Sunbul va sumbul

0
1121
marta koʻrilgan.

Sunbul arab tilidan kirgan, asliyatda boshoq maʼnosini anglatadi. Oʻzbek tilida piyozgullilar oilasiga mansub, lola bargiga oʻxshash uzun bargli oʻtsimon manzarali oʻsimlik va uning gʻuj boʻlib ochiladigan xushbuy, chiroyli gulini bildiradi:

 

Sen chindan ham goʻzalsan,

Lablaring ol, qirmizi…

Sochlaringga sunbul band,

Koʻzlaring – tong yulduzi.

A. Oripov, Yillar armoni.

 

Suv sunbul(i) esa boshqa oʻsimlikni anglatadi. U sochdek uzun-uzun poyali va juda nozik bargli paporotnikdir. Adabiyotda ayollarning sochi sunbulga oʻxshatilganda ana shu suv sunbuli nazarda tutiladi.

Suv sunbulining bir necha turlari bor. U tuvakka ekilib, uy sharoitida ham yetishtirilishi mumkin.

Eʼtibor bergan boʻlsangiz, yuqoridagi sheʼrda soch sunbulga oʻxshatilmayapti, sochga sunbul guli qadalgani haqida gap ketyapti. U yerda sunbul soʻzi gulni anglatyapti.

 

Sumbul soʻzi sunbulning soʻzlashuv tilidagi variantidir. U lugʻatlarga kirgan va xalq tilida, badiiy tilda keng qoʻllanadi:

 

Shoʻr yerda sumbul unmas.

Maqol.

 

Sumbul soch iborasi sunbul kabi uzun va chiroyli soch maʼnosini ifodalaydi. Bu ibora sochni suvda oʻsadigan sunbulga, paporotnik oʻsimligiga oʻxshatish natijasida yasalgan:

 

Sumbul sochlari taqimiga tushgan goʻzal bir qiz.

 

📌  Demak:

Sunbul, sumbul

 

Orif Tolib

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.