Boshlab: vergul kerakmi yoki yoʻq?

0
448
marta koʻrilgan.

-b, -ib bilan tugagan feʼllardan soʻng koʻpincha vergul qoʻyiladi, lekin har doim ham emas. Chalkashtiradigan holatlardan biri boshlab soʻzi bilan bogʻliq.

 

Boshlab soʻzidan keyin faqat bir oʻrinda vergul qoʻyiladi. Agar ikki va undan ortiq, ketma-ket harakat haqida gap ketsa:

 

U ishni boshlab, oxiriga yetkazmadi.

👉  Yaʼni u ishni boshladi, lekin oxiriga yetkazmadi. Jumlada ikkita harakat ifodalanyapti.

 

U gap boshlab, birdaniga toʻxtadi.

👉  Bu yerda ham ikkita, ketma-ket harakat bor.

 

Qolgan holatlarda vergul qoʻyilmaydi:

 

Bir lahzadan keyin Muyassarni boshlab orqaga qaytishdi.

👉  Bir paytdagi harakat. Ular Muyassar bilan birga qaytishdi.

 

Buni boshlab Otabek, undan keyin Oʻzbek oyim sezdi.

👉  Bu yerda boshlab soʻzi ravishga aylangan va eng oldin, hammadan oldin, dastlab soʻzilariga sinonim boʻlib kelyapti. Ravish odatda vergul talab qilmaydi. Demak, bu oʻrinda vergul ishlatish ortiqcha.

 

Bugundan boshlab shu tartibga amal qilaman.

👉  Boshlab soʻzi koʻmakchi vazifasida kelganda beri, buyon, eʼtiboran soʻzlariga maʼnodosh boʻladi. Undan oldingi soʻz esa chiqish kelishigi qoʻshimchasini oladi. Bu holatda ham vergul kerak emas.

 

Demak, vergul qoʻllanadigan bittagina holatni farqlab olsak boʻldi. Qolgan paytlarda soʻzni vergulsiz ishlataveramiz.

 

Orif Tolib

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.