Chiroyli koʻzlar va kirpi

0
1190
marta koʻrilgan.

Tipratikan shevada kirpi va kirpitikan ham deyiladi. Bu jonivor tanasining orqa va yon tomonlari tikanlar bilan qoplangan. Biror xavf sezganda boshi va oyoqlarini yigʻib, gʻujanak boʻlib oladi, yum-yumaloq tikanga aylanadi. Himoyaga muhtoj aʼzolarini ignalari orqali qoʻriqlaydi. Unga tipratikan deb nom berilganining sababi ham shu.

Xoʻsh, kirpi soʻzi nimani anglatadi? Bu sutemizuvchiga nega kirpi deb nom berilgan?

Kirpi soʻzi ham tikan maʼnosida. Soʻz tarkibidagi kir shunga dalolat qiladi. Tikan – oʻsimliklarning, shuningdek, baʼzi hayvonlarning ingichka uchli, ninasimon aʼzosi. Uning eng asosiy belgisi inson tanasiga oson kirishi va azoblashi.

“Devonu lugʻatit turk”da kirpi soʻzini uchratamiz. U tipratikan deya izohlanib, tipratikanning juda katta xili oʻqlugʻ kirpi deyilishi keltirilgan. Demak, kirpi soʻzi tipratikandan ham qadimiyroq.

Endi sarlavhadagi ishoraga kelsak. Chiroyli koʻzlar bilan kirpining nima aloqasi bor?

Chiroyli koʻzlarning ikkita asosiy belgisi boʻladi: birinchisi – goʻzal va maʼnoli qorachiq, ikkinchisi – kiprik.

Kiprik soʻzini Mahmud Koshgʻariy kirpik shaklida keltiradi. Aslida, kiprik dastlab shunday shaklda boʻlgan, keyinchalik fonetik oʻzgarishga uchragan. Yogʻmur yomgʻirga aylangani kabi kirpik kiprikka doʻngan.

Xoʻsh, nega kirpik deb atalgan? Bu aʼzo ham xuddi tikanga oʻxshash boʻlgani uchun unga kirpik deb nom berilgan.

Sheʼriyatda yor kiprigi oshiq yuragiga tikandek sanchilishi tashbehi ishlatiladi. Demak, bu oʻxshatish shunchaki muqoyasa emas, uning lugʻaviy asoslari ham bor.

 

Orif Tolib

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.