Qanday mutolaa qilish kerak?

0
534
marta koʻrilgan.

Koʻp oʻqishni istaymiz-u, lekin uning uddasidan hamisha ham chiqavermaymiz… Bu hayron qolarli holat emas. Chunki juda koʻpimiz mutolaa masalasida muammolarga duch kelamiz. Bunday damda mutaxassislarning tavsiyalarga quloq tutish foydadan xoli emas. Mutolaa koʻnikmasini puxta egallab olish kishiga umr boʻyi asqatadi. Buning uchun esa:

 

  1. Toʻgʻri talaffuz qilishni oʻrganing. Soʻz tovushlardan tashkil topadi. Birinchi oʻrinda alifbo harflari ifodalaydigan barcha tovushlarni toʻgʻri talaffuz qilishni oʻrganishingiz zarur. Baʼzi tovushlarning aytilishi qiyin boʻladi. Mashq qiling, oʻrganing. Hatto tovush chiqarmay oʻqiyotganda ham, ichingizda tovushlarni ovozsiz aytib turasiz. Agar biror tovush talaffuzida qiynalsangiz, oʻqishda ham mashaqqatga uchraysiz.
  2. Oʻqish uchun qiziqarli biror narsa toping. Bu badiiy kitob, gazeta-jurnal yoki internetdagi maqola boʻlishi mumkin. Oʻqiyotgan narsangiz siz uchun qiziqarli boʻlmasa, mazmuni koʻp oʻtmay yodingizdan koʻtariladi.
  3. Oʻqish uchun tinch joy kerak. Chunki diqqat jamlanmasa, kitobni koʻngildagidek oʻqiyolmaysiz, uning mazmunini ham toʻla-toʻkis anglolmaysiz. Mutolaa oldidan xotirjam boʻlish va chuqur nafas olish yaxshi foyda beradi.
  4. Agar matn surat va rasmlar bilan bezatilgan boʻlsa, oldin ularga eʼtibor bering. Shunda nima oʻqiyotganingizni, umumiy mazmunni yengilroq tushunasiz.
  5. Sabringiz yetguncha oʻqing. Zeriksangiz, charchasangiz yoki nafas rostlashga ehtiyoj sezsangiz, oʻsha zahotiyoq tanaffus qilib oling. Mutolaa sizga lazzat bagʻishlashi kerak. Oʻzingizni zoʻriqtirmang. Tanaffusdan soʻng toʻxtagan joyingizdan davom ettiring.
  6. Matnni qayta oʻqing. Agar biror xatboshi yoki sahifadagi fikrni, voqeani toʻla tushunmagan boʻlsangiz, yana qayta oʻqing. Bu tabiiy holat. Jahllanmang, erinmang. Chunki boshida biror jumla yoki fikrni yaxshi anglolmay qolsangiz, keyin u sizga qayta-qayta pand beraveradi. Ovoz chiqarib oʻqing. Bu ham anglashni osonlashtiradi. Shunda ham tushunishga qiynalsangiz, yaqinlaringizdan yordam soʻrang.
  7. Har bir sahifani sinchiklab, eʼtibor bilan oʻqing. Shoshmang. Baʼzi odamlar tez oʻqib ham yaxshi natijaga erishish mumkin deb oʻylaydi. Lekin aksariyat hollarda kutilgan maqsad hosil boʻlmaydi. Barmoqlaringizdan koʻrsatkich oʻrnida foydalanishingiz mumkin. Bu usul diqqatingizni jamlashga yordam beradi.
  8. Tushunarsiz soʻz, ibora va atamalar maʼnosini aniqlashtirib oling. Koʻpincha ularga kitobning oʻzida izohlar beriladi. Agar bunday tushuntirishlar boʻlmasa, lugʻatdan foydalaning. Maʼnosini yaxshi anglamasangiz, mutolaadan juda kam foyda topasiz.
  9. Diqqatni jamlang. Divanda chalqancha yotib kitob oʻqish tanangizni boʻshashtiradi, koʻp oʻtmay uxlab qolasiz. Yetarli darajadagi axborotni gavdani toʻgʻri tutib oʻqigandagina olishingiz mumkin. Masalan, stolga risoladagiday joylashib, oyoqlarni yerga qoʻyib mutolaaga kirishsangiz, eʼtiboringiz sezilarli darajada oshadi. Baʼzilar turib oʻqishni yoqtiradi, baʼzilar esa u yoqdan bu yoqqa yurgancha oʻqishni afzal biladi. Mutolaa nafaqat koʻngilga, balki tanaga ham zavq berishi kerak. Oʻzingizga maʼqul usulni tanlang.
  10. Kompyuter, planshet yoki telefon ekranidan oʻqiyotganda qoidalarga amal qiling. Siz turgan joy yoki xona yaxshi yoritilgan boʻlishi shart. Aks holda koʻzingizga jiddiy zarar yetkazasiz. Maxsus koʻzoynaklardan ham foydalanishingiz mumkin. Ular koʻzingizni tez toliqishdan asraydi. Matn shriftini kattartirib, oson koʻrinadigan qilib oling. Har yarim soatda koʻzga dam bering. Koʻzlaringizni koʻproq yumib-oching, mashqlar qildiring. Yotgan holatda oʻqimang.
  11. Oʻqishni davom ettiring. Boʻsh vaqtlaringizda iloji boricha koʻproq mutolaa qilish harakatida boʻling. Koʻp oʻqish nafaqat lugʻat boyligingizni, balki dunyoqarashingizni ham boyitadi. Odamlar sizga boshqacha koʻz bilan qaray boshlaydi.

 

Orifjon Madvaliyev tayyorladi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.