Adil va adl

0
2631
marta koʻrilgan.

Bu ikki soʻz paronim boʻlgani, talaffuzi yaqinligi sabab ularni qoʻllashda koʻp xato qilinadi. Shakli yaqin boʻlsa-da, maʼnosi bir-biridan keskin farq qiladi.

 

Adil soʻzi arabchadan, asliyatda teng, barobar maʼnolarini bildiradi. Oʻzbek tilida ikki xil maʼnoda qoʻllanadi:

 

1️⃣  Toʻgʻri, egilmagan, bukilmagan, tikka.

 

Qiz… boʻychan va sambitgul novdasiday adil edi. Oybek, Tanlangan asarlar.

 

2️⃣ Burilmagan, toʻppa-toʻgʻri.

 

Shahar toʻgʻri toʻrtburchakli koʻrinishda boʻlib, planning bosh oʻqi shaharning shimolidan janubiga qarab adil oʻtkazilgan.

T. Joʻrayev, Ulugʻ Xitoyda.

 

Adl soʻzi esa adolat, odillik maʼnolarini anglatadi. U ham arab tilidan kirgan, asliyatda ham shu maʼnoda:

 

Xalq bilan boʻlgusi muomalada qilichga emas, adl kuchiga suyanmoq… lozim.

Oybek, Navoiy.

 

📌 Demak,

Adil qomat, adil chiziq, adil odam, adil imorat, adillik ✅

Adl qomat, adl chiziq, adl odam, adl imorat, adllik ❌

 

Adlu insof, adlu adolat, adl kuchi ✅

Adilu insof, adilu adolat, adil kuchi ❌

 

Orif Tolib

 

📖 Izohli lugʻat asosida tayyorlandi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.