltirgan. Hamroyev hech qachon majlisga borgan emas, ammo fursati boʻlganda bir tayyorlanib bormoqchi va bola tarbiyalashni bilmagan yoki bu ishga sovuq qaragan oʻqituvchilarni uyaltirmoqchi edi. Bu niyat uning xotini Sobiraxonga juda maʼqul boʻldi.

– Gapiring, izza qiling! Bolalar maktabda oʻqib qayta bevosh boʻlib ketyapti. Siz uyda yoʻq vaqtlarda Hamdamingizning dastidan menga kun yoʻq. Ilgarilar urib yengar edim, endi uray desam, qochib tomga chiqib ketadi, tomda turib menga tilini koʻrsatadi.

Hamroyev qoʻyin daftariga nimalarnidir yozdi.

– Xoʻsh, tagʻin nimalar qiladi?

– Tagʻin… ursam “baribir ogʻrimaydi” deb xir-xir kuladi… Ha, aytgancha, bir yildan beri biron MARTA “aya” deganini eshitganim yoʻq, hamisha “Turondot” deydi.

Hamroyev kulib yubordi. Bu laqabni Sobiraxonga oʻtgan yili bayramda birovnikiga mehmon boʻlib borishganida oʻzi qoʻygan va shu bilan hammani kuldirgan edi.

– “Turondot” deydimi-a? Lekin buni majlisda gapirib boʻlmaydi, chunki… lekin bir tomondan gapirilsa ham boʻladi, bola degan kattalarning gapini gapirmasligi kerak.

– Albatta! Maktabda shunaqa narsalarni oʻrgatmasa nimani oʻrgatadi? Quruq ilm bilan bola bola boʻlar ekanmi?

Hamroyev Sobiraxonning shikoyatlarini, gazetalarda oʻqigan, odamlardan eshitgan tarbiyaga doir gaplarni yozib qoʻyindaftarini toʻldirdi, keyin bularning hammasidan xulosa chiqardi:

– Men biron qogʻozga oʻqimasdan qoʻl qoʻysam, sen biron koʻylakning yoqasini qiyshiq qadab qoʻysang, ishga sovuqqonlik bilan qaraganimiz uchun javobgar boʻlamiz, nima uchun bola tarbiyasiga sovuqqonlik bilan qaragan oʻqituvchiga qonun yoʻq, qani, chaqir bu yoqqa Hamdamni!

Narigi uydan uvadasi chiqib ketgan yostiqni koʻtarib Hamdam chiqdi.

– Oʻtir bu yoqqa! Xoʻsh, sen nima uchun koʻcha bolalariga oʻxshab axloqsizlik qilasan!

Hamdam yostiqni kursiga qoʻyib ustiga oʻtirdi va onasiga qaradi.

– Nima qildim?

– Men soʻrayotibman, menga qara! Nima qilganingni bilmaysanmi? Nima uchun oying urganda… xayr, bu ham mayli. Nima uchun oyingni “aya” demay… yoʻq, nima uchun tomda turib, ayangga… umuman, tomlarda yurar emishsan, yer koʻtarmaydimi? Maktabda senga shuni taʼlim beradimi? Qani daftarlaring?

Hamdam ayasiga qaradi.

– Qachon men tomda yuribman?

– Yoʻq, tomni qoʻy, menga daftarlaringni koʻrsat! Bu yil oʻqish boshlangandan beri nechta “aʼlo” baho olding?

– Bitta ham… yomon baho olganim yoʻq. Mana…

Hamroyev daftarlarini varaqlay boshladi.

– Xoʻp, hozir koʻramiz… “yaxshi”… “oʻrta”… “oʻrta”… Qani “aʼlo”? Ruschadan nima uchun “yaxshi”?

– Aʼlo oʻqisam ham oʻqituvchimiz “yaxshi” qoʻyadi, “aʼlo”dan “yaxshi” yaxshi deydi.

– Ha-ha! Hali siz yolgʻon gapirishni ham bilasizmi?! Qani, beriroq kel, koʻzimga qara! “Yaxshi” yaxshi deydimi?

Hamdam yolgʻon gapirishning bunday oqibatini umrida birinchi koʻrishi edi, yigʻlab yubordi.

– Menga qara deyman! Kim oʻrgatdi senga yolgʻon gapirishni? Qaysi domlang?

Sobiraxon aralashdi:

– Qoʻying endi, minbaʼd yolgʻon gapirmaydi. Voy, tavba, ruschadan nega “yaxshi”, baloday gapiradi shekilli-ku!

Hamroyev Hamdamning qulogʻidan choʻzib, oʻziga qaratdi.

– Tagʻin yolgʻon gapirasanmi? Bundan keyin yolgʻon gapiradigan boʻlsang, bilib qoʻy, men oyingga oʻxshab ogʻrimaydigan qilib urmayman-a!.. Shu yolgʻon gapingdan keyin ruschadan “yaxshi” olganingga ham ishonmayman. Qani, xoʻsh, masalan, choynakning qopqogʻini ruscha nima deydi? Samovarning joʻmragini nima deydi?

Hamdam ikkovini ham bilmadi va yigʻlaganicha nariga uyga kirib ketdi. Hamroyev qoʻyindaftarini olib nimalarnidir oʻchirdi, yana
nimalarnidir yozdi.

– Yoʻq, – dedi daftarini choʻntagiga solib, – bu ishga jiddiy qarash kerak. Shunday boʻlgandan keyin majlisga jiddiy tayyorgarlik koʻrib borilmasa boʻlmaydi. Tarbiyaga doir kitob koʻp.

– Soat sakkiz boʻldi, – dedi Sobiraxon.

Hamroyev oʻylanib qoldi: borsa, albatta gapirishi kerak, gapirmaydigan boʻlsa borishning keragi yoʻq. Soʻzga chiqqanda gapni nimadan boshlaydi, nima toʻgʻrida gapiradi va qanday xulosa chiqaradi.

– Yoʻq, bu xilda borishdan foyda yoʻq, Turondot, – dedi, – bu safarcha siz boring. Men yanagi safar jiddiy tayyorlik koʻrib boraman.

– Qoʻysangiz-chi! Umrimda bormagan joyimga qanaqa qilib boraman. Mening borishimdan nima foyda?

– Foyda boʻlmasa ziyon ham yoʻq-ku!

Er-xotin foyda-ziyon toʻgʻrisida tortishib soatni sakkiz yarim qilishdi. Hamdam chiqdi.

– Nima qilib oʻtiribsizlar? Direktor juda tayinlagan edi, xatni topshirmagandirsan deb ertaga meni urishadi.

– Oying bormaydi, borishidan foyda ham yoʻq, men yanagi safar boraman.

– Mudir soʻrasa shunaqa deymanmi?

– Nega? Kap-katta boʻlib shunga ham vaj topolmaysanmi? Dadam ishdan kech keldi, oyim betob yotibdi degin!

Hamdam dadasiga qaraganicha uzoq turib qoldi. U ertaga xuddi shunday deydi.

 

Abdulla Qahhor

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube