-da yuklamasi va vergul

0
686
marta koʻrilgan.

-da yuklamasi jumlaga kuchaytiruv va taʼkid maʼnosini qoʻshadi. U soʻzdan chiziqcha bilan ajratib yoziladi. Ana shu yuklama bilan vergul qoʻllashda koʻp xato qilinadi.

Qachon vergul ishlatiladi?

Vergul ishlatishning 7 ta asosiy qoidasida ikki va undan ortiq yoki ketma-ket harakatni ifodalovchi feʼllar, birdan ortiq kesimlar orasiga vergul qoʻyilishi haqida aytgandim. Bu oʻrinda ham xuddi shu qoida ishlaydi:

 

U kitobni qoʻliga oldi-da, oʻqishga tushdi. Vaʼda bersa-da, bajarmadi.

 

Oʻzi doktorlar ham vahimachi boʻladi-da, sal narsaga kasalxona…

E.  Raimov, Ajab qishloq.

 

Bir nechta yoki ketma-ket harakat ifodalanmasa, vergul kerak emas:

 

Baxt bilan baxtsizlik yetaklashib yurarkan-da doim.

Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol.

 

Yuklama boshqa soʻz turkumlariga qoʻshilganda ham vergul ishlatilmaydi:

 

Bundan-da koʻproq oʻqi. Oydan-da goʻzal.

 

Lekin yuklama olgan soʻz uyushiq boʻlak tarkibida yoki undalma bilan kelsa verguldan foydalaniladi. Albatta, bu holatda vergul yuklama tufayli emas, uyushiq boʻlak va undalma sababli qoʻllanadi:

 

Oydan-da, kundan-da goʻzal. Mendan-da, sendan-da ishbilarmon.

 

Shunda ish tez bitadi-da, ogʻayni.

 

📌  Demak:

Shart oʻrnidan turdi-da, ketvordi. ✅

Darrov vahima qilasan-da, hali hech gap yoʻq-ku! ✅

Yosh bola-da u. ✅

 

Shart oʻrnidan turdida, ketvordi. ❌

Shart oʻrnidan turdi-da ketvordi. ❌

Darrov vahima qilasan-da hali hech gap yoʻq-ku! ❌  

Yosh bola-da, u. ❌

 

Orif Tolib

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.