Boʻlim va boshqarmalar nomi bosh harf bilan yoziladimi yoki kichik?

0
143
marta koʻrilgan.

Imlo qoidalariga koʻra, davlatlarning, davlat oliy tashkilotlari va xalqaro tashkilotlarning nomidagi har bir soʻz bosh harf bilan boshlanadi, oliy darajada boʻlmagan tashkilotlar nomi tarkibidagi birinchi soʻzgina bosh harf bilan yoziladi:

1️⃣ Oʻzbekiston Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Misr Arab Respublikasi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon Tinchlik Kengashi.

2️⃣ Fanlar akademiyasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat xizmatlari agentligi.

Tashkilotlar ichidagi boʻlimlar qanday yozilishi kerak? Bu masalada aniq qoida yoʻq va shu sababli xilmaxilliklar, chalkashliklar koʻp uchraydi. Boʻlimlar nomi bir joyda bosh harf, boshqa joyda kichik, yana bir joyda qoʻshtirnoqda beriladi. Aslida qanday yozgan toʻgʻri? Bunga bor qoidalar va mantiq asosida javob topamiz.

 

Boʻlimlar nomi kichik harflarda yozilishi kerak. Nega?

1️⃣ Boʻlim nomi tashkilot nomi emas va atoqli ot hisoblanmaydi.

2️⃣ Imlo qoidalarida boʻlimlar nomi bosh harfda yozilishi koʻrsatilmagan.

 

Tashkilotlarning alohida nomga ega boʻlmagan va shu tashkilotga boʻysunuvchi boʻlimlari nomi kichik harflarda yozilishi kerak: shahar xalq taʼlimi boʻlimi, tuman markaziy poliklinikasi, kadrlar boʻlimi, marketing boʻlimi, axborot xizmati kabi.

Boshqarmalar, muassasalar, kengashlar, markazlar nomi-chi? Agar ularning alohida nomi boʻlmasa, kichik harf bilan, alohida nomi boʻlsa, bosh harf bilan yozilishi kerak. Oʻz nomi bor boshqarma yoki muassasa nomiga nisbatan imlo qoidalaridagi bosh harf bilan yozish toʻgʻrisidagi tartib amal qiladi. Chunki ular ham alohida nomli tashkilot sanaladi:

👉 viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi, viloyat ichki ishlar bosh boshqarmasi, shahar maktabgacha taʼlim boshqarmasi, viloyat davlat soliq boshqarmasi, tuman xalq deputatlari kengashi, universitet ilmiy kengashi, TTI qoshidagi akademik litsey.

👉 IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi, Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Respublika taʼlim markazi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi.

 

❗️ Eʼtibor bering: vazirlik va qoʻmitalarning nomi bilan bir xil ataluvchi boshqarmalar nomi kichik harflarda yoziladi. Yuqori turuvchi tashkilotdan farqli, alohida nomga ega boʻysunuvchi tashkilotlar nomi esa bosh harflarda berilishi kerak.

 

👉 Idora va tashkilotlar nomini yozishdagi xatolar

👉 Atab qoʻyilgan nomlar qoʻshtirnoqqa olinadi

 

Orif Tolib

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.