“Juftakni rostladi”: juftak nima?

0
747
marta koʻrilgan.

Tilimizda juftakni rostlamoq, juftakni urmoq va baʼzan juftak otmoq iboralari qoʻllanadi. Ular qochib qolmoq, orqa-oldiga qaramasdan qochmoq maʼnolarini anglatadi:

 

Omon menga qaradi, men “tagʻin bir balo boʻlib qoldi shekilli” deb allaqachon juftakni rostlagan edim.

Gʻ. Gʻulom, Shum bola.

 

Nemislarning uch tanki burqirab tutun chiqarib yona boshladi. Qolganlari juftakni rostladi.

T. Rustamov, Mangu jasorat.

 

Ibora tarkibidagi juftak soʻzi fors tilidan olingan boʻlib, ikki oyoqlab tepish maʼnosini anglatadi. Forschada ot, mol kabi hayvonlarning keyingi ikki oyoq bilan tepishi, tepinishiga ham shu soʻz ishlatiladi.

❗️ Lekin tepki maʼnosidagi juftak soʻzi oʻzbek tilida mustaqil ishlatilmaydi. U faqat ibora tarkibida qoʻllanadi, xolos. Uning omonimi ham bor. Misgarlikda ishlatiladigan ombirsimon qisqich ham juftak deyiladi. Albatta, bu boshqa soʻz.

 

Orif Tolib

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.