Daqqiyunusdan qolgan

0
967
marta koʻrilgan.

Daqqiyunusdan yoki daqyonusdan qolgan iborasi tilimizda eskidan qolgan, qadimiy, juda ham eskirib ketgan maʼnolarida qoʻllanadi. Iboraning kelib chiqishi qadimgi Rim imperatori Diokletian ( lotincha Diocletianus)ga borib taqaladi. Milodiy 284-305 yillarda hukmronlik qilgan bu imperatorni Sharq xalqlari shunday atagan.

Xoʻsh, nega aynan Diokletian? Eskilik maʼnosi bilan uning qanday aloqasi bor?

Milliy ensiklopediyaga koʻra, VII-VIII asrlargacha boʻlgan davrdagi shahar xarobalari, tangalar va boshqalarning qadimiyligini anglatish uchun “Daqyonusdan qolgan” iborasi ishlatilgan.

Qullar avlodidan boʻlgan Diokl (lotincha Dioclus) oddiy askarlikdan imperatorlik darajasiga yetib borgan. Taxtga chiqqach, ismini Diokletianga oʻzgartirgan.

Qattiqqoʻlligi bilan shuhrat qozongan bu hukmdor umrining asosiy qismini urushlarda oʻtkazadi. Fors davlati bilan munosabatlarni tartibga solish uchun chegarada – Suriya hududlarida janglar qilgan va badaviylarni yengadi.

Keyinroq Misrni sakkiz oylik qamaldan keyin egallaydi va oltin-kumush yasashga oid eski kitoblarni yoʻq qilishni buyuradi. Bu bilan u misrliklarning boylik manbaini va manmanligini yoʻqotmoqchi boʻladi.

303 yili Diokletian nasroniylarni quvgʻin qiladi, cherkovlarni yopish va kitoblarni yoʻq qilishga farmon beradi. Maʼlumotlarga koʻra, hozirgi kungacha xarobalari saqlangan Diokletian hammomini oʻlimga hukm qilingan nasroniylar qurgan.

Yigirma yillik yurishlardan soʻng Rimga qaytib kelgan imperator yaxshi kutib olinmaydi. Oʻziga qattiq bino qoʻygan, huzuriga kelganlardan yuztuban yiqilishlarini talab qilgan, fuqarolari oldida oʻzini Xudoday tutadigan imperator bu yoqimsiz munosabatdan soʻng Nikomediyadagi sevimli qarorgohiga yoʻl oladi. Yoʻlda xastanalanadi va yaqinlarining maslahati bilan taxtdan voz kechadi.

Diokletian umrining qolgan qismini vatani Illiriada, Salona qoʻrgʻonida yolgʻizlikda oʻtkazadi. Umrining soʻnggida ogʻir xastaliklarga chalinadi, yangi hukmdorlardan qoʻpol munosabat koʻradi. Surunkali kasalliklar, ochlik va iztiroblar iskanjasida 311 yili vafot etadi.

Menimcha, daqqiyunusdan qolgan iborasi paydo boʻlishiga Diokletianning urushlari hosil qilgan xarobalar, vayronagarchiliklar sabab. Keyinchalik iboraning maʼnosi toraygan.

 

Orif Tolib

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.