Tashriflar va ularning bir-biridan farqi

0
1394
marta koʻrilgan.

Davlatning yuqori martabali shaxslari tashrifi bilan bogʻliq maʼlumotlarni na milliy ensiklopediyadan, na izohli lugʻatdan topa oldim. Hatto yuridik ensiklopediyada ham yoʻq ekan. Chet tilidagi manbalardan topib, oʻrganganlarim boʻyicha maʼlumot berishga harakat qilaman.

Xorijiy martabali mehmonlarni kutib olish protokoli umum qabul qilingan normalarga ega.

Amaliyotda tashriflarning quyidagi turlari uchraydi:

  1. Davlat tashrifi.
  2. Rasmiy tashrif.
  3. Amaliy tashrif.
  4. Norasmiy tashrif.
  5. Yoʻl-yoʻlakay tashrif.
  6. “Galstuklarsiz” uchrashuv.
  7. Davlat va jamoat namoyandalari yoki delegatsiyaning tadbirlarga tashrifi.

 

Yuqorida sanalgan har bir tashrif oʻziga xos xususiyatlarga ega.

 

Davlat tashrifi – davlat rahbarlarining eng yuqori darajadagi tashrifi. Tadbirlar protokoli va kutib olish marosimlari soni jihatidan eng toʻliq tashrif turi. Delegatsiya tarkibi odatda cheklanmaydi. Xavfsizlik, joylashuv, ovqatlanish, xizmat koʻrsatish va mehmonlarni kuzatib boruvchilar oldindan kelishiladi. Tantanali kutib olish marosimlariga katta eʼtibor qaratiladi. Bunday marosimlar orqali ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlar qay darajada ekaniga urgʻu beriladi.

Protokolda uchrashuvlarning vaqti va joyi, qatnashuvchilar qatʼiy belgilab qoʻyiladi. Mehmon yoki uning turmush oʻrtogʻi istagiga koʻra, diqqatga sazovor joylarga sayohat ham uyushtirilishi mumkin.

Davlat tashrifini faqat davlat rahbarlari amalga oshiradi.

 

Rasmiy tashrif – xorijiy delegatsiyalar va rasmiy mehmonlarni kutib olishning yuqori darajali turlaridan biri.

Davlat rahbarining bir davlatga ikkinchi yoki undan keyingi yuqori darajadagi tashrifi ham shunday ataladi. Rasmiy tashrifda davlat tashrifidagi kabi tadbirlar oʻtkaziladi, biroq tantanalar va kutib olish-kuzatish bilan bogʻliq marosimlar nisbatan kamtarroq boʻladi.

Rasmiy tashrif bilan Bosh vazir yoki tashqi ishlar vaziri rahbarligidagi delegatsiya ham kelishi mumkin.

 

Amaliy tashrif – davlat arbobi yoki delegatsiyaning muhokama, maslahatlashuv, xalqaro anjumanlarda va milliy koʻrgazmalarda qatnashish, xalqaro shartnomalarni imzolash uchun qiladigan tashrifi.

Amaliy tashrifda uchrashuv joyida davlat bayroqlari tikiladi, lekin faxriy qorovul saf tortmaydi. Mehmonlar sharafiga nonushta yoki tushlik tashkillashtiriladi. Odatda bunday tashrif 1,–1,5 kun davom etadi.

 

Norasmiy tashrif – davlat arboblarining jamoatchilik anjumanlari va yigʻilishlariga, koʻrgazmalar ochilishi, sport musobaqalari va tanlovlarda mehmon sifatida qatnashish, oʻz davlati elchisi huzuriga yoki turizm maqsadida kelishidir. Norasmiy tashriflarda odatda protokol boʻyicha oʻtkaziladigan tadbirlar boʻlmaydi.

 

Yoʻl-yoʻlakay tashrif – yuksak martabali mehmonning uchinchi mamlakatda yoʻl-yoʻlakay va qisqa vaqt boʻlishidir. Bunda kutib olish va kutish bilan bogʻliq turli tantanavor jihatlar minimum darajaga tushadi.

 

“Galstuklarsiz” uchrashuv – tantanali marosimlar minimum darajada boʻladi va har bir holat uchun alohida tartib belgilanadi.

“Galstuklarsiz” uchrashuv deganda har doim ham yuksak darajadagi tashriflar tushunilmaydi. Siyosatchi yoki ishbilarmonlarning uchrashuvi ham shunday atalishi mumkin. Sharti: koʻrishuv norasmiy sharoitlarda oʻtadi.

Davlat arboblari oʻrtasidagi “galstuklarsiz” uchrashuvlarda diplomatik protokol qoidalariga koʻp hollarda amal qilinmaydi.

 

Davlat va jamoat namoyandalari yoki delegatsiyaning tadbirlarga tashrifi norasmiy tashrif va “galstuklarsiz” uchrashuvga yaqin turadi. Koʻpincha bir xil xarakterga ega. Bunda mehmon yoki mehmonlar yuqori darajadagi xalqaro uchrashuvlar, yigʻilishlar, tantanali marosimlarda qatnashish yoki faxriy mehmon boʻlish uchun tashrif buyuradi.

 

Diplomatik amaliyotda ikki davlat rahbarining uchinchi “neytral” mamlakatda uchrashishi ham kuzatiladi. Bunga har xil omillar sabab boʻlishi mumkin. Lekin koʻpincha siyosiy motivlar tufayli uchinchi mamlakat tanlanadi.

 

Orif Tolib

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.