Asosan: vergul kerakmi yoki yoʻq?

0
129
marta koʻrilgan.

Eng koʻp uchraydigan xatolardan biri asosan soʻzi bilan vergul ishlatishda koʻzga tashlanadi. Oʻrni boʻlsa-boʻlmasa, vergul qoʻyib ketilaveradi. Oʻzi, vergul kerakmi? Kerak. Faqat bir holatda. Qolgan paytlarda vergul ortiqcha.

Asosan ravish boʻlib kelganda asos eʼtibori bilan, umuman olganda, koʻpincha degan maʼnolarni anglatadi. Bunda soʻz vergul talab qilmaydi:

 

Toʻgʻon uchastkasida yer ishi asosan bitdi.

A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari.

 

Respublikamizda koʻp bolali onalarning katta qismi asosan qishloqlarda yashaydi.

“Saodat”.

 

Asosan soʻzi koʻmakchi vazifasida kelganda sabab, asos munosabatini bildiradi va koʻra, binoan, muvofiq kabi soʻzlarga maʼnodosh boʻladi. Agar mana shu paytda u kirish birikma tarkibida kelsa, soʻzdan soʻng vergul qoʻyiladi:

 

Tuzilgan bitimga asosan, bu masala oʻzaro kelishuv bilan hal etilishi kerak.

 

Qonunga asosan, voyaga yetmagan bolalar mayda maishiy bitimlarni mustaqil tuza oladilar.

 

Yuqoridagi gaplarda vergul kirish birikma sababli qoʻyilyapti. Agar asosan soʻzi koʻra, binoan, muvofiq soʻzlariga maʼnodosh boʻlib kelsa-yu, kirish birikma tarkibida boʻlmasa, vergul qoʻyilmaydi:

 

Men buni tajribamga asosan aniqladim.

 

U berilgan maʼlumotlarga asosan natijalarni hisoblab chiqdi.

 

Topshiriqlarni qonunga asosan bajaringlar.

 

@oriftolib

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.