Garchi: vergul kerakmi yoki yoʻq?

0
61
marta koʻrilgan.

Koʻp kuzatiladigan xatolardan biri garchi soʻzidan soʻng vergul ishlatishdir.

Garchi asli forscha boʻlib, agarchi soʻzining qisqa shaklidir. Bu bogʻlovchi ergash gapdagi ish-harakatning bosh gapdagi ish-harakat amalga oshishiga toʻsiq boʻla olmasligini taʼkidlash uchun xizmat qiladi:

 

Shayxzoda domla, garchi meni oʻqitmagan boʻl­­­­­­­­­­­­­­­­­sa ham, men oʻqigan institutda dars berardi.

Shukrullo, Javohirlar sandigʻi.

 

Mehmon­­lar, garchi bunday vaqtda kishiga hech qanday soʻz tasalli bera olmasligini bilishsa ham, kampirga tasalli bergan boʻlib qoʻzgʻalishdi.

A. Qahhor, Asror bobo.

 

Yuqoridagi jumlalarda garchi soʻzi qatnashgan qism kirish gap boʻlib kelyapti va ikki tomondan vergul bilan ajratilyapti. Kirish gap hisoblanmagan oʻrinlarda garchi soʻzidan oldin vergul qoʻyilmaydi:

 

U garchi bundan xabardor boʻlsa ham, oʻzini bilmaganga soldi.

 

Gap boshida kelganda esa umuman vergulsiz ishlatiladi:

 

Garchi soʻzimga tushunmasa-da, bosh irgʻab qoʻydi.

 

Garchi soʻzi gap boshida yoki ichida kelishidan qatʼi nazar, oʻzidan keyin vergul talab qilmaydi.

 

📌  Demak:

 

Garchi foydaligini bilsa-da, bu ishga qoʻl urmadi ✅

Garchi, foydaligini bilsa-da, bu ishga qoʻl urmadi ❌

 

Umarjon, garchi haqligini bilsa-da, ortiq tortishmadi. ✅

Umarjon garchi haqligini bilsa-da, ortiq tortishmadi. ✅

 

Umarjon garchi, haqligini bilsa-da, ortiq tortishmadi. ❌

Umarjon, garchi, haqligini bilsa-da, ortiq tortishmadi. ❌

 

Orif Tolib

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.