Imlodagi qiyinchiliklar: esa

0
758
marta koʻrilgan.

Musahhih va muharrirlarni oʻylantiradigan, chalkashtiradigan holatlardan biri – esa soʻzidan keyin vergul qoʻyish yoki qoʻymaslik masalasi. Chunki u baʼzida vergul talab qiladi, baʼzida esa – yoʻq.

 

🔍 Xoʻsh, qachon vergul qoʻyiladi?

  1. Esa bogʻlama vazifasini bajarsa va boʻlsa maʼnosini anglatsa. Bu tarzda kam qoʻllanadi, koʻpincha unga -da yuklamasi qoʻshiladi:

 

Burni bir oz beoʻxshovroq esa-da, lekin uning umuman yuz bichimi kelishgan edi.

Oybek, Tanlangan asarlar.

 

U [Otabek].. umrlikka Margʻilon bilan vidolashmoqchi esa-da, boshqa bir kimsa uning koʻz oʻngida koʻringandek va begona, rahmsiz bir yigitning quchogʻidan qutulish uchun undan imdod soʻragandek boʻlar edi.

  1. Qodiriy, Oʻtgan kunlar.

 

  1. Unday boʻlsa, u holda maʼnolarini ifoda etsa. Odatda bu maʼnoda shevada ishlatiladi:

 

Esa, Oqqiz, borib sen ham koʻrib kel-chi.

“Ravshan”.

 

Choyxonachi yuziga fotiha tortib nasihat qildi:

Esa, bundayin oʻtirma

S. Siyoev, Yorugʻlik.

 

🔍 Qachon vergul kerak emas?

Esa shaxs, narsa, hodisalar ketma-ketligida ularni boshqalariga nisbatlab, ajratib qayd etsa:

 

Men esa uni ovuntirishga, yupatishga urinardim.

“Guldasta”.

 

Qirqinchi yillardan keyin esa umuman geologlar bormagan.

S. Karomatov, Oltin qum.

 

Misrda roʻy bergan mana bu voqea esa hammasidan oshib tushadi.

“Fan va turmush”.

 

Undan narida esa “ustod” Mirsalimov chala boʻgʻizlangan qoʻydek pixillab xurrak otardi.

“Guldasta”.

 

Orif Tolib

tayyorladi.

 

Misollar izohli lugʻatdan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.