Sarxushmi yoki sarhush?

0
521
marta koʻrilgan.

Xush va hush soʻzlarining farqi, bu soʻzlarni yozishda baʼzan chalkashliklar paydo boʻlishi haqida yozgandim.

Sarxush soʻzi imlosida ham ikkilanishlar boʻlib turadi. Fors tilidan olingan bu soʻz oʻzbek tilida ikki xil maʼnoda ishlatiladi:

 

1️⃣ Kayfi bor, shirakayf; kayfli.

 

– Oyoqlarim ham qaltiray boshladi, koʻchada sarxush odamlarday borardim, – dedi Kamoliddin.

T. Jalolov, Oltin qafas.

 

2️⃣ Koʻchma maʼnoda: biror narsadan kuchli taʼsirlanib zavqlangan, kayf qilgan; oʻta baxtiyor; masrur.

 

Men sizni sevaman yalpizlar atri,

Qushchalarning sarxush sayrogʻi bilan.

X. Davron, Tungi bogʻlar.

 

Sarxush soʻzini sarhush deb yozish va buni toʻgʻri deb qabul qilish soʻzni asliyatga koʻra emas, oʻzbekchaga koʻra qismlarga boʻlishdan kelib chiqishi mumkin.

Yangish xulosa taxminan mana bunday: sar – bosh, hush – aql-hush, es maʼnosida. Sarxush odamning aql-hushi oʻzida boʻlmaydi, demak, sarhush deb yozish kerak.

Yoʻq, aslida bunday emas. Sarxush sar va xush soʻzlaridan, boshida gʻam yoʻq, hammasi xush, hammasi yaxshi degan maʼnoda. Toʻgʻri, soʻz bundan farqliroq mazmunda ishlatiladi. Lekin u fors tilida ayni shu shaklda yasalgan. Sarxush asliyatda shirakayf; kayfi chogʻ, xursand; bezovta, joʻshqin kabi maʼnolarni anglatadi.

 

📌 Demak:

Sarxush ✅

Sarhush ❌

 

Orif Tolib

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.