Asl va asil

0
6115
marta koʻrilgan.

Bu soʻzlarni koʻp yanglishtirib qoʻllaymiz. Sababi ularning talaffuzi bir-biriga yaqin va baʼzida oʻrni almashganda ham birikmadan maʼno chiqaveradi. Masalan, asl tilla va asil tilla. Nima farqi bor, qay biri toʻgʻri?

 

Asil soʻzi arabchadan, asliyatda naslli, zotli maʼnolarini anglatadi. Oʻzbek tilida esa quyidagi maʼnolarda qoʻllanadi:

 

Aʼlo sifatli, eng yaxshi; toza, sof (qalbaki, past emas).

 

Asil mol. Asil shoyi. Asil buyum.

 

Asil aynimas, aynisa ham chirimas.

Maqol.

 

Kep qoling, lalmi qovun, marmar tarvuz… sabzining asili.

Gazetadan.

 

Koʻchma maʼnoda yaxshi xislatlarga, fazilatlarga ega boʻlgan; olijanob, bebaho; sof, pok maʼnolarini anglatadi.

 

Asil odam. Asil farzand.

 

Dadavoy aka kabi odamlar bizga kerakli odamlar. Xatolari, nuqsonlari koʻp boʻlsa ham, yuragi asil krinadi.

Uygʻun, Navbahor.

 

Asil tosh birikmasi laʼl, zumrad, brilliant kabi qimmatbaho toshlarni ifodalaydi.

 

Asl soʻzi ham arabchadan kirgan, asliyatda kelib chiqish maʼnosini bildiradi. Oʻzbek tilida quyidagi maʼnolarda qoʻllanadi:

 

Kelib chiqishi, kelib chiqish eʼtibori bilan qarashliligi; nasli, tagi.

 

Madaminning asli kimligini, Tojiboy uni qachondan tanishini surishtirdi.

P. Tursun, Oʻqituvchi.

 

Kelib chiqqan (asos) joyi.

 

Asli toshkentlik.

Men ham dehqon bolasiman. Aslimiz Qudashdan.

A. Qahhor. Qoʻshchinor chiroqlari.

 

Yaratilishdagi, bosh, dastlabki.

 

Asl nusxa.

Bundan ikki yil avval xon saroyining ichki binolari taʼmirlanib, asl holiga qaytarilgan edi.

Gazetadan.

 

Chin, chinakam, haqiqiy.

 

Asl muddao. Asl nom.

 

Otabek, uyalmay, tortinmay javob beringiz, bu gal Toshkentdan chiqishingizdagi asl maqsadingiz nima edi?

A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar.

 

📌 Xoʻsh, asil tilla toʻgʻrimi yoki asl tilla? Asil tilla – sof, toza, boshqa metal aralashtirilmagan tilla degan maʼnoni anglatadi. Asl tilla esa haqiqiy tilla maʼnosiga ega. Soflik maʼnosi nazarda tutilganda asil soʻzini ishlatish kerak. Maʼnosiz ibora yuzaga kelmayotgani uchun bu oʻrinda asl soʻzini ishlatish ham xato emas. Lekin baʼzi oʻrinlarda maʼno farqlanadi va bu ikki soʻzni almashlab qoʻllash xatoga olib keladi.

Masalan:

 

Asl maqsad  ✅

Asil maqsad ❌

 

Chunki asl maqsad – chin, haqiqiy maqsad. Asil maqsad esa sof, boshqa narsa aralashtirilmagan maqsad boʻlib qoʻladi va bu xato.

Asil soʻzi asosan narsa-buyumlarni, moddiylikni bildiruvchi soʻzlar bilan ishlatiladi. Uni maqsad, niyat, haqiqat, daraja kabi soʻzlarga nisbatan qoʻllash xatodir.

 

Orif Tolib

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.