Bir chaqirim qanchaga teng?

0
2563
marta koʻrilgan.

Chaqirim turkiy soʻz, chaqirmoq feʼlidan yasalgan. Albatta, bunda yon atrofning tinch-osudaligi ham ahamiyatga ega. Hozir shahar sharoitida ovozingiz besh yuz metrga ham yetib bormasligi mumkin. Chaqirim ochiq dala sharoitida kishining tovushini ikkinchi sherigi eshita olishi mumkin boʻlgan masofadir.

Chaqirim katta masofalarni oʻlchash uchun Oʻrta Osiyoda qadimdan qoʻllab kelingan. Milliy ensiklopediyada yozilishicha, qiymati 1200 qadamga teng. Agar bir qadam oʻrtacha 0,75 m ekani hisobga olinsa, unda 1 chaqirim 0,9 km ga teng boʻladi.

Biroq XIX oxiridan boshlab chop etilgan adabiyotlarda 1 chaqirim 1500 gaz ga teng ekani haqida maʼlumotlar uchraydi. Bunda 1 gazning 0,71-0,72 m ekani hisobga olinsa, 1 chaqirim 1,065 yoki 1,08 km ga teng.

Chor Rossiyasining 1894 yilda rus oʻlchov birligiga oʻtishi toʻgʻrisidagi koʻrsatmasi chiqqan davrgacha 1 chaqirim 0,9 km ga, undan keyin esa 1 chaqirim 1,06 yoki1,08 km ga teng boʻlgan. Hozir 1 chaqirim deganda 1 km tushuniladi.

1990 yilgi ensiklopedik lugʻatga koʻra, 1 chaqirim 500 sarjinga, yaʼni 1,0668 km ga teng.

Baʼzi manbalarda 1 chaqirim 1006 metr deb berilgan. Bu 1,006 km ga teng. Shu maʼlumotga tayanilsa, u kilometr bilan deyarli bir xil uzunlikni anglatadi.

Izohli lugʻatda esa chaqirim 1,06 km ga teng deb berilgan.

Mening xulosam esa shu: 1 chaqirim 1 kilometr atrofidagi masofaga teng. Uni badiiy asarlarda, badiiy-publitsistik maqolalarda kilometr oʻrnida bemalol qoʻllash mumkin.

 

Orif Tolib

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.