Roʻyo va roʻyob

0
951
marta koʻrilgan.

Bu ikki soʻzning aytilishi bir-biriga yaqin boʻlsa-da, kelib chiqishi tamoman boshqa-boshqa.

Roʻyo arabcha soʻz boʻlib, asliyatda koʻrish; tush koʻrish, tushda koʻrilgan narsa maʼnolarini anglatadi. Oʻzbek tilida mavjud boʻlmagan narsa, hodisa maʼnosida keladi.

 

Agar aldamasa shu sovuq simlar,

Gar shul eshitganim boʻlmasa roʻyo,

Sen beshik emas­san, dorsan, tabiat,

Sen ona emassan, jal­lodsan, dunyo!

A. Oripov, Yurtim shamoli.

 

Bilmaysan: haq qayda, qaydadir roʻyo,

Qoqi­lib ketgandek boʻlaverasan

Kaft kabi tep-tekis joyda ham goʻyo.

Gazetadan.

 

Roʻyo soʻzi oʻzbek tilida ham tush maʼnosida qoʻllanishi mumkin. Bu soʻzning maʼnosini tushunmaslik yoki yanglish tushunish oqibatida xato jumlalar paydo boʻladi. Masalan, “Bu tushmi yoki roʻyo?” degan gap mazmunan xatodir. Jumla “Bu tushmi yo tush?” deganga oʻxshash mantiqsiz soʻroq hosil qiladi.

 

Roʻyob esa forschadan olingan, asliyatda suv yuzasi, sathi, maʼ­lum boʻlish, voqelanish maʼnolarini anglatadi. Oʻzbek tilida asosan roʻyobga chiqmoq iborasi tarkibida qoʻllanadi. Ushbu iboraning maʼnolari:

 

  1. Yuzaga chiqmoq, amalga oshmoq; ushalmoq.

 

…Jadidlarning ezgu niyatlari roʻyobga chiqib, ularning avlodlari musta­qil­likning gashtini surmoqdalar.

Gazeta­dan.

 

Turmushda kishining tuzgan rejalari ham­­ma vaqt ham roʻyobga chiqa bermas ekan. O. Yoqubov, Ikki muhabbat.

 

  1. Namoyon boʻlmoq, voqe­lanmoq.

Fikr til materiali bazasidagi­na roʻyobga chiqadi.

 

  1. Yuzaga chiqib, baxtli, farovon hayot­ga erishmoq, yorugʻlikka chiqmoq, erkin boʻl­moq.

 

Boyoqish ancha roʻyobga chiqib qoldi.

Oybek, O. v. shabadalar.

 

Oʻzbek tilida roʻya soʻzi ham uchraydi. U fors tilidan oʻtgan boʻlib, asliyatda ham, oʻzbekchada ham yuz, yuza, bet maʼnolarini anglatadi: hovli roʻyasi.

Oftob roʻya iborasi quyosh tushib, tegib turadi­gan joy yoki tomonni bildiradi.

 

Orif Tolib

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.