Imlodagi qiyinchiliklar: koʻra

0
842
marta koʻrilgan.

Koʻra koʻmakchisidan keyin vergul qoʻyish-qoʻymaslikda koʻp xato qilinadi. Hatto muharrir va musahhihlar ham chalkashliklarga, qiyinchiliklarga duch keladi. Bu soʻz vergul talab qiladigan bitta holat bor, xolos. Shuni bilib olish kerak.

Koʻra qiyos, taqqoslash munosabatini bildirgan; nisbatan, qaraganda maʼnolarini anglatgan holatlarda vergul ishlatilmaydi:

 

Masala u oʻylaganidan koʻra chuqurroq koʻrinardi.

F. Musajonov, Himmat.

 

Meʼmor hatto oʻz oʻgʻli Nizomiddindan koʻra ham Zavrakning gaplariga ishonardi.

Mirmuhsin, Meʼmor.

 

Yuqoridagi kabi oʻrinlarda koʻradan oldingi soʻz chiqish kelishigida (-dan) boʻladi.

 

? Koʻra asosan, muvofiq, binoan soʻzlariga maʼnodosh boʻlib kelgandagina vergul qoʻyiladi. Bunday holatlarda u kirish birikma tarkibida boʻladi:

 

Tuzilgan bitimga koʻra, Abdulatif Samar­qandga yuborildi.

Mirmuhsin, Meʼmor.

 

Maʼlumotlarga koʻra, oʻsmirlar olamidagi jinoyatning 70 foizi aynan shu badmastlik oqibati ekan.

T. Malik.

 

Kirish soʻz va kirish birikmalar soʻzlovchining bayon qilinayotgan fikrga munosabatini, fikrning umumiy bahosini, kimga karashli ekanini ifodalaydi. Birikma gap boshida oʻzidan soʻng, gap  oʻrtasida ikki tomonidan, gap soʻngida esa oʻzidan oldin vergul bilan ajratiladi. Koʻra soʻzi qatnashgan birikmalarda ham shu qoida amal qiladi:

 

Otam, oʻz kasbining taqozosiga koʻra, umrining koʻp qismini safarlarda oʻtkazgan odam.

Shukrullo, Javohirlar sandigʻi.

 

Sen bunga amal qilishing kerak, qoidaga koʻra.

 

❗️ Koʻra koʻmakchisi asosan, muvofiq, binoan maʼnolarida kelsa-yu, kirish birikma tarkibida boʻlmasa, kesimga bevosita bogʻlansa, vergul ishlatilmaydi:

 

Men buni tajribaga koʻra aniqladim.

 

Qoidaga koʻra oʻyin.

 

U natijalarni berilgan maʼlumotlarga koʻra hisoblab chiqdi.

 

Orif Tolib

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.