Yusufbek hojining prototipi kim?

0
82
marta koʻrilgan.

Izzat Sultonning “Adabiyot nazariyasi” kitobini oʻqish davomida men uchun yangi maʼlumotga koʻzim tushdi. Gap Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romani qahramoni Yusufbek hojining prototipi haqida.

Adabiyotda biror badiiy obrazga asos qilib olingan real shaxs prototip deyiladi. Aslida, aksariyat obrazlarga u yoki bu darajada real shaxslar asos qilinadi, hech qursa nimadir jihat-xususiyat yozuvchi hayotda tanigan-bilgan kishilardan qahramon va personajlarga koʻchiriladi. Ayrim hollarda esa prototipdagi esda qolarli, ahamiyatli jihatlar badiiy obrazga toʻlasicha koʻchib oʻtadi, hatto baʼzan asar qahramonining prototipi kim ekani ham aniq-tiniq sezilib turadi.

Endi soʻzni Izzat Sulton domladan eshitamiz:

“XIX asrning 40-yillarida, yaʼni “Oʻtkan kunlar”da tasvir etilgan davrda Toshkentda Azizbekning zulmiga qarshi xalq qoʻzgʻoloni boʻlgan edi. Xuddi “Oʻtkan kunlar”da tasvirlanganidek, bu qoʻzgʻolonning sababi Toshkent hokimi Azizbekning aholiga birdaniga bir necha xil soliq solgani edi. Xalq qoʻzgʻolonining boshida bir shoyi toʻqish ishxonasining egasi – Mayusuf degan kosib turgan… Abdulla Qodiriy uchun shu Mayusuf tarjimai holi Yusufbek hoji obrazini yaratishga turtki boʻladi. Yozuvchi badiiy ijod qonunlariga binoan tarixiy shaxs va u bilan bogʻliq boʻlgan voqealarning koʻp tafsilotlarini saqlagan holda tamom yangi obraz yaratadi: Qodiriy tasvirida Yusufbek hoji kosib va ishxona egasi emas, balki Toshkent begi saroyida amaldor (maslahatchi)dir. Yusufbek hojining bu yuqori mavqei yozuvchiga uni katta siyosiy voqealar guvohi va ishtirokchisi qilib tasvirlashga imkon beradi. Xuddi tarixiy Mayusufdek Yusufbek hoji ham Toshkent aholisi orasida adolat va haqiqatparvarligi bilan mashhur”.

Albatta, badiiy asardagi obraz bilan prototip oʻrtasida farq boʻladi. Obrazga prototipda boʻlmagan baʼzi xususiyatlar qoʻshilishi yoki aksincha prototipda bor jihatlar unga “berilmasligi” mumkin. Bu yozuvchining maqsadiga bogʻliq.

Yuqoridagi maʼlumotni oʻqigach, Azizbek zulmiga qarshi koʻtarilgan qoʻzgʻolon haqida maʼlumot qidirdim. Bu – 1847 yilgi Toshkent qoʻzgʻoloni ekan. Qoʻqon xonining noibi Aziz parvonachi zulmiga qarshi boshlangan ushbu qoʻzgʻolonga urushlar natijasida boʻshab qolgan xazinani toʻldirish uchun Toshkent va unga tobe yerlar aholisidan qoʻshimcha 4 ming tilla soliq yigʻish toʻgʻrisidagi farmoyish sabab boʻlgan. Qoʻzgʻolon Toshkentning Parchabof va Sagʻbon mahallalarida ramazon oyining jumaga oʻtar kechasi boshlanib, soʻng boshqa mahallalarga tarqalgan, ommaviy tus olgan. Koʻchalar gʻovlar bilan toʻsilgan. Qoʻzgʻolonchilar qattiq qarshilik koʻrsatganlar, xonlik lashkarlari ularga toʻp va miltiqlardan oʻt ochganlar. Qoʻzgʻolonda hunarmandlar, mayda savdogarlar, kambagʻallar ishtirok etgan. Shoyi toʻqish ustaxonasining egasi Muhammad Yusufhoji (Mayusuf) qoʻzgʻolon rahbarlaridan biri boʻlgan. Qoʻzgʻolonchilar Aziz parvonachini hokimiyatdan chetlatish, ortiqcha soliqlarni bekor qilishga erishganlar. Toshkent shahri va uning atrofidagi yerlar aholisiga soliqlar borasida oʻtkazilgan jabr-zulmlar, bunga qarshi koʻtarilgan qoʻzgʻolonlar Muhammad Solih Toshkandiy (taxminan 1830 – Toshkent – 1890)ning “Tarixi jadidai Toshkand” asarida batafsil yoritilgan.

Abdulaziz Muhammadkarimov “Toshkentnoma” asarida Koʻkcha dahasining Sagʻbon mahallasi tarixiga toʻxtalar ekan, mavzumizga doir shunday maʼlumotlarni keltiradi:

«1847 yilgi Qoʻqon xonining noibi Aziz parvonachi zulmiga qarshi koʻtarilgan qoʻzgʻolon shu mahalladan boshlangan. Shoyi toʻqish ustaxonasining egasi Muhammad Yusuf hoji qoʻzgʻolonga rahbarlik qilgan. Abdulla Qodiriyning oʻgʻli Habibulla Qodiriy bilan Abulqosim madrasasi binosida boʻlib oʻtgan bir suhbatda, u: “… otam oʻzining “Oʻtkan kunlar” romanidagi Yusufbek hoji mana shu Muhammad Yusuf hoji timsolida yaratilganligini aytib oʻtgan edi”, deya eslagan edi».

Abdulla Qodiriy asar yozishda mavzuni puxta oʻrgangani, ayniqsa, ikki tarixiy romani uchun boy material toʻplagani, mayda detallargacha juda chuqur oʻylagani haqida manbalardan oʻqigandim. Margʻilon, Qoʻqon shaharlariga bir necha bor qatnagani, shahar koʻchalarini kezgani, hatto “Oʻtkan kunlar”dagi syujet jonli chiqishi uchun qabristonda tunagani ham material toʻplash jarayonining bir qismi boʻlgan. Mana shunday professional masʼuliyat bilan  yondashilgani, sinchkov nigoh bilan yozilgani adib asarlari, jumladan, “Oʻtkan kunlar” ohanrabosi ortishiga sabab boʻlgan boʻlsa, ne ajab.

 

Orif Tolib

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.