Atab qoʻyilgan nomlar qoʻshtirnoqqa olinadi

0
21
marta koʻrilgan.

Muassasa, tashkilot, inshoot kabilarning nomini qoʻshtirnoqqa olish-olmaslik masalasida ikkilanishlar, chalkashliklar koʻp uchraydi. Bir oʻrinda “Mir Arab” madrasasi deb yozilsa, boshqa bir joyda Mir Arab madrasasi deb yozib ketilaveradi. Aslida qay biri toʻgʻri?

Punktuatsiya qoidalariga koʻra, korxona, tashkilot, muassasa, idoralarning atab qoʻyilgan nomlari, yaʼni shartli nomlari qoʻshtirnoqqa olinadi. Masalan: “Koʻksaroy” qarorgohi, “Yoshlar” telekanali, “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi.

Bir tarixiy yodgorlik nomida joy yoki shaxs oti ishlatilgan boʻlsa, u odatda shartli nom deb hisoblanmaydi va qoʻshtirnoq ishlatilmaydi: Xudoyorxon oʻrdasi, Olloqulixon madrasasi, Nurullaboy saroyi, Buxoro arki, Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi, Oybek uy-muzeyi.

Shartli nomi yoʻq boʻlgan tashkilotlar nomi qoʻshtirnoqsiz yoziladi: Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Respublika teleradiomarkazi, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi poliklinikasi, Qishloq xoʻjaligini standartlashtirish markazi.

❗️ Biroq tashkiliy-huquqiy shakli koʻrsatiladigan boʻlsa, shartli nomi boʻlmagan tashkilotlarning nomi ham qoʻshtirnoqqa olinadi:

“Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi” davlat unitar korxonasi, “Respublika teleradiomarkazi” davlat unitar korxonasi, “Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi poliklinikasi” davolash-profilaktika muassasasi, “Qishloq xoʻjaligini standartlashtirish markazi” davlat unitar korxonasi.

Tarixiy bino-inshootlar nomlari haqida punktuatsiya qoidalarida alohida tartib koʻrsatilmagani uchun tashkilot va idoralarga oid tartibga qiyosan xulosaga kelish mumkin. Koʻkaldosh va Mir Arab madrasalari nomi qoʻshtirnoqsiz yoziladi. Nega? Chunki bu shartli nom emas, shaxs otini anglatadi. Buxoro va Toshkentdagi Koʻkaldosh madrasalarini Buxoro xonining vaziri Qulbobo Koʻkaldosh qurdirgan. Buxorodagi Mir Arab madrasasini esa Buxoro xoni, mumtoz shoir Ubaydullaxon inʼom etgan mablagʻ hisobiga Shayx Abdulla qurgan. Madrasaga nomi berilgan Mir Arabning asl ismi Sayyid Abdulloh. U kishi naqshbandiya tariqatining atoqli namoyandalaridan biri boʻlgan.

Toshkentdagi Hastimom, yaʼni Hazrati Imom majmuasi imom Abu Bakr Qaffol Shoshiy sharafiga atalgan. Fikrimcha, majmua nomini qoʻshtirnoqsiz yozgan toʻgʻriroq. Bevosita shaxs nomi boʻlmasa-da, shaxsning laqabi yoki taxallusi ham ism oʻrnida, yozilish tarzi ism bilan bir xil.

Eʼtibor bergan boʻlsangiz, yuqoridagi majmua va yodgorliklar nomida tegishlilik maʼnosi bor. Koʻkaldosh madrasasi deganda bu madrasani Koʻkaldosh ismli shaxs qurdirgani, unga oidligi anglashiladi.

Toshkentda “Forobiy” degan qabriston bor. Bunda mozor nomini qoʻshtirnoqda bergan maʼqul. Chunki bu qabristonni Forobiy qurdirmagan, uning ochilishida bosh-qosh boʻlmagan, xullas, bu qabriston Forobiyga tegishli emas. Shu bois uni qoʻshtirnoqqa olish mantiqan toʻgʻri.

Milliy ensiklopediya “Moʻyi Muborak” madrasasi, “Goʻri Amir” maqbarasi kabi birikmalarni qoʻshtirnoqsiz ishlatgan. Umuman, kitobda madrasa, maqbara, yodgorlik nomlarida umuman qoʻshtirnoq qoʻllanmagan.

Punktuatsiya qoidalarida shu kabi holatlarga ham aniq-taniq javob berilishi kerak deb hisoblayman. Tarixiy bino-inshootlar nomida umuman qoʻshtirnoq ishlatmaslikni ham qabul qilish mumkin. Faqat qatʼiy qoida qilib belgilab qoʻyilsa boʻldi.

 

📌  Demak:

 

Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, “Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi” davlat unitar korxonasi, Mir Arab madrasasi, Nurullaboy saroyi, Hazrati Imom majmuasi, “Goʻri Amir” maqbarasi ✅

 

“Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi”, Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi davlat unitar korxonasi, “Mir Arab” madrasasi, “Nurullaboy” saroyi, “Hazrati Imom” majmuasi, Goʻri Amir maqbarasi ❌

 

Orif Tolib

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.