Olimpiada va Olimpiya

0
317
marta koʻrilgan.

Bu katta sport musobaqasi nomi oʻzbek tilida ikki xil variantda ishlatiladi: Olimpiada oʻyinlari, Olimpiya oʻyinlari. Ikkalasi ham toʻgʻri. Izohli lugʻatda ikkala shakl toʻgʻriligi koʻrsatib oʻtilgan:

 

Olimpiada yoki Olimpiya oʻyinlari

  1. Yuno­nistonda umumxalq bayrami va muso­baqalari: ikki gʻildirakli aravada tez yurish, beshkurash, mushtlashish musobaqalari, san­ʼat tanlovi.
  2. Yunonistonning Olim­piada oʻyinlarini eslatuvchi jahon sport musobaqalari.

 

❗️ Eʼtibor bering:

 

👉  Olimpiada soʻzi oʻquvchilar, talabalarning biror fan yoki sanʼat sohasi boʻyicha musobaqasi, bi­lim­larini sinash boʻyicha tanlovga nisbatan ham ishlatiladi. Bunday musobaqaga nisbatan Olimpiya soʻzini ishlatib boʻlmaydi.

👉  Olimpiada soʻzi mustaqil ravishda qoʻllanishi mumkin. U yakka holda sport musobaqalarini ham, fan bellashuvlarini ham ifodalay oladi:

 

Tokioda Olimpiada davom etyapti.

 

Lekin Olimpiya soʻzini musobaqa maʼnosida yakka qoʻllab boʻlmaydi:

 

Tokioda Olimpiya davom etyapti.

 

Olimpiya soʻzi sportga oid maʼno anglatganda doim qoʻshimcha soʻzlar bilan keladi: Olimpiya oʻyinlari, Olimpiya xartiyasi, Xalqaro olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston milliy olimpiya qoʻmitasi, milliy olimpiya harakati, olimpiya sport turi, olimpiya muzeyi, Respublika olimpiya zaxiralari kolleji, olimpiya muzeyi kabi.

 

Yuqoridagi misolda Olimpiya oʻyinlari va Olimpiya xartiyasi iboralarida olimpiya soʻzi bosh harflar bilan yozilgan. Chunki birinchisida xalqaro musobaqa nazarda tutilgan boʻlsa, ikkinchisida xalqaro hujjat ifoda etilgan.

Olimpiya soʻzini tashkilotlar nomida bosh harf bilan yozish toʻgʻri emas. Nega?

  1. Chunki u musobaqa turini bildiryapti, atoqli ot emas.
  2. Imlo qoidalariga koʻra, tashkilotlar nomi tarkibidagi birinchi soʻz bosh harf bilan boshlanadi.

 

❗️  Bitta nozik joyi bor:

Xalqaro tashkilotlarning nomidagi har bir soʻz bosh harf bilan boshlanadi: Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon Tinchlik Kengashi. Xalqaro olimpiya qoʻmitasi xalqaro tashkilot boʻlsa-da, BMT kabi oliy darajali tashkilot emas. Uning faqat birinchi soʻzinigina bosh harf bilan yozgan afzal.

 

📌  Demak:

Olimpiada oʻyinlari, Olimpiya oʻyinlari, olimpiya gʻoyalari, olimpiya muzeyi ✅

olimpiada oʻyinlari, olimpiya oʻyinlari, Olimpiya gʻoyalari, Olimpiya muzeyi ❌

 

Orif Tolib

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.