Mana: vergul kerakmi yoki yoʻq?

0
820
marta koʻrilgan.

Mana soʻzidan keyin vergul ishlatiladigan holatlar ham, ishlatilmaydigan holatlar ham bor. Bu masalani izohli lugʻat, hozirgi oʻzbek adabiy tili yoʻnalishidagi kitoblardan oʻrganib chiqdim. Topgan maʼlumotlarim asosida quyidagi xulosalar hosil boʻldi.

 

Vergul kerak:

 

  1. Mana soʻzi alohida taʼkidni bildirganda:

 

Mana, boshqarma plan boʻlimida uni rosa qizartirishdi.

S. Ahmad, Bosh ogʻrigʻi.

 

Mana, oxiri shu mavzuga ham yetib keldik.

 

  1. Mana soʻzida koʻrsatish maʼnosidan koʻra taʼkid maʼnosi koʻproq ifodalangan oʻrinlarda ham vergul qoʻyish mantiqan toʻgʻri boʻladi:

 

Mana, ikki oyning ichida yaydoq dala yuzi yam-yashil gʻoʻza nihollari bilan qoplandi. Gazetadan.

 

Mana, soʻragan kitobingizni olib keldim.

 

Vergul kerak emas:

 

  1. Soʻzlovchining qoʻlida yoki yaqinida turgan jonli yoki jonsiz predmetni, boʻlayotgan yoki boʻlib oʻtgan voqea, hodisani koʻrsatishda ishlatilganda:

 

Mana soʻragan kitobingiz.

 

Mana kechagi aytgan oʻrtogʻim.

 

Bu masalani mana sen yaxshi bilasan.

 

Qurilish ketayotgan joylar – mana men hozirgina aylanib ketdim – chang-toʻzonga botib ketibdi.

 

  1. Soʻz koʻrsatish olmoshlari oldida kelganda:

 

Mana bu yerda katta maktab quriladi.

 

Olim mana shu masala yuzasidan maʼruza qilmoqchi.

 

  1. Undov gapda hayrat, kinoya, taajjub kabi maʼnolarni bildirganda:

 

Ana husnu mana malohat! Mana bamaʼnilik! Mana ilmu qobiliyat!

Mirmuhsin, Meʼmor.

 

Orif Tolib

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.