“Shofirkon” soʻzining maʼnosi nima?

0
1465
marta koʻrilgan.

Etimologiya – qiziq fan. Bir soʻz yoki atamaning maʼnosi, kelib chiqishi umuman siz kutmagan joyga borib taqalishi mumkin.

Shofirkon – Buxoro viloyatidagi shahar va tuman nomi. Soʻzning tarixini yaxshi bilmagan kishi shofirkon – shofyorkon – shofyorlar koʻp joy deganga oʻxshash etimologiya toʻqishi ham mumkin 😄. Aslida-chi?

Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida yozilishicha, shahar nomi Shopurkom, yaʼni Shopur qazdirgan ariq (kanal) soʻzlaridan kelib chiqqan. Keyinroq ariq yonida vujudga kelgan qalʼa ham Shopurkom deb atalgan.

Suyun Qorayevning “Toponimika” kitobida yozilishicha, Eron shahzodasi Shopur buxorxudotdan, yaʼni Buxoro hokimidan yer olib, qasr qurgan va Vardona qishlogʻini barpo qilib, ariq qazib keltirgan. Shopurkom – “Shopur arigʻi” demak.

Shopur ismi oʻz navbatida ikki soʻzdan iborat: shoh va pur – oʻgʻil, shahzoda.

Kom atamasi qadimdan Buxoro atrofida isteʼmolda boʻlgan va hozir ham anchagina geografik nomlar tarkibida uchraydi: Komi Zar, Komi Akka (Zarafshonning bir nomi), Haramkom va hokazo.

Demak, Shofirkonning asl maʼnosi Shopur arigʻidir.

 

Orif Tolib

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.